Mutolaa: Konvert
Rossiyalik satirik yozuvchi Yevgeniy Petrov (1904-1942)ning bir g‘alati odati bor edi: u butun hayoti davomida o‘zi jo‘natgan maktublari konverti kolleksiyasini yig‘ardi.
U biron bir mamlakatning biror shahridagi uydirma manziliga xat yozar, bir muncha vaqt o‘tgach, uning uy manziliga turli xil xorijiy shtamplar va “Aloqa manzili topilmadi” ko‘rsatmasi yozilgan konvert qaytib kelardi. Biroq kunlarning birida bu xobbisi uni g‘alati ahvolga tushirib qo‘ydi.
1939 yilning aprelida Petrov Yangi Zelandiya pochtasini bezovta qilishga qaror qildi. O‘z sxemasiga ko‘ra, u “Haydbervill” shahri, “Raytbich” ko‘chasi, 7-uy, Merill Ojin Ueyzliga” deb xat jo‘natdi.
Xatda u quyidagilarni yozdi: “Azizim Merill! Pit amakining vafoti munosabati bilan samimiy hamdardligimini qabul qil. Bardam bo‘l do‘stim. Uzoq vaqt davomida yoza olmaganim uchun meni kechir. Ingridning ishlari joyida, deb umid qilaman. Qizingni mening nomimdan o‘pib qo‘y. U allaqachon katta bo‘lib qolgandir. Sening Yevgeniying”.
Maktub yuborilgan kundan ikki oy o‘tdi. Lekin tegishli belgi qo‘yilgan xatdan hali-hamon darak yo‘q edi. Yozuvchi xat yo‘qotilgan, deb qaror qildi va bu haqda unuta boshladi. Biroz vaqt o‘tib, yozuvchini hayratda qoldirib, javob xati keldi.
Avvaliga Petrov kimdir uni o‘z ruhida masxara qilyapti, deb o‘yladi. Ammo konvertdagi manzilni o‘qigach, u hazilga o‘rin yo‘qligini tushunib qoldi. Konvertda quyidagilar yozilgan edi: “Yangi Zelandiya, Haydbervill, Raytbich, 7. Merill Ojin Ueyzli”. Boz ustiga bularning barchasi Yangi Zelandiya Haydbervill pochta aloqasining ko‘k shtampi bilan tasdiqlangan.
Maktubda shunday deyilgan edi: “Azizim Yevgeniy! Ta’ziya uchun tashakkur. Pit amakining bevaqt o‘limi bizni shoshirib qo‘ydi. Kechikib yozganim uchun meni kechirasan, deb umid qilaman. Ingrid va men sen bilan birga o‘tkazgan ikki kunni tez-tez eslaymiz. Gloriya ham katta bo‘lib qoldi, u ikkinchi sinfda o‘qiyapti. U sen Rossiyadan olib kelgan baxmal ayiqchani hanuzgacha asrab kelmoqda”.
Petrov hech qachon Yangi Zelandiyada bo‘lmagan, shuning uchun u fotosuratda o‘zini quchoqlab turgan baquvvat odamni ko‘rib, yanada hayratda qoldi. Rasmning orqa tomonida shunday yozilgan edi: “1938 yil, 9 oktyabr”.
Suratdagi sanani ko‘rib, yozuvchi hangu-mang bo‘lib qoldi. Aynan o‘sha kuni, o‘tgan yilning 9 oktyabrida u og‘ir pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqizilgandi va shifokorlar bir necha kun davomida qarindoshlaridan uning tirik qolish imkoniyati deyarli yo‘qligini yashirmay uning hayoti uchun kurashgan edi.
Yevgeniy Petrov hech qachon tasavvufga ishonmagan. Bu tushunmovchilikni bartaraf etish maqsadida u darhol Yangi Zelandiyaga xat yozdi. Lekin javob kutishga muvaffaq bo‘lmadi: ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. U urushninng birinchi kunlaridanoq harbiy muxbir sifatida ishladi. Hamkasblari uni tanimay qo‘ygandi – u o‘ychan bo‘lib qoldi va umuman hazil qilishni to‘xtatdi. Xullas, ushbu voqea g‘alati ravishda tugadi.
1942 yilda Yevgeniy Petrov Sevastopoldan poytaxtga uchib kelayotgan samolyot Rostov viloyatida nemislar tomonidan urib tushirildi. Yana tasavvuf – o‘sha kuni yozuvchining uy manziliga Yangi Zelandiyadan xat keldi. Ushbu xatda Merill Ueyzli sovet askarlariga tasanno aytib, Petrovning hayotidan xavotirda ekanligini aytgan. Boshqa narsalar qatori maktubda quyidagi satrlar bor edi:
“Yodingdami, Yevgeniy, ko‘lda suzishni boshlaganingda men juda qo‘rqqandim. Suv juda sovuq edi. Sen esa cho‘kishdan emas, samolyot qulashi oqibatida vafot etishingni aytganding. Iltimos, ehtiyot bo‘l do‘stim, iloji boricha kamroq parvoz qil”.
Petrovning dala sumkasida Sevastopol haqida boshlagan reportaj loyihasi bor edi. U yozishga muvaffaq bo‘lgan so‘nggi satrlar quyidagicha edi: “Ehtimol, shahar o‘z mavqeini saqlab qolar... Men allaqachon mo‘’jizalarga ishonishga odatlanib qolganman...”.
Ushbu voqea asosida Rossiya va Amerika kinoijodkorlari tomonidan “Konvert” qisqa metrajli film suratga olingan.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.