Mutolaa: Kechikkan kechirim

Hikoya

Sabohat qiziquvchanligi tufayli qilgan bu ishi shu qadar vahima, hatto fojia bilan tugashini xayoliga keltirmagan edi.

...Ular - ikki dugona darsdan keyin Sabohatnikiga borib o‘tgan mavzularni takrorlashdi, ikkovi ham tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rishyapti. Shu orada kofe ichib olish uchun balkonga chiqishdi. Fursatdan foydalanib, ota-onasi bilan xorijga ketgan sobiq sinfdoshi Gulnoraga telefon qilishdi. Ularda ham darslar tugagan ekan, bemalol, yayrab gaplashishdi. Gulnora qadrdon maktabi, sinfdoshlari, mahallasini judayam sog‘inganini aytdi. Shunda Sabohat "mana, dugon, sog‘ingan bo‘lsang, bir ko‘rib, to‘yib ol", deb telefonida butun atrofni ko‘rsata boshladi, chunki ular ko‘pqavatli uyning yettinchi qavatida turishadi, atrof kaftdek ko‘rinadi, hatto maktabi ham. 

- Iye, dugon, qara, maktabimizda tutun ko‘rinyaptimi? 

- Qani, qayerda? 

Qizlar sinchiklab qarashsa, maktab binosi orqasidan buralib qora tutun chiqyapti. 

-  Voy o‘lmasam, ha, yong‘inga o‘xshaydi, lekin maktabimizda emas. 

Maktab ortida istirohat bog‘i, bolalar bog‘chasi, bitta oshxona, kitob do‘koni bor. Ishtiyoqmand yosh qizlarga esa uning ahamiyati yo‘q, tutunning osmonga ko‘tarilishi, atrofga badbo‘y hid tarqalishiga qiziqishdi, hatto o‘t o‘chirish mashinasi kelganini ham dugonasiga rosa aylantirib ko‘rsatishdi. 

...Ular Gulnora bilan xayrlashib, yana kitob o‘qishga, mavzularni o‘rganishga kirishdilar, ertasiga odatdagidek darsga bordilar. Qarashsa, bolalar og‘zida ham kechagi yong‘in masalasi. Ma’lum bo‘lishicha, qorovuli tushmagur bolalar bog‘chasi hovlisiga yarmi ko‘mib qo‘yilgan mashina shinasi ilma-teshik bo‘lib eskirgani uchun chiqarib tashlashga erinib, uni yoqqan. Kimdir  vahima qilib “01” ga xabar bergan, o‘t o‘chiruvchilar alanga olmagan yong‘inni o‘chirib, qorovulga tanbeh berib ketishgan. Bor-yo‘q gap shu. 

Sabohat darsdan so‘ng uyga kelsa, otasi ham, onasi ham xavotirda o‘tirishibdi. 

- Tinchlikmi, oyijon, nima gap? 

- Tog‘ang kasalxonaga tushdi. Insult olipti. 

Tog‘asi Muzaffar muallim taniqli o‘qituvchilardan, o‘tgan yili pensiyaga chiqqan, xorijdagi o‘g‘lining yordamida shu yil istirohat bog‘ining burchagida, maktabga yaqin joyda omonat kitob do‘koni ochgan. Ustamasini kamroq qo‘ygani uchun doimo gavjum. Tavba, kechagina ko‘rgandi, soppa-sog‘ yurgandi, hatto Sabohatga do‘konga kirib o‘t, kimyodan zo‘r kitob kelgan, degandi. Onasining tashvishi esa vahimali tuyuldi. 

- Nega, kecha o‘zim ko‘rgandim, soppa-sog‘ edilarku?

- Uyi kuysin shu internet deganining! Ilohim, balolarga yo‘liqsin shuni o‘ylab topgan odam! Ishqilib, akajonim omon bo‘lsin... 

Onasi qo‘lidagi telefonini uyning narigi burchagiga otib yubordi. 

Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, bolalar  bog‘chasida bo‘lgan yong‘in sabab, internetda Muzaffar muallim va uning oilasi sha’niga yomon gaplar aytilgan, bir umr halol mehnat qilgan ziyoli bu og‘ir iddaolarni ko‘tara olmagan. 

- Oyijon, bog‘chadagi yong‘inning tog‘ajonimga nima aloqasi bor ekan, axir qorovulini jarima qilib ketishganku.

- E, qizim, qaysi bir nomard, befarosat o‘sha holatni internetga qo‘yibdi. Bilgan ham, bilmagan ham videoning sharhiga har narsalar yozipti. Kimdir kitob do‘koni yongan bo‘lsa kerak, deb tog‘ang, o‘g‘li va qizi haqida bo‘lmag‘ur gaplarni yozipti. Boyaqish bu ta’nani ko‘tara olmagan. 

- Kim, qaysi axmoq qo‘yibdi uni? 

- Bizdan emas, chet eldan kimdir qo‘yibdi. Uchastka noziri buni aniqlashning iloji yo‘q, deyapti. 

Sabohat kalavaning uchini topgandek bo‘ldi, dugonasi bilan kechagi suhbati yodiga keldi. Eti junjikib ketdi: nahotki tog‘ajonimning kasal bo‘lishiga men sababchi bo‘ldim, nahotki Gulnora lavhalarni yozib olgan bo‘lsa?! 

U sezdi, juda ham ayon sezdi, ammo bir holda turgan ota-onasiga sezdirmadi. Qolaversa, bo‘lib o‘tgan voqeani ular xayoliga keltirishmasdi. 

-  Oyijon, men kasalxonaga ketdim... 

U butun vujudi bilan tog‘asi huzuriga intildi, boshida mingta xayol charx urardi. Eh, Gulnora, nima ish qilib qo‘yding, men kallavaram, nega shu lavhani unga ko‘rsatdim... Kelib-kelib, o‘zimni ko‘tarib katta qilgan, bilim olishimga kuyinib  yordam berib kelgan tog‘ajonimga yomonlik qilib qo‘ydimmi, bu nima ko‘rgulik!?
Sabohat shifoxonaga yetib kelganini bilmay ham qoldi, biroq uni palataga qo‘yishmadi, mumkin emas, bemor komada, deyishdi. Aqli yetgan jiyan emasmi, eshik oldidagi o‘rindiqda o‘tirib, o‘zicha pushaymonlar, tazarrular qildi, bilganicha oyatlar o‘qidi: Ey Xudo, tog‘ajonimning jonini omon saqla. Ey Xudo, gunohimni kechir...

Ko‘p o‘tmay ota-onasi, boshqa qarindoshlar ham yetib kelishdi. Ming afsuski... reanimatsiya palatasidan chiqqan vrach boshini chayqab, Muzaffar tog‘aning qiziga va Sabohatning onasiga yuzlandi: 

- Hamma yo‘lini qildik, keng infarktga uchragan. Bandalik...

Sabohat onasini quchoqlab dodlab  yubordi: 

-  Tog‘ajonim!!!

Farmon TOShEV.