Mutolaa: Mehr

 Qand kasalligi bilan og‘rigan opasi har gal shuni aytib maqtaganda, singlisi xijolat chekib, negadir uyaladi. Opasining alqashi shunchalar yoqadiki unga, beixtiyor entikadi. Orziqib ketadi shunday pallada – bolaligi, onasi, opasining ortidan doim ergashib yurganlari yodiga tushadi.

Qo‘shni bir oy deganda ertalab bolasi orqali saryog‘ jo‘natibdi. Sevindi. Bolaga beriladigan puldan orttirganini olib chiqqandi, qo‘shni xafa bo‘ldi. “Hamsoyaning haqi bor, o‘rgilay”, dedi og‘ringandek bo‘lib. Hovlisiga qaytib, bolalarni ertaroq maktabga jo‘natdi. Go‘dagini beshikdan yechib, shaharga otlandi. Bekatda qator turgan nonfurushlardan ikkita non olmoqchi edi, qimmat bo‘lsa ham shirinlikni tanladi. Yana nonlarga tikilarkan, qaytishida puli yetmay qolishidan cho‘chib, fikri o‘zgardi.

Qayrag‘ochdan yasalgan bahaybat chorpoyada o‘tirgan ko‘yi uni yengil quchgan opasining ko‘zida yosh halqaladi. Keyin salqigan kiprigidagi yoshni quritmoqchi bo‘lgandek, qo‘lida tutgan bejirim yelpig‘ichni yuziga yaqinlashtirib, uzoq aylantirdi.

– O‘zingni ham o‘ylasangchi, – dedi singlisining go‘dagiga beparvo tikilib. – Boshqa tug‘ma.

Ayol uyalib, ko‘zini yerga tikdi.

– Sariyog‘ olib keldingmi? Yaxshi qilibsan.

Opasi dasturxon chetiga qo‘yilgan setkadan bankani olib, og‘zini ochdi, barmog‘ini botirib, sariyog‘dan ozroq yaladi.

– Mazasi boshqachami? – qizargan semiz yuzini burishtirdi opa. – Sigiring qaribdimi, deyman.

Keyin salafan xaltachadagi konfetga norozi tikildi.

– Nima qilarding, bunaqa konfet olib. Undan ko‘ra, ikkitagina qishloqning bug‘doy nonidan olsang edi.

Singil non olmaganiga pushaymon bo‘ldi. Opasi nazarga ilmagan shirinlikning puliga kamida o‘nta non berardi. Keyin dasturxonga tikilgan ko‘zini hovliga qaratdi. Hovli to‘rida yangi solingan binoda ustalar ishlardi. Yonida yangi darvozaxona qurilibdi. Ichida ustiga mato tortilgan mashina.

– Pochchang yana bitta mashina olgan, – opasi singlisining mashinaga ko‘zi tushganini ko‘rib, izoh berdi. – Mersmi-persmi, bir balo. Hovlida mashina qo‘yadigan joy yo‘q. Yana olganiga kuyaymi?

Singil har gal kirib keladigan darvozaxonada yana ikki mashina turganiga qaradi. Qiziq, hovliga kirganda payqamabdi.

– Pochchangning ham mazasi yo‘q, – Opasining gapi uning nigohini yana dasturxonga burdi, – Qon bosimi hech tushmaydi. Sog‘liq bo‘lmasa, bu molu davlat bekor ekan. Sizlarga havasim keladi. Hech narsani o‘ylamaysizlar.

Bolasi bezovta bo‘lgani uchun singil ketishga izn so‘radi. Jiyani o‘qishidan kelsa, olib borib qo‘yishini opasi ko‘ngli uchun aytgan bo‘lsa-da, manziratdan suyundi. Bekatda avtobus kutib turarkan, sigiri sutga kirsa, uning sariyog‘ini albatta, opasiga olib kelishini o‘yladi. Sigir sutga kirgunga qadar bedavo dard opasini bu dunyodan olib ketishini u hali bilmasdi.

Xurshid NURULLAYeV.