Mutolaa: Kuz xayollari. Hikoya
Sobir O‘NAR
Qishlog‘im – pirxonam mening.
Pirlarim shu makonda qo‘nim topgani uchun emas, albatta. Meni aziz tutgan azizlarim borligi uchun.
Bir-bir o‘tdilar.
Aziz bobom – Nonber ota.
Tuya sudrab shahid ketgan Aliqul bobom.
Sir ko‘rgan Sulaymon otam.
Devkor baytali (ha, baytali) bilan polvon bo‘lib tanilgan Xidir otam. Xidirning otasi G‘ayibnazar. Otasi – Qobil. Otasi – Husan.
Otamning otasi – O‘nar.
Yetti otani bilaman.
Bobolarim suyak surib o‘tgan yer.
Bir vaqtlar O‘nar otam tog‘ orqasidagi tog‘lik jo‘ralaridan olma ko‘chati opkelib, bog‘iga ekkan. Bir zamon, kichikligimizda o‘sha chuchuk olmalar yong‘oq daraxtiday tarvaqaylab o‘sib yotardi. Qizg‘ish-sariq olmalar, kalladay desam lof bo‘lar, piyoladan katta edi. Pishgani to‘kilib, yerga, suvga tushardi. Suvga tushgani ariqda oqib borib, Tolliboy akaning hayoti (charbog‘)ida, o‘sha yerdagi shaldiroqda to‘xtab, zilol ko‘lmak ichida yaltirab turar edi. Na bo‘lg‘ayki, biz ham olma quvib, shaldirmoqqacha ergashib bormas edik. Daraxtning boshida olma mo‘l edi.
Tapillab suvga tushardi.
Kamarovuldagi Qandolat ammamga, Boyto‘pdagi To‘qsuluv ammamga amakilarim xurjun-xurjun olma berib yuborishardi.
Xurjundagi olma hidi bir bo‘yin joydan ajib taralib turardi. Hididan payqashardi: “O‘narning olmasi!”.
Otam angarga – tog‘dan tushgan mollariga lalmi g‘alladan bo‘shagan joyga mol qo‘yardi. Ushoqmol chimxo‘r bo‘ladi. Ayniqsa, echki. Kombayndan mayda sachrab tushib qolgan somonga qo‘shib arpa va bug‘doylarni ham tergilab yeb ketaverardi.
Otam kimnikida yotib-tunardi, kimnikida mehmon bo‘lardi – biz bilmas edik. Ammo haftaning qaysidir kunida tog‘am bergan cho‘bir otda bir qop qovun-tarvuz tashlab ketardi.
Kuzning so‘ngrog‘ida, mezon shamoli yegan tuynak, ya’ni endi gul to‘kkan sapchayam nihoyatda shirin bo‘lib ketardi.
Sababi ayon: mezon shamoli yegan. Boshqa so‘z va izohlar kerak emasdi.
Ham kuzning zaifgina quyoshi urib turgan oftobli kunlarda toltovoq atrofida qovunni so‘yib, ikki pallaga ajratib, temir qirmichda qirib suviga non botirib yeyishning mazasi boshqacha-da. Dori-yu selitraning zahrini “tatib ko‘rmagan” qovunning ta’mi bo‘lakcha bo‘ladi.
Qovunning navi ham har xil. Bir xillarining otini o‘zimiz ham bilmaymiz. Kechpishar, qalin po‘choqli qora qovun, uzunchoq, pishib yetilganda palakda o‘zidan o‘zi qoq yorilib ketguvchi qotirloq (negadir shunday ataganmiz) qovun, bo‘rikalla, kampirchopon, oshqovoqday dum-dumaloq ichi qizil qovun, qishda turadigan to‘rqovun…
Sulaymon otamdan qolgan Ko‘naqishloqdagi charbog‘imizga ko‘chib chiqqanimizda suvli va lalmi qovun-tarvuzlar ekkanmiz. Otam omoch bilan chopilgan shudgorga uch ketmon urib, uch kun ivitilgan urug‘larni yerga qadashni o‘rgatardi. Nam yerning kesaklarini uqalab, urug‘ ekilgach, do‘mboq shaklda ko‘mardik. Unib chiqib, palak yozgach, siyraklatib ikkita qoldirardik. Gullagach, tagiga do‘mboq uyardik. Bilishimcha, bu palak novdasining shamolda sinmasligi, ham yerdan nam qochmasligi uchun zarur edi.
Qovun ham, tarvuz ham to yetishib pishguncha uning navi nima ekanini biz ham, kattalar ham bilishmasdi.
Beparvo odamlar deging keladi.
Bo‘lmasam O‘nar otam ne bir hasratda tog‘dagi oshnalaridan olma niholi olib kelgan-ku.
Olmalar suvga, yerga “to‘p-to‘p” etib tushardi. Ayni pishiqchilik o‘tib, olmaning boshida qolganlarini tosh bilan tushirishni xush ko‘rardik. Bunisi endi boshqa manzara edi. Hidlab yeb ham to‘ymasdik.
U olmalar xuddi bolalik kabi suvda oqib ketdi…
Eh, u olmalar…
O‘nar bobomning olmalari.
Men go‘dak edim. O‘nar bobomni boqib o‘tirgan ho‘kizi sudrab ketibdi. Arqonni qo‘yib yuborsa bo‘lardi, go‘rga ketarmidi mol? Chol bo‘lgani bilan baquvvat edi. Mol kuch bermay cholni sudrab ketavergach, borib o‘zi ekkan olma daraxtining tanasiga urilgan.
Shol bo‘lib yotib qoldi.
Yotaverib yelkasi achishsa kerak, “ag‘da-ar!” deb baqirardi. Amakim yo akalarimdan biri borib bobomni boshqa tomonga ag‘darib kelardi, shu yotganida ham ishtahasi karnay edi. Onam pishirgan kulchalar nondan sal kichik, akam maktabga opketish uchun mo‘ljallangan, suvtegirmonda tortilgan undan tayyorlangan bo‘lardi. Bobom men sovuq suvga botirib uzatgan kulchani ikki burda qilib yerdi.
Bu zamonaviy tilda ikki yamlab, bir yutish deyilarmikan?
O‘limidan avval to‘rt o‘g‘liga yerini teng taqsim qilib bergan. Bizning tegishni otam o‘zidan kichik ukasi Hazan akamga avval qisman, keyin butunlay berib yubordi. O‘zimiz pastki ovulga, tog‘amlar yashaydigan qishloqchaga ko‘chib tushib, uy qurdik. Shu amakimni otam o‘qitgan, uylantirgan ekan. Ellik uchinchi yili Vladivostokka armiyaga borib, qurilish bataliyonida ishlab bir chamadon pul ko‘tarib kelgan, ukam o‘qisin, odam bo‘lsin, degan. Uylagan. Hatto bir kuni tuman melisasi boshlig‘iga kirib, ukamni maktab direktori qiling deb yigirmata qo‘y sotgan.
Mardikor-charakor bo‘lmadi otam. Ukani oyoqqa qo‘yib, bir umr cho‘pon bo‘lib o‘tdi. Qashshoq bo‘lmasa ham kambag‘allikka rozi bo‘lib yashadi.
Kichik ukasi Omon bilan orasi soz edi. Og‘a-ini emas, jo‘raday edi. Bir-birlarining bolasiga nom qo‘yib chaqirishar edi. Sayimboy akam – zo‘r qora, men – Sobir soyaki, ukam – toshbaqa, Manzura – malla, Olim – olimpiyoda, Gulnora – gulnosh edi Omon akamga. To‘qqiz farzandi bor. Hammasining otini, laqabini aytib o‘tirmayman.
O‘ylab qarasam, otam ot qo‘yishga bir maydon peshqadam edi. Kelinlariga ham ot qo‘ygich edi: “stolba”, “musichai bezalol”, “urchuq”...
Ikkovi suhbatlashsa, manfaat aralashmas edi.
Seniki-meniki degan gap ham bo‘lgan emas. Ilgari dasturxon ham bir bo‘lgan, bolalar ulg‘aygach, bo‘lak qilishdi. Har kim o‘z boshiga mol, eshak, to‘shamchi, gilam qildi, ro‘zg‘or boshqa bo‘ldi.
Shu odamlar nuroniy bo‘lib, uyimizning to‘rida o‘tirsaydi…
Onamning otasi – Tanibek bobom dono kishi edi. Kamgap. Odamlar maslahat so‘rasa, to‘g‘ri gapni aytib qutulardi. Birovga yon bosmas edi. Men bobomning og‘zidan ancha-muncha matal-u maqollar yozib olganman. O‘ta qumquloq edi.
Shu bobom bir kuni tushida qishloqning kun botishidagi katta qirning qulayotganini ko‘rgan. “Qulayotgan edi, men ushlab qoldim”, degan…
Axir bu palakat doriganda panoh bo‘lish emasmi? Panoh – avvalo O‘zidir. Ammo bu yerda sir bor emasmi?
Qishlog‘imning shirin havosi bor. Ko‘klamda ayqirib oqadigan katta soyning suvi yozda deyarli quriydi.
Kattaqo‘riqdagi baliqlari g‘ujg‘on o‘ynab turgan katta buloq ham bu yil quridi. Tepadagi, eshonboboning hayoti ostidagi, Alim tog‘aning muzbuloqlari ham ko‘zning yoshiday jimirlab qoldi.
Solisoy, Abdullasoydan boshlanib, Toklining etagiga kelganda ko‘payib ketguvchi soy suvi bu yil nimkala.
Quduq qazdirganlar ham bu gal suv oqimi ancha pastlaganidan nolishadi.
Suv bu – odamlarning hayot-mamoti. Moliyam, ekiniyam, o‘ziyam shu buloqlarga ko‘z tikadi.
Lekin Nonber otaning suvi qurimaydi. Bundan to‘rt asr muqaddam shu yerda istiqomat qilgan bobomizning asli oti Jiyanbek, avliyolik sharofatidan shu xalqqa qo‘ynidan issiq non chiqarib tarqatgan. Qo‘ynidagi non tugamagan. “Nonber ota” deyilishining ma’nosi shu.
Bilmadim, shu ajdodimni, aziz bobomni ko‘p yodlayman, har kuni duo qilaman.
Avliyolar Alloh o‘rtasidagi robitadirlar. Payg‘ambarga berilmagan ruhlar olami sir-sinoatidan, kim bo‘libmizki, biz ogoh bo‘lsak. Beixtiyor ko‘kka qarab Alloh taborak va taologa o‘tinamiz:
Yomg‘ir yog‘dir, “Sultonim!”.
Tog‘larda kuzak nasimlari esib boshladi. Endi yer suv ichsa zaxlaydi. Tomorqadagi daraxtlar qurimaydi.
Hali kuzning salqin havosi bor. Hali… bu yerlarga yomg‘ir yog‘ishi bor. Kuzakda yoqqan yomg‘ir xashakni ivitadi. Uni yegan echki hademay egiz uloqlar tug‘adi.
Kuz.
Bahorga hali ikki dovon bor…