Mutolaa: Kapalak

Shahar har kungidek ulkan g‘ala-g‘ovur og‘ushida. Asabbuzar avtolar ko‘chalarni battar shovqin-suronga to‘ldirib yuborgan. Odamlar na g‘ala-g‘ovurlarga, na shovqinlarga aslo parvo qilmay, shoshgan-shoshgan. Shovqin allaqachon ularning kundalik hayotiga singib ketgan.

Ko‘chalar liq to‘la shovqin. Metrolar tirband. Militsionerning hushtagi, avtolarning chinqirig‘i bir zum tinmaydi. Baqir-chaqirdan odamlarning quloqlari qomatga kelgan. Asabiy, telba-teskari suhbatlar avj pardalarga ko‘tariladi:

– Yo‘l bersangiz-chi, angraymay!

– Muncha hovliqasiz?..

– He, og‘zingizni yuming.

– Siz ham og‘zingizga qarang.

– Og‘izdan oldin ko‘zga qarash kerak, galvars!

– Ko‘rib-ko‘rmaslikka oladi-ya.

– Hozir hamma shunaqa…

– Qulog‘iyam karga o‘xshaydi.

– Faqat meniki emas.

Yana avtolar faryodi. Baqir-chaqir avjida. Shahar shovqinga g‘arq bo‘lgan. Qaysidir ko‘chada vodoprovod quvuri yorilgan shekilli, buldozer hayqirib yer kovlayapti. Yana bir ko‘chada ola-tasir asfalt yotqizilyapti…

Tirband ko‘chadan tobut ko‘tarib borishyapti. «Bir tekis ko‘taringlar», degan shovqin eshitiladi. Musiqani vadavang qo‘yib, qiy-chuv qilib ketayotgan to‘y mashinalari tobut ko‘targanlarni quvib o‘tmoqchi…

Yo‘lak chetidagi turfa gullar qiyg‘os ochilib yotgan kichik gulzorda bir beozor kapalak ohista uchib yuribdi. U shovqinga ham, baqir-chaqirga ham parvo qilmay mayin qanot qoqadi. Zavqlanib uchadi. Ana, kapalak bir gulga qo‘nib, uning hididan mast bo‘lib, boshqa guldan zavq olish uchun yana qanot qoqdi. U guldan-gulga qo‘nib, ulardan bo‘sa olayotganga, gullar bilan sirlashayotganga o‘xshaydi… Uning shovqinzor bilan aslo ishi yo‘q…

Ona

Ona bedavo dardga yo‘liqdi. Davoning narxi baland edi…

Onaning besh farzandi bor edi. Ikki o‘g‘il va uch qiz. Ular uyli, joyli bo‘lib, bir-biriga suyanib yashashardi. Chunki ularning ham farzandlari bo‘lib, ro‘zg‘orlarini amallab tebratishardi. Otalari ikki yil burun qazo qilgan edi…

Farzandlar o‘zaro maslahatlashib qo‘llaridan kelgancha onalariga madad bo‘lish, biror-bir yordam berish uchun yig‘ildilar. Ona ularning hol-ahvolini ko‘rib, dardini doston qilmadi. «Do‘xtirlar tashxis qo‘yishda yanglishibdi, – dedi. So‘ng sekin shivirladi: – Men soppa-sog‘man, jonim bolalarim, hech narsani o‘ylamanglar, tashvish chekmanglar».

Bolalar asta boshlarini ko‘tarib, bir-birlariga «xayriyat» deganday yengil nafas oldilar.

Ona, sho‘rlik va mehribon ona bir haftadan so‘ng vafot etdi. Dono va oqila ona dardini o‘zi bilan olib ketdi.

Yaxshi xotin

– Muxtorjon, nima gap? Uyda janjal bo‘ldimi, deyman?

– Xotin bilan yana ozgina janjallashdik-da, oqsoqol.

– Janjal qildingmi yo kelinni urdingmi?

– Shu, tili chayon. Gap qaytarganida og‘zi yopilmaydi. Shunga urdim.

– Urganingda xotining ko‘chaga qochdimi yo uyga kirdimi?

– O‘zini darrov uyga urdi. Nimaydi?!.

– Gap qaytarish xotinlarga tekkan bedavo kasal. Endi xotinni urma, bola. Qaytib qo‘lingni tekkizma, kelin yaxshi xotin bo‘ladi.

Non va dori

U har kuni ishga boradi va horib-tolib qaytadi. Avval do‘konga kirib, uzoq saralab non xarid qiladi. So‘ng ko‘chaning narigi tomonidagi dorixonaga kirib, talashib-tortishib dori sotib oladi.

Avval mazza qilib non yeydi, so‘ng huzur qilib dori ichadi.

Uchta banan

U ishdan qaytishda uch nafar farzandiga goh uch dona banan, goh uch dona shokolad xarid qiladi. Ko‘proq banan, albatta. Bundan bolalar benihoya xursand bo‘lib, bananni olishlari bilan uyni boshlariga ko‘tarishadi:

– Dadam banan olib keldilar.

So‘ng qo‘llaridagi bananlarni po‘stidan ayirib, bir-birlariga maqtanib yeya boshlaydilar.

Bobo bilan buvi bir-birlariga sezdirmasdan qarab, tamshanib qo‘yadi. Ikkalasi ham beixtiyor «Men bolamga, bolam bolasiga», degan maqolni eslaydi…

Ashurali JO‘RAYEV.