Mutolaa: Yigirma yildan so‘ng. Hikoya

 

O. Genri

Soat hali kechki o‘n bo‘lishiga qaramay, nam shamolning shiddatida yomg‘ir kutilishi sezilib turardi va ko‘cha bo‘ylab politsiyachi salobat bilan harakatlanib kelardi. Uning salobati yo‘lda kamdan kam uchraydigan tomoshabinlar uchun emas, balki uning doimiyligida edi.

Yo‘l-yo‘lakay epchil va o‘ziga xos harakatlar bilan tayog‘ini silkitib eshiklarni tekshirishi va har tomonga hushyor qarashlari orqali bu baland bo‘yli, baquvvat politsiyachi jamoat tinchligi qo‘riqchisining ajoyib namunasi edi. Uning uchastkasida yashovchilar erta uyquga ketardi, faqat ba’zi joylarda - tamaki do‘koni yoki tungi klubda bir necha chiroq miltillab turardi. Idoralar tomonidan egallangan binolarning aksariyati allaqachon yopiq edi.

Dahaning yarmiga yetmasdan politsiyachining harakati sekinlashdi. Qorong‘ulikda, mayda-chuyda metall buyumlar do‘koniga kirish joyida bir kishi og‘zida yoqilmagan sigara tutib turardi. Politsiyachi uning yoniga borishi bilan notanish odam tezda gapira boshladi:

 - Hammasi joyida, serjant, - dedi u tinchlantiruvchi ohangda. – Men do‘stimni kutyapman. Ushbu uchrashuv to‘g‘risida biz u bilan yigirma yil oldin kelishib olgandik. Bu sizga biroz g‘alati tuyulyapti, shunday emasmi? Agar xohlasangiz sizni butunlay tinchlantirish uchun aniqlik kiritaman. Hozir mana bu do‘kon bo‘lgan joyda ilgari “Katta Bredi” deb nomlangan restoran bo‘lardi.

- U uy buzildi, - dedi politsiyachi, - besh yil oldin.

Erkak gugurt yoqib, tamaki tutatdi. Gugurt alangasi o‘tkir nigohli, rangpar, to‘rtburchak jag‘li yuzni va uning o‘ng qoshi yonidagi mayda oq chandiqni yoritib turardi. Bo‘ynidagi sharfida esa katta olmosli nina to‘g‘nag‘ich miltillardi.

 - Bugun, – davom etdi notanish kishi, - “Katta Bredi”ning restoranida eng yaqin do‘stim va eng ajoyib yigit Jim Uels bilan birga ovqatlanganimga roppa-rosa yigirma yil to‘ldi. Biz u bilan shu yerda, Nyu-Yorkda aka-uka singari birga o‘sganmiz. Men o‘n sakkizda, Jim esa yigirma yoshda edi. Ertasiga men o‘z baxtimni izlash uchun G‘arbga jo‘nab ketdim. Jimmini Nyu-Yorkdan olib chiqish umidsiz ish edi – u bu yerni butun dunyodagi yagona munosib joy ekanligiga ishonardi. O‘sha oqshom biz hayotimiz qanday bo‘lishi va taqdir bizni qanchalik uzoqlashtirgan bo‘lishidan qat’i nazar roppa-rosa yigirma yildan so‘ng soatigacha shu yerda uchrashishga kelishib oldik. Biz shu yillar davomida hayot sharoitimiz aniqlanadi va o‘z baxtimizni topishga ulgurgan bo‘lamiz, deb ishongan edik.

- Bu juda qiziq, - dedi politsiyachi, - nazarimda uchrashuvlar oralig‘i biroz uzoq vaqtga cho‘zilgan bo‘lsa ham. Aytingchi, siz xayrlashishdan so‘ng do‘stingiz haqida biror narsa eshitmaganmisiz?

- Yo‘q, dastlab biz yozishib turardik. Ammo bir-ikki yildan so‘ng bir-birimizni yo‘qotib qo‘ydik. Bilsangiz, G‘arb unchalik kichkina makon emas va men u bo‘ylab juda tez harakat qilardim. Lekin shuni aniq bilaman: Jimmi, agar u tirik bo‘lsa, belgilangan joyga keladi. Butun dunyoda undan ishonchli va vafodor o‘rtoq yo‘q. U unutmaydi. Mening bu yerga o‘z vaqtida yetib kelish uchun minglab chaqirim yo‘l bosib o‘tganim hech narsa emas, agar Jim so‘zida tursa. 

U cho‘ntagidan qopqog‘i kichik olmoslar bilan qoplangan qoyilmaqom soatni chiqardi.

- O‘ngacha uch daqiqa qoldi, - dedi u. – O‘shanda restoran eshigi oldida xayrlashganimizda soat roppa-rosa o‘n edi.

- Chamamda G‘arbda ishlaringiz yomon ketmagan, - dedi politsiyachi.

   - Nimasini aytasiz! Agar Jim menga qaraganda hech bo‘lmaganda yarim baravar omadli bo‘lgan bo‘lsa, xursand bo‘lardim. U juda zo‘r yigit bo‘lsa-da, bir oz bo‘shroq edi. Qaynoq hayotda o‘zimni himoya qilish uchun juda ko‘p chora izlab topishim kerak bo‘lardi. Nyu-Yorkda kishi to‘nkaga o‘xshab qoladi. Faqat G‘arb odamlarni yo‘nishi mumkin.

Politsiyachi tayoqchasini aylantirib oldinga qadam qo‘ydi.

- Men ketishim kerak. Do‘stingiz o‘z vaqtiga keladi, degan umiddaman. Siz undan juda katta aniqlikni talab qilmasangiz kerak? Shunday emasmi?

- Albatta. Uni kamida yarim soat kutaman. Agar u tirik bo‘lsa, shu vaqtgacha u albatta kelishi kerak edi. Xayr, serjant.

- Xayrli tun, janob, – politsiyachi yo‘l bo‘ylab eshiklarni tekshirib, yo‘lida davom etdi.

Mayin va sovuq yomg‘ir yog‘a boshladi va kamdan kam uchraydigan shamollar achchiq shamolga aylandi. Bir necha piyodalar jimgina, g‘amgin ko‘rinish bilan qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib, yoqalarini yuqoriga ko‘tarib ko‘cha bo‘ylab shoshilardi. Yoshligida do‘stiga bergan kulgili va’dasini bajarish uchun minglab chaqirim yo‘l bosib o‘tgan odam sigaret tutatib kutib turardi.

Yana 20 daqiqa o‘tdi, ko‘chaning narigi tomonidan uzun palto kiygan baland jussali kishi ko‘chadan o‘tib, to‘g‘ri do‘konga kiraverishdagi kutib turgan odamning oldiga keldi.

- Bob, senmisan? – so‘radi yaqinlashib kelayotgan kishi.

- Jimmi Uels, bu sensan? – tezda javob berdi u.

- Voy, Xudoyim! – uzun bo‘yli odam chinqirib yubordi, qo‘lida sigaret tutgan kishining ikki qo‘lidan ushlab. – Bu kunday ravshan axir, Bob. Agar sen bu dunyoda hali ham bor bo‘lsang, bu yerda seni topishimga shubha qilmagandim. Xo‘sh, xo‘sh! Yigirma yil bu juda katta vaqt. Ko‘ryapsanmi, restoranimiz ham buzilib ketdi. Afsus, biz xuddi o‘sha paytdagi kabi ovqatlanishimiz mumkin edi. Ayt-chi do‘stim, G‘arbdagi hayoting qanday kechdi?

- Ajoyib. Men undan xohlagan hamma narsani oldim. Sen juda o‘zgarib ketibsan, Jim. Bo‘ying anchagina qisqaroq edi, shunday emasmi?

- Ha, men yigirma yoshga kirganimdan keyin ham biroz o‘sdim.

- Sening ishlaring qalay, Jimmi?

- Chidasa bo‘ladi. Men shahar muassasalaridan birida xizmat qilaman. Xo‘sh, Bob, ketdik. Men bir burchakni bilaman, biz u yerda obdon gaplashamiz, oldingi kunlarimizni eslaymiz.

Ular qo‘l ushlashib ketdi. G‘arbdan muvaffaqiyat bilan qaytgan odam erishgan yutuqlari haqida so‘zlay boshladi. Ikkinchisi esa boshini deyarli yoqasiga tiqib, qiziqish bilan tinglardi.

Dorixona chiroqlari ko‘chani yoritib turgan dahaning burchagiga yaqinlashgan ikkala sherik bir vaqtning o‘zida o‘girilib bir-birining yuziga qaradi.

G‘arbdan kelgan kishi to‘satdan to‘xtadi va qo‘lini bo‘shatdi.

- Siz Jim Uels emassiz, - dedi u. – Yigirma yil bu juda uzoq vaqt, ammo unchalik ko‘p emaski, insonning qirg‘iy burni tugmacha burunga aylanib qolsa.

- Bu davrda ba’zida insofli odam ham firibgarga aylanishi mumkin, - javob berdi baland bo‘yli kishi. - Gap shundaki, “Ipak” Bob, siz o‘n daqiqa davomida hibsga olingansiz. Chikagoda siz bizning hududimizga tashrif buyurishingiz to‘g‘risida taxmin qilingan edi va telegraf orqali siz bilan suhbat o‘tkazishimiz mumkinligi to‘g‘risida xabar berishgandi. O‘zingizni xotirjam tutasizmi? Juda oqilona qaror. Endi sizni politsiyaga topshirishimdan oldin men yana bir topshiriqni bajarishim kerak. Mana bu xat sizga. Siz uni deraza yonida o‘qishingiz mumkin. Bu politsiya xodimi Uelsdan.

G‘arbdan kelgan kishi unga topshirilgan qog‘ozni ochdi. Maktubni o‘qib bo‘lgach, dastavval uning qo‘li biroz titrab ketdi. Maktub qisqagina edi:

“Bob, belgilangan joyga vaqtida yetib keldim. Gugurt yoqqaningda men Chikago qidirayotgan odamni tanidim. O‘zim buni uddalay olmadim va fuqaro kiyimidagi agentimizga seni hisbga olishni topshirdim.

Jimmi”.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.