Mutolaa. Zamonaviy jodugarning qaydlari. Hikoya
Qiziq, o‘zingiz bilan o‘zingiz bo‘lib, tirikchiligingizni qilib yurasiz, hech kimga tegmaysiz, bezovta ham qilmaysiz, to‘satdan aniqlanadiki, ba’zilar sizni “jodugar” deb atashar ekan!
Men xafa bo‘ldim, deb ayta olmayman, negaki, bu men uchun haqoratdan ko‘ra ko‘proq iltifot! Marhum buvim ham xursand bo‘lgan bo‘lardi. U kishi irsiyat yaxshi narsa ekanligi va bu xususiyat menga meros sifatida o‘tgan deb g‘ururlanib qo‘yardi. Lekin men juda hayron bo‘ldim. Axir jodugarlik lash-lushlaridan mening faqat birgina beadab, tim qora mushugim bor-da.
Ha, yoshim ham allaqachon... avvalgisidan ko‘ra... keyingisiga yaqin bo‘lib boryapti. Lekin men anchadan beri pasportimga qaraganim yo‘q. Sevimli buvim aytganidek, yoshning faqat birinchi yuz yilini hisoblash qo‘rqinchli. Keyin ko‘nikasiz. Keyin hisobda adashib ketasiz.
Ulov haqida gapiradigan bo‘lsam, kichkinagina yashil rangli “Peugeot” avtomobilim va yaxshi havoda katta zavq bilan minadigan velosipedim bor. Ana shu velosiped kunlab kirish eshigi yonida o‘tiradigan qari tasqaralarning menga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lishini keltirib chiqardi.
- Bu yoshda velosiped haydash odobsizlik, uyalmaysizmi? - dedi bir kuni ulardan biri menga. Agar u mendan ikki-uch yosh katta bo‘lsa yaxshi, balki yosh hamdir, lekin qaynab turgan zardasi yuziga chiqib ketib uni qaritib qo‘ygan, u halitdan ko‘chaga uyda kiyiladigan xalatda chiqib o‘tiradi (Ha, rahmatli buvim bu yoshda uchinchi marta turmushga chiqqan edi!). Oylab skameykada o‘tirgani bois o‘zi bilan olib chiqqan buklama stulini sig‘dirolmayotgandek ko‘rindi ko‘zimga.
Nima... uyalmaysizmi... deganingiz nimasi, nega siz qila olmaydigan narsani qilayotganim uchun men uyalishim kerak, demoqchi edim, lekin o‘zimni bosdim.
- To‘g‘ri aytasiz, odobsizlik bo‘lishi mumkin, - deb javob beraman, - o‘zi velosipedlar yoshlar uchun chiqarilgan. Siz bilan bizning yoshimizda, allaqachon supurgida uchish kerak! Lekin yaxshi supurgini hozir qayerdan topish mumkin ekan? Bilmaysizmi?
Ko‘rinishidan, o‘sha “zararsiz” hazilimdan so‘ng “jodugar” laqabi oxir-oqibat menga yorliq sifatida yaxshilab o‘rnatilib qo‘yildi. Men bunga umuman qarshi emas edim. Qolaversa, bundan o‘z manfaatim yo‘lida foydalana boshladim.
Qo‘shni devor ortida bir ayol yashaydi. Ana shu ayolni haqiqiy jodugar deb aytsa bo‘ladi! O‘g‘li uylanganiga bir-ikki yil bo‘ldi, kelini ham yaxshigina yosh juvon. Xullas, bu kampir unga bekorga ozor beradi, do‘q-po‘pisa qiladi va buni juda baland ovozda qiladi. U shunchalik baqiradiki, hatto mening Qoravoyim panjalari bilan quloqlarini yopadi va uyning qichqiriq eshitilmaydigan narigi chetiga chekinadi. Bechora juvonning ko‘zlari har doim yoshlangan. Lekin u hech qayerga keta olmaydi, chunki or-nomusi kichkina bolasi bilan ota-onasinikiga ketishga yo‘l bermaydi.
Bir kuni ko‘cha boshida bu shum kampirni uchratib qoldim. Salom-alikdan so‘ng unga mehr bilan gapira ketdim:
— Keliningizga ayting, ikkita ko‘cha naridagi supermarketga so‘nggi rusumdagi “bogema” chinnilari, juda ajoyib choynak piyolalar kelgan. Sotib olib qo‘ysin. Yaqin oradagi do‘konlardagisi sizga yoqmaydi.
Qo‘shni ayol takabburlik bilan menga qaradi:
— Uyimizda idish-tovoqlar yetarlicha, siz qayerdan bilasiz menga qanaqasi yoqish-yoqmasligini?
Men qo‘limni silkitib:
- Juda yaxshi bilaman, ovozingiz shunchalik baland keladiki, biz xuddi birga yashayotgandek. Siz o‘zingiz o‘ylab chiqaradigan janjallarga shu qadar kuchli berilib ketgansizki, kuchanishdan boshingizda qon to‘plangan. Mana bu yerda, - dedim o‘ng ko‘zining tepasida joylashgan joyga ishora qilib. - Yana bir oz baqirsangiz, tomirda ivib qolgan qon chiqib ketib insult bo‘ladi. (Tovba, nimalar deyapman o‘zi). – Xo‘-o‘-sh, darhol o‘sha kelinning onasi olib bermagan taqar-tuqurlardan sotib oling, keyin keladigan mehmonlar oldiga qo‘yish uchun. Oddiyrog‘ini qo‘ysangiz, ular ayb qilishi tayin. Keyin kech bo‘ladi, yotib qolsangiz, gapira olmaysiz, tilingiz hatto kalimaga kelmaydi.
Qo‘shni ayol baliqqa o‘xshab og‘zini ochdi. Men ketmoqchi bo‘lib, to‘satdan, go‘yo bir narsani eslagandek, orqamga o‘girildim:
- Darvoqe, keliningizni ko‘p koyimang - to‘shakda yog‘ochdek yotib qolganingizda sizga u qaraydi. Yana sho‘rvangizga biror narsa qo‘shib bermasin...
Keyin orqamga qaramasdan ketdim. Aytgancha, o‘shandan beri hayqiriqlar xuddi sehrlab qo‘yilgandek to‘xtab qoldi. Qaynona o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘ura boshladi chog‘i...
Siz esa jodugar otliq bo‘lish yomon, deysiz. Bu juda foydali! Nafaqat o‘zingiz uchun, balki boshqalar uchun ham!
Rus tilidan Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.