Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: O‘g‘irlangan batsilla. Hikoya

Gerbert Uells

- Mana bunisi, - dedi bakteriolog mikroskop ostiga shisha plastinkani qo‘yib, - mashhur vabo tayoqchasi – vabo qo‘zg‘atuvchi mikrob.

Rangpar yuzli kishi mikroskopga qaradi, u bu asbob bilan ishlashga o‘rgatilmaganligi aniq va chap ko‘zini yumshoq oq qo‘li bilan yopdi.

- Men hech narsani ko‘rmayapman, - dedi u.

- Mana bu vintni avval bir tomonga, keyin boshqa tomonga burang, - dedi bakteriolog.

- Ha, endi ko‘rdim, - dedi mehmon. - Lekin bu yerda ko‘rishga arziydigan biror narsa yo‘q-ku. Pushti rang chiziqchalar va dog‘lar. Vaholanki, ana shu mitti jonzotlar, shu arzimas mikroblar ko‘payib, butun bir shaharni vayron qilishi mumkin. Shunday emasmi?.. Ajoyib!

U o‘rnidan turdi va mikroskop ostidagi plastinkani olib, uni yorug‘likka qarata ko‘tardi.

- Ular deyarli ko‘rinmas, - dedi u va qo‘shib qo‘ydi: bu tirik batsillalarmi? Ular xavfli albatta?

- Yo‘q, ular o‘ldirilgan va bo‘yalgan, - javob berdi bakteriolog. – Men koinotdagi barcha shunday tayoqchalarni o‘lgan holda ko‘rishni istardim.

- Ishonamanki, - dedi rangpar kishi,  - siz bu mavjudotlarni tirik holatda saqlashni istamagan bo‘lardingiz.

- Aksincha, biz ularni albatta tirik holatda saqlashimiz kerak. Masalan, - u xonaning narigi tomoniga o‘tib bir necha muhrlangan probirkalardan birini qo‘liga oldi. – Mana bu tirik batsilla. Tirik bakteriyalar mikroorganizmi... Aytmoqchi... vabo... shishaga solingan vabo.

Mehmonning rangpar chehrasida bir lahza zavq belgilari chaqnab ketdi.

- Sizning qo‘lingizda qirg‘in quroli bor, - dedi u probirkaga tikilib.

Bakteriolog mehmon yuzidagi nosog‘lom quvonch ifodasini payqadi. Uning oldiga eski tanishi bergan tavsiyanoma orqali kelgan bu odam o‘zi va mehmoni butunlay boshqa toifa odamlari ekanligini anglab yetdi. Bu notanishning qora ko‘zlari, cho‘kkan yuzi va asabiy harakatlari, tayoqchalarga jiddiy qiziqishi – bularning barchasi u muloqot qilishga odatlangan flegmatik, aqlli olimlarga o‘xshamas edi. Bakteriyalarning halokatliligi bilan qiziqayotgan tinglovchiga birinchi navbatda ishni samarali tomonidan ko‘rsatish tabiiy hol edi...

- Shunday, - dedi u,  - bu qamab qo‘yilgan vabo. Bunday probirkani shahar suv ta’minoti tizimini oziqlantiradigan manba ustiga sindirib tashlab, mayda tirik zarralarga “Olg‘a”, “O‘sing va ko‘paying” deb buyruq berishingiz bilan shaharda sirli va shafqatsiz, og‘riqli va tushunarsiz o‘lim tushib, o‘z qurbonlarini izlay boshlaydi. U yerga singib boradi, daryo va quduqlarda va eng kutilmagan joylarda paydo bo‘ladi: xotinni eridan mahrum qiladi, bolani onadan tortib oladi, davlat arbobini vazifasidan, oddiy ishchini tashvishlaridan ayiradi. U hayvonlarning oxurlariga o‘tirib olib, uni yutishlarini kutadi, ko‘cha favvoralaridan suv ichishni xohlaydigan begunoh bolakaylarni poylab yuradi. Shu tayoqchani suv o‘tkazkichga solib qo‘ying, biz uni jilovlab olgunimizcha u poytaxtdek katta bir shaharni vayron qiladi. Bu yerda esa u ko‘rib turganingizdek mutlaqo xavfsiz.

Rangpar kishi bosh silkib qo‘ydi. Uning ko‘zlari hamon chaqnab turardi. U yo‘talib oldi.

- Bema’ni anarxist axmoqlar, - dedi u, - ...ko‘r ahmoqlar: shunday narsa bo‘la turib, ular bombalar tashlaydi. Menimcha...

Shu payt eshik ohista taqillab qoldi, bakteriolog eshikni ochdi.

- Bir daqiqa, azizim, - pichirladi unga xotini. Laboratoriyaga qaytib kelganida mehmon soatga qarardi.

- Bir soat vaqtingizni olganimni payqamay qolibman, - dedi u. - Hozir o‘n beshta kam to‘rt, men uch yarimda ketishim kerak edi. Lekin menga ko‘rsatgan narsangiz juda qiziq ekan... Rostdan ham, men bir daqiqa ham ziyod turolmayman, soat to‘rtda muhim uchrashuvim bor! 

Minnatdorchilik bildirib, u xonadan chiqdi. Bakteriolog uni eshikkacha kuzatib qo‘ydi, so‘ng o‘yga botib laboratoriyaga qaytdi.

"Unda g‘ayritabiiy bir narsa bor, - o‘zicha ta’kidladi bakteriolog, - uning kasal qo‘zg‘atadigan bakteriyalarga qarashi..."

To‘satdan uning qalbini bezovta fikr cho‘lg‘ab oldi. Shosha-pisha yozuv stoli oldiga bordi va cho‘ntaklarini titkilay boshladi, so‘ng eshik tomon yugurdi.

- Minni! – xirilloq ovozda qichqirdi u dahlizdan.

- Ha, azizim, – javob berdi xotini orqa xonadan.

- Sen bilan gaplashganimda, qo‘limda biror narsa bormidi?

- Yo‘q, azizim, hech narsa yo‘q edi...

- Ko‘k batsilla yo‘qolib qoldi, – xitob qildi bakteriolog.

U eshik tomon shoshib bordi va zinapoyadan ko‘cha tomon pastga qarab yugurdi.

Eshik qattiq yopilganini eshitgan Minni xavotirga tushib deraza tomon yugurdi. Ko‘chada ozg‘in kishi keb(otli izvosh)ga o‘tirayotganini ko‘rdi. Shlyapasiz, shippak kiygan bakteriolog jazava bilan qo‘llarini silkitib, unga qarab yugurardi. Bir shippagi oyog‘idan tushib ketdi, uni ko‘tarish uchun vaqtini behuda o‘tkazmasdan yugurishda davom etdi.

- Qanday sharmandalik, – xitob qildi Minni. - Bu jirkanch ilm-fan uni ne ko‘yga solib qo‘ygan...

Ozg‘in kishi izvoshchiga allanima degan edi, charm fartuk ilgagi chertildi, hushtak chalindi, tuyoqlar ko‘prikka urildi, izvosh va uning orqasidan yugurib ketayotgan bakteriolog ko‘cha muyulishida g‘oyib bo‘ldi.

Minni tezda shlyapasini kiydi, erining tuflisini oldi, ilgichdan yozgi paltosi va shlyapasini yechib olib ko‘cha tomon yugurdi. Baxtiga asta-sekinlik bilan izvosh o‘tib ketayotgan ekan, uni chaqirib oldi.

- To‘g‘riga haydang,  keyin Xeyvlok-kresentga buriling, anavi shlyapasiz, baxmal ko‘ylak kiygan janobga yetib olishga harakat qilamiz.

- Baxmal ko‘ylakda va shlyapasiz...  Yaxshi, xonim, harakat qilamiz. 

Bir necha daqiqadan so‘ng har doimgidek Xaverstok-xill tepaligida yig‘iladigan bir guruh izvoshchilar telbalarcha yugurayotgan izvoshli uchta otni ko‘rib hayratda qolishdi.

Minni erini kiyintirishdan boshqa niyati yo‘qligi va u o‘z burchini bajarishi kerakligini bilardi va ma’lum sabablarga ko‘ra Xaverstok tepaligi bo‘ylab  qochoq erini olib ketayotgan izvoshga tikilardi.

Mushtida qudratli halokat vositasi probirkasini mahkam ushlagan birinchi izvoshdagi kishi qo‘llarini ko‘kragiga qo‘yib bir burchakka siqilib o‘tirardi. U rejasini amalga oshirishga ulgurmay qo‘lga tushishdan qo‘rqardi. Biroq, quvonchi qo‘rquvini yengdi. U faqat shahar suv chiqaradigan nasos stansiyasiga yetib borishi va bak ustida probirkani sindirishi kerak edi. Hamma narsani qoyilmaqom tarzda tayyorlaganidan, soxta tavsiyanoma tayyorlab laboratoriyaga kirgani va ajoyib tarzda imkoniyatdan foydalanganidan g‘ururlanib ketdi. Nihoyat, dunyo u  haqida eshitadi! Nihoyat, uning ustidan kulgan, uni e’tiborsiz qoldirgan, u bilan muloqot qilishdan qochgan odamlar u bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi. E’tiborga loyiq bo‘lmagan inson sifatida u qanchalar xo‘rlangan edi... Hammasiga chidadi. Endi odamni pisand qilmaslik nimaligini ularga ko‘rsatib qo‘yadi! U orqaga qaradi. U bilan bakteriologning orasi ellik metrdan oshmasdi. Juda yomon! Ular hali ham unga yetib olib, uni to‘xtatishlari mumkin. U cho‘ntagini titkilay boshladi va topgan yarim soveren tangani olib, izvosh derazasidan izvoshchiga uzatdi.

- Yana beraman, - baqirdi u, agar ulardan qochib qutulsak! Pul bir zumda uning qo‘lidan tortib olindi. Deraza taraqlab yopildi, qamchi otning yaltiroq terisiga urildi. Izvosh siltanib ketdi, hali o‘tirishga ulgurmagan anarxist yiqilib tushdi va qo‘lidagi probirkani fartukka urib, sindirib qo‘yganini sezdi. Singan probirka izvoshning pastiga tushib ketdi. U o‘rindiqqa suyanib, so‘kinib, pastga tushgan suyuqlik tomchilariga ma’yus tikildi. So‘ng sapchib tushdi.

- Shunaqami hali, bo‘lmasa, men birinchi bo‘lishim kerak. Hech bo‘lmaganda shahid bo‘laman. Shuning o‘zi katta gap! Dahshatli o‘lim... U shunchalik og‘riqlimikan? Ko‘ramiz...

U oyog‘i ostidagi singan probirkani olib unda qolgan bir oz suyuqlikni ichdi. Qanday bo‘lmasin, u aniq harakat qiladi, muvaffaqiyatsizlikka uchramaydi!

Keyin u endi bakteriologdan qochishga hojat yo‘qligini bilib, izvoshni to‘xatib, pastga tushdi. Boshi biroz aylanib ketdi. O‘lgur vabo o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti. Yo‘lakda bakteriologni mazax kulgi bilan kutib oldi:

- Vive l’Anarchie! Kechikdingiz do‘stim! Doringizni ichib qo‘ydim. Vabo zanjirdan chiqib ketdi.

Bakteriolog izvoshdan chiqmay turib, unga ko‘zoynak tagidan quvnoq qiziqish bilan qaradi:

- Ichib qo‘ydingiz? Anarxist? Endi tushunarli!

U yana nimadir qo‘shmoqchi edi, biroq og‘zining burchaklarida yashiringan tabassumi bilan o‘zini qo‘lga oldi. Anarxist ishora bilan qo‘lini silkitib, tanasi bilan imkon qadar ko‘proq odamni zaharlash maqsadida ko‘prik tomon yo‘l oldi. Bakteriolog uni shu qadar qiziqish bilan kuzatardiki,  hatto piyodalar yo‘lagida  shlyapa, palto va oyoq kiyimi bilan paydo bo‘lgan Minniga hayron bo‘lmadi. 

- Narsalarimni olib kelib, yaxshi qilibsan, - dedi u jimgina hamon anarxistning chekinayotgan jussasiga qarab. Kel, o‘tir. Uyga ketamiz.

To‘satdan u kulib yubordi va xotiniga qarab dedi:

- Tushunasanmi Minni, bu o‘ta jiddiy masala. Bu odam bugun oldimga keldi, u anarxist... O‘zingni qo‘lga olmasang, hammasini aytib bera olmayman. Men uni anarxist ekanligini bilmasdim, uni ajablantirmoqchi bo‘ldim va turli zotdagi maymunlarda ko‘k dog‘lar paydo bo‘lishiga olib kelgan yangi bakteriyani ko‘rsatdim. Ishonchimning uyg‘onmaganligiga sabab, men uni axmoq qilmoqchi bo‘ldim va probirkada Osiyo vabosi tayoqchasi borligini aytdim. U esa Londondagi suvni zaharlash maqsadida uni o‘g‘irlab qochdi. Endi esa uning o‘zi batsillani yutib yuboribdi. Albatta, unga nima bo‘lishini ayta olmayman, lekin undan mushuk va uchta kuchukcha ko‘k dog‘lar bilan qoplangangani va chumchuq yorqin ko‘k rangga aylanib qolgani esingdadir. Eng yomoni, endi men yana ovora bo‘lib, pul sarflab yangi dori tayyorlashim kerak.

Nima? Palto kiyishim kerak? Shunday issiqda-ya? Chunki oldimizdan Jebber xonim chiqib qolishi mumkin? Nega men shunday jaziramada Jebber xonim uchun palto kiyishim kerak? Axir u yelvizak emasku? Ha, mayli, mayli!

 Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.