Mutolaa: Zarafshonim – zar afshonim mening!..

Maktabni bitiradigan yilimiz, sinfdoshlarimizning bir-biriga e’tiboru qadri ortib borardi go‘yo. O‘zaro munosabatlarda ham o‘zgacha mehr-oqibat sezilib turardi. Sinf rahbarimiz biologiya fani o‘qituvchisi Fayzulla Omonovich o‘rta yoshdan oshib, sochlariga oq oralab qolgan, uzun bo‘yli, xushfe’l inson edi. U kishi bilan maslahatlashib, bitiruv kechamizdan so‘ng tongni tumanimizning Samarqand shahriga kiraverishida joylashgan Cho‘ponota tepaligida kutib olishga kelishdik.

Hammaning qalbida hayajon. O‘sha kundan boshlab qaysi mavzuda so‘z ochilmasin, oxiri albatta,Cho‘ponota tepaligi haqidagi suhbatlarga ulanib ketardi. Bu kelishuv menga juda yoqqandi. Chunkisevimli, sarkash, dilkash Zarafshonim Cho‘ponota tepaligining etagidan oqib o‘tardi. Shaharga borar yo‘limiz ham aynan shu daryoning ustidan o‘tadi. Oilamizda ajoyib an’ana bor edi, har zamon otam mashinasida bizni ukamlar bilan, buvim, goh onamni birga olib, Samarqand shahridagi muzeylar, ziyoratgoh, istirohat bog‘lariga sayohatga olib borardilar. Shunday sayohatlarimiz davomida takror va takror aynan o‘sha joyda, Cho‘ponota tepaligi, daryo bo‘ylarida to‘xtab o‘tardik.

...Sutdek yorug‘ oqshom og‘a boshlagan bir mahal,sinf rahbarimiz Fayzulla Omonovich boshchiligidasinfdoshlar tizilishib Cho‘ponota tomon yo‘lga tushdik. Bir soatga yaqin piyoda yo‘l bosib, Ko‘hak tog‘iga yetib keldik. Qiyalagan tik yo‘lak orqali, baland tepalikning o‘sha, biz kelishgan joyiga chiqib oldik. Tong otishiga hali ancha vaqt bor. Sinfdoshlarning bir nechta suhbatdoshlar halqasidasuhbat avjiga chiqa boshladi. Mening esa ikki ko‘zim,suyukligim zebo Zarafshonim, ko‘hlikkinam, Ko‘hakginam, senda bo‘ldi.

Biz yaqin sirdosh dugonalar, Dilfuza, Saodat uchalamiz boshqalardan sal chetroqqa, tepalikning etagida yaltirab, zar sochib oqayotgan daryo suvlari ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan bir joyga o‘tib joylashdik. Dimog‘imga oyog‘imiz ostida ezilgan maysalarning xushbo‘ylari, ko‘ylagimiz etagi tegib, bo‘y taratgan giyohlarning yoqimli bo‘yi urila boshladi. His-hayajonimizni qo‘zg‘ab, sehrli tun bag‘rida tutib turgan sirlardan bizning ko‘nglimizga hadyalar ulashardi. Osmon to‘la yulduzlar. Nazarimda ular bugun osmon sahnidan ancha pastroqqa, yerga yaqin tushib porlamoqda edi go‘yo. Tepamizda biz bilan birga kezingan dilbar oy esa yulduzlar ichra o‘zining tanholigini ko‘z-ko‘z qilmoq niyatida o‘zgacha yog‘dulanib, ajib bir alpozda boshimiz uzra turib qoldi. Unga tikilgan ko‘zimizni qamashtirib, yuzidagi dog‘ni yashirmoqchi bo‘layotgandek edi.

Ey, yuzlari zebo, sirli dilbar Oy! Muqaddas Kitobda sening yer yuzidan yuz o‘girib turganinghaqida o‘qib qoldim. Shu tobda yuzingdagi, egningdagi, ko‘ksingdagi dog‘ingni ham, ruhingda sirli dog‘lar, suratlarga burkanib ajab sayqalgan ko‘hna bog‘ni ham qanchalar yaxshi ko‘rishimni bilishingni judayam istadim. Buni senga qay tilda, qay dilda izhor etsam, qay usulda yetkazsam bo‘lar ekan? Yaxshisi, senga atab qo‘shiqlar to‘qib aytib yuraman, zora bir kuni senga borib yetsa. Ammo bu oqshom seni nega bunchalar yaxshi ko‘rishimni sezib qoldim, senda daryolar ruhining bir bo‘lagi yashaydi. Sen tilsimlar uzra to‘lishgan chog‘da ular ham g‘aroyib sir ichra to‘lg‘anadi. Xuddi mening ko‘nglimga g‘ulg‘ula solganing kabi, goh sokin, goho do‘lu chaqinlar ichrasuvlarning ham bag‘riga g‘ulg‘ula bulutlarining yomg‘irini yog‘dirasan. Bu aslida qandayin hol, ne ahvol o‘zi?! Balki, qadim ishq g‘avg‘osining bir jilvagar ishorasi bo‘lsa ajab emas.

Zarafshonim,

  zar afshonim,

     nurli nurafshonim mening!

 

Tun qo‘ynida buncha zebo,

bu qadar xushro‘ylik kashf etibsan,

bir lahza-da, na ko‘nglimni, ko‘zlarimni ololmam sendan.

 

Zarafshonim,

zarli daryom, duru durafshonim mening!

Sen oy nurida, oy sirida sirlanayotgan kumushga o‘xshaysan.

 

Sarxush daryom, sirafshonim mening!

Sen ishq sahrosida adashgan,

yo‘l axtarib chopayotgan sarxush telba oshiqqa o‘xshaysan.

 

Zarafshonim,

zarnishonim mening,

zarrin bag‘rini nishona aylab,

har yona,

giryona uryon urayotgan

dalli devonaga, darveshga o‘xshaysan.

 

Jildirashing,

     sasing sirli,

          nafasing sirli.

Ishq ko‘zgusida jilolangan

    aksing sirli,

       asling sirli.

 

G‘aroyibsan,

sirsan, sirli muboraksan!

Bebahosan,

    ishqsan,

      muhabbatsan,

            saodatsan.

 

Tabarruksan,

    muqaddassan,

           armonimsan,

sog‘inchimsan, sadoqatimsan.  

 

O‘kinchimsan,

    ilinjimsan,

            umidimsan.

Ko‘hna pir dam urgan ko‘hna duosan.

Qalqonsan,

    darmonsan,

           iymonsan,

ko‘hnasan,

    qadimsan,

          to qiyomat borsan.

 

Tiniq afsonaviy sathing yuziga

osmon bezaklari,

yulduzlar chamani,

sirlar gulzori o‘z aksin solibdi.

 

Aksing chamanida

      ming nag‘ma,

       ming usul bilan

jilvagar xirom aylab,

          zebo raqsin solibdi.

 

Sir yuzingda

osmon toqi sollanib,

hayrona bahsin solibdi.

 

Qadim ishq mutribi sozini qo‘lga olib,

dod ila,

    faryod ila,

ajab ohang, dilgir sasin solibdi.

 

Ey, ko‘hna azim Zarafshonim!

Bunchalar buyuk g‘avg‘oni olib,

          qayon ketayotibsan?!

Bu buyuk g‘avg‘oni

      ko‘ksingda

          qanday tutayotibsan,

              Qanday tutib turibsan?..

Ko‘hak poyida mavjlanib oqayotgan daryo suvidan bir nafas ham ko‘zlarimni ololmayman. Ajabo, jimirlab oqayotgan suv yuziga go‘yo osmon toqining sirli jilosi, sirli aksi xo‘p ajab to‘kilmish. Zarrin titranayotgan to‘lqinlar tizilishib ketayotgan tilla qayiqchalarga o‘xshaydi. Yaltiroq qayiqchalarning har biri o‘zida bittadan yulduzni olib suzib ketayotgandek go‘yo...

Ey, suv, yulduzlarni qayoqqa olib ketayapsan?!.

Dunyoviy o‘lchovlar –

          shunchaki ramz,

                   shunchaki ishora...

... Atrofimda hech kim yo‘q. Voh, ajab! Ular qani, qayga g‘oyib bo‘lishdi?!.

Saoda-a-a-a-t, Dilfuza-a-a-a, Madina-a-a-a!..

...

Yuragim beixtiyor dukkillab ura boshladi. Nimalar bo‘lyapti, axir! Nahot, bu joyda bir o‘zim qolib ketgan bo‘lsam?!

Yo‘q, inson hech qachon, hech bir joyda bir o‘zi, yakka qolib ketmaydi. Uning vujudidagi tuproq, olov, havo, suvning ruhi doimo u bilan birga bo‘ladi.

Sen kimsan?

Men suvman.

Qanaqa suv?

Hudaybiya qudug‘ida tugab qolgan, bas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kelib, quduqning chetida o‘tirib suv so‘raganida yana qayta paydo bo‘lgan, quduq to‘lib, serobu mo‘l-ko‘l bo‘lgan o‘sha suvman!

Vo, ajab, muncha qizziq, to‘xtama, qaniso‘zlayverchi! Balkim men Zarafshonman, ham dersan?

Ha, xuddi shunday! Sening qalbingdagi sirlar suvratiga oshnolik, gohida mening ham zavqimni keltirib yuboradi. Bu gal esa, sen bilan shunchaki bir so‘zlashgim keldi. Odamlar aslida shunday, har narsaga qandaydir bir nom qo‘yishni yaxshi ko‘radi,aslida nomim suv, boshqa hech narsa emas. Dunyodagi atamalar, o‘lchovlarning bari shunchaki ramz yoki shunchaki ishoradan bo‘lak narsa emas. Men ham odamlar atagani kabi, qadimda, “Daytiya”, ya’ni “Ezgu suv” deb atalganman. Bu nomlarim ham "Avesto" deya ular nom qo‘ygan yodgorliklarda yozib qoldirilgan.Xuddi shunday, Yunonlar hukmronligi davrida “Daytiya” so‘zi yunonchaga o‘girilib, Politimet, ya’ni,“Ko‘p ezgu suv” deb ataldim. Orada meni Sug‘d, Jirt, Jon, Somjan kabi nomlar bilan ham atadilar. Fors manbalarda Rudi Mosaf, Rudi Sharg‘ deb yozib qoldirganlar. Arab manbalarida esa nomimni Haramkom, ya’ni “Muqaddas daryo”, deya qayd etdilar.“Boburnoma”da Obi Ko‘hak deb bitildim, keyinroq esa Ko‘hak daryosi dedilar. Bu nomlarning barchasini odamzod o‘ylab topdi. Inson zotining yana bir g‘alati odati bor, azal o‘lchovi ustida qurilgan bu dunyoni, dunyo hayotni o‘z o‘lchamlariga sig‘dirishni istaydi. Shu kabi ularning o‘lchamiga asosan, XVIII asrdan boshlab to hozirgi kunga qadar men Zarafshonman!

Aytdim-ku, sen meningsan, meningZarafshonimsan, deb! Seni ovozingdan tanidim,qalbim bilan sezdim, bu sansan. Xo‘sh, qani endi menga o‘zing aytchi, manziling qayonda, qaydan boshlanib, qay tomonga oqursan?..

Suvimdan Samarqand, Buxoro, Karmana muzofotlari bilan birga Qashqadaryo Eski Angor kanali orqali, Jizzax Eski Tuyatortar kanali orqali bahramand bo‘lib kelgan. 3arafshon Turkiston, Olay tog‘ tizmalari birikkan joy – Mastchoh, ya’ni Ko‘ksuv tog‘ tugunidagi Zarafshon muzligidan Mastchoh daryosi nomi bilan boshlanadi. Boshlanish joyidan qariyb bir yuz sakson to‘qqiz kilometr quyida, chapdan Fondaryo qo‘shiladi va o‘sha joyda 3arafshon nomini oladi.

O‘h-ho‘-o‘-o‘, buncha ajoyib bo‘lmasa!

Mana, ko‘ryapsanmi, bir ozgina ma’lumot berishim uchun senga qancha joy nomlari, o‘lchovlarni qo‘shib aytishimga to‘g‘ri kelyapti. Siz odam farzandlariga o‘zingiz qo‘ygan nomlar, ishora, ramzlar nomini tutib tushuntirmasam, hech narsani tushunmaysiz.

Ajoyib, lekin yana bir savol qiziqtirmoqda. Sen bunchalar ko‘p nomlarni, ma’lumotlarni qaydan bilasan yoki bir joydan o‘qib aytyapsanmi?

Kulgimni qistama. Menda o‘qish, yozish yo‘q. Menga yuklatilgan muqaddas vazifa bor xolos. Unga ko‘ra taqdirimdagi voqealarning barchasi mening imkonim, quvvatimga jo bo‘ladi. Unda o‘qish, yozish, o‘chirish, o‘zgartirish, yoddan chiqarish, adashtirish yo‘q.

Qoyilman! Men sening ko‘plab irmoqlaringni taniyman, ammo bilganlarim, shu joyga yaqin bo‘lganlari xolos. Bilaman, sening qamroving judayam keng. Dunyo tartibida daryolar chegara bilmaydi, ular butun yer yuziga, insoniyatga tegishli.

Ha, ammo buni, insoniyat biror qonun-qoidaga sig‘dirolmaydi, chunki odamzot ba’zi sirlardan voqif ham emas, to qiyomat bilolmaydi ham. Men senga bugungi diydor tufayli ba’zi axborotlarni ma’lum qilaman. Zarafshonga muzliklar va buloqlardan boshlanadigan to‘rt ming ikki yuzga yaqin irmoq quyiladi. Shulardan eng yiriklarining nomi sizningcha – Fondaryo, Qo‘shtutdaryo, Mag‘iyondaryo.Tojikiston hududiga qarashli yuqori oqimida 3arafshon, Turkiston va Zarafshon tog‘ tizmalari oralig‘ida yon bag‘irlari baland va tik ko‘tarilgan, ko‘pchilik joylarida dara va tangilardan iborat tor vodiyda juda tez oqadi. Daryo vodiysi yirik irmoqlar kelib qo‘shiladigan joylardagina bir oz kengayadi. 3arafshon Rabotxoja to‘g‘oni yaqinida Tojikiston hududidan chiqib, O‘zbekistonga kiradi va Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan oqib o‘tadi. Samarqand shahri yaqinida, Cho‘ponota, mana shu sen turgan tepalik yonida 3arafshon ikki tarmoqqa – o‘ng tarafda Okdaryo va chap tarafga Qoradaryoga ajraladi. So‘ng janubiy g‘arbiy yo‘nalishda oqib, Qizilqum cho‘liga kirib boradi. Undan keyin, Buxoro, so‘ng Qorako‘l vohalaridan oqib o‘tadi. Mana shu qismida Qorako‘ldaryo deb ham ataladi. Qorako‘l shahridan uch kilometr yuqorida qurilgan to‘g‘on, suv taqsimlagichda 3arafshon suvi kanallarga bo‘lib yuborilgan. To‘g‘ondan quyida daryo o‘zani yana ikki tarmoqqa ajraladi, chapdagisi Toyqir, o‘ngdagisi esa Saribozor deb ataladi. Har ikki tarmoqning yuqori qismi sug‘orish kanali sifatida xizmat qiladi. Sug‘orishdan ortgan va qaytarma suvlar Toyqir o‘zani orqali Dengizko‘lga quyiladi. Saribozor tarmog‘i ham Qorako‘l vohasidan ancha narigacha davom etadi, lekin quyi oqimida o‘zani ko‘pincha quruq bo‘ladi. 3arafshon Amudaryoga yetib bormaydi. Sizlarning manbalarda miloddan avvval Zarafshon suvi Amudaryoga quyilgan degan fikr bor. Aslida, hozirda ham quyiladi. Qay yo‘l bilan quyilishi odamzodga ma’lum emas. Boshingni qotirmayman.

Mayli, ixtiyoring. Aytgancha, Zarafshondato‘linsuv davri aprel oyidan sentyabr oylari orasida kuzatiladi. Bu davrda daryo yillik oqimining asosiy foizi oqib o‘tadi, oqimning qolgan qismi kuzgi qishki, ya’ni oktyabr bilan mart oylari oralig‘ida suvli davrga to‘g‘ri keladi. Iyul, avgust oylarida Zarafshonda suvning eng ko‘p bo‘lishi kuzatiladi, deb o‘qiganman.

To‘linsuv davri, suvli davr, deya yana har xil davrlarga bo‘lib tashlanganlaringni so‘rayapsanmi,ha, mayli, sizlar aytgancha bo‘laqolsin.

Zarafshonim, azim daryom, biram dilgir, dilrabo sirli suhbating uchun rozi bo‘l. Azim Samarqandning mo‘’tabar, aziz tuprog‘ida, ko‘hna Ko‘hak tog‘i – Cho‘ponota etagidan oqib o‘tishing, bolaligim, o‘smirligim va umrimning har davrida kunlarimni, qalbimni, taqdirimni bezab, ko‘ksimni g‘ururga to‘ldirib turganliging uchun shukronamning adog‘i yo‘q! Seni yaxshi ko‘raman! Bilmam, negadir Ko‘hak nomi bilan bog‘liq tarix ongu shuurimda bir ajib sog‘inch ruhini qo‘zg‘ayveradi, har nafasda sayqallanib, sollanib, ohanraboday o‘ziga tortaveradi.

O‘h-ho‘-o‘-o‘, u davrlar xo‘p davrlar edi. Alloh nazari tushgan Amir Temur davlati iqtisodiyotida dehqonchilik asosiy o‘rinda turardi, shu sabab mamlakatda sug‘orish ishlariga alohida ahamiyat qaratilgan edi. XIV asr oxiri, XV asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda katta-kichik daryo va soylardan yirik sug‘orish tarmoqlari barpo etildi. Suvdan foydalanish ishlarini rivojlantirish maqsadida suv omborlari va hovuzlar qurildi. Suvi tanqis ayrim viloyat va vohalar hududlarida maxsus suv inshootlari bunyod etildi. Butun mamlakatda suvni iflos qilmasdan toza saqlash odati muqaddas qonun edi. Maxsus suv inshootlari ichida suv yig‘ish va saqlash uchun qazilgan, ichimlik suvi saqlanadigan sun’iy suv havzasi – hovuzlar ajralib turardi.Sohibqiron tomonidan bunyod etilgan ko‘rkam bog‘larning har birida tabiiy sharoitlarni hisobga olgan holda bir nechta hovuzlar qurilgan. Ular masjidlar yonida, shahar maydonlari, bog‘lar, chorbog‘lar, saroy hovlisida, balki bozorlarda ham qurilgan edi. Atrofi tosh bilan qoplab, daraxtlar ekib mustahkamlangan bunday hovuzlar odamning bahru dilini ochar edi. Shu sababdan, Samarqand “Dunyoning jannati” deyilgan.

Samarqand tevaragida barpo qilingan o‘n ikkita ajib chorbog‘ haqida o‘qib bilganman. Ayniqsa, shaharning sharq tomonidagi “Bog‘i Dilkusho”ningo‘rtasidan o‘tgan keng xiyobon tasviri, unda barpo qilingan uch qavatli ko‘shk yoki saroy atrofiga ekilgan chinor va tut daraxtlari tasavvurimda sollanib turadi. Bog‘ning yuqori qismida joylashgan so‘lim hovuzlar. Bog‘lardagi rang-barang gullar, ayniqsa, turli navli, navi bir xil bo‘lsa-da, turli bog‘da turlicha rangda, turlicha xushbo‘y bilan turli ta’mda turlanuvchi mevalar, shaftoli, olma, anjirlar yodimga tushar ekan, go‘yo dimog‘imga xushbo‘ylari kelib urilgandek bo‘ladi. Shunday kezlarda, bu qanday sirli aloqadorlik, deya hayron qolaman. U bog‘lardagi gulzorlarni oralab, orolanib yuruvchi go‘zal tovuslar xuddi yonginamda, yon-atrofimda yurganday. Butun dunyoga ovozasi ketgan bu bog‘larni barpo etish, bog‘larning haqiqiy bog‘ bo‘lib yashnashi uchun avvalombor suv masalasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi lozim-da. O‘sha jannatmonand bog‘lar uchunshu kabi jihatlar oqilona hal qilingan-da. Butun dunyoga ovozasi yoyilgan, necha asrlar qa’ridan to hanuz hayolingni o‘g‘irlab, hayratingni oshirguvchio‘shal bog‘lar, Zarafshonim, ko‘hlikkina ko‘hna daryom, Ko‘hak daryom, asosan sening suvlaring orqali obu hayotga qonganligini eslasam, qalbim, ruhim g‘urur tojini kiyadi, qalbim saroyida bayramu shodiyona avjlanadi. Men seni shunday faxr, shunday g‘urur, shunday shodiyona-yu shukronalar bilan sevaman!

Ha, sen o‘qiganlaring, xayollaringni qo‘shib so‘zlayapsan, men esa ko‘rgan-kechirganlarim va quvvatimga to‘kilgan insonlarning dil so‘zlari, orzu armonlari, sirlari va hattoki tushlarining bayoni, ta’biri va nihoyat omonat vasiyatlar quvvatida roz aylab, bayon qilyapman. U ko‘rkam bog‘larning har birida hajmi turlicha bo‘lgan to‘rtburchak va to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida hovuzlar bo‘lardi. “Bog‘i Davlatobod”da to‘rtta hovuz bor edi. U hovuzlarning kattaligi musulmonchilik qoidalariga binoan eni ham, bo‘yi ham kamida qirq gaz qilib qurilgan edi, aks holda, undagi suv harom deb hisoblanar edi. O‘sha hovuzlarning ham suvi mening bag‘rimdan olinar edi. Suvlarim sun’iy irmoqlarda betakror so‘lim bog‘lardan oqib o‘tgan kanal va ariqlarda yetib borib, bog‘u rog‘lar, gulzorlarni aylanib oqar edi. Sun’iy ravishda bunyod etilgan ko‘rkam sharsharalarda mavj urardi. Hovuzlar, havzalar suvga to‘la bog‘lar bag‘ri salqin va xushtabiat edi. “Bog‘i Nav”ningfavvoralari juda chiroyli edi. “Bog‘i Dilkusho”dagi yuqoriga otilib turgan favvoralar hovuzida qirmizi olmalar qalqib turardi. Favvoralarga suvlar maxsus moslamalardan kelib, hovuzlarga tushib ariqchalar orqali tashqariga oqib chiqardi. Hovuzlarning atrofi turfa rangdagi marmar toshlar, rang-barang gullar tasviri bilan bezatilgan, hovuzlarga quyiluvchi ariqchalarning qirg‘oqlari ham marmar toshlar bilan qoplangan edi. Bu har bir ko‘rgan insonning xayolini shoshiradigan bir go‘zal manzara edi.

Qanday ajoyib-a! Sening so‘zlaring ohangidadiltortar ertakmonand tasvirlar ko‘z o‘ngimdan bir-bir o‘tib, xayolan o‘sha bog‘lar ichra kezindim, favvoralar arofida sayr qildim. Gulzorlarda tannozlanib, sayr qilib yurgan tovuslarni erkalab suydim, kamalak naqshli nafis patlarini silab ko‘rdim. Favvoralar ostidagi hovuzlar yuzida qalqib turgan o‘shal sirli qirmizi olmalarni qo‘limga olib, xushbo‘yidan bahramand bo‘ldim. Har bir bog‘ sohibasi bo‘lgan go‘zal malikalar, sarvqomat hur qizlar qurshovida betakror ajib gulzorlarni oralab sirli bazmlar sayli ichra biram dilrabo kezindim, dilim yayradi. Voy, ana u sirli buloqning zilolsuvida yuzini chayayotgan Bibixonimmi?..

Yelkamni kimdir ohista tutdi, seskanib ketdim, xayoliy hayrat olamidan arang xushimni yig‘ib oldim. Xayol dengiziga butkul g‘arq bo‘lgan ekanman. Qarshimda, o‘zingga kel, degan kabi dugonam Saodat menga boqib jilmayib turardi. Biz Ko‘hak tog‘ining tepasida, pastda esa ko‘hlikka Ko‘hak daryom jilolanib, jilvalanib turibdi. Samarqand osmoni uzra biram zebo, biram fayzli tong otmoqda. Tepamizdagi oy ham, yulduzlar chamanzori ham chekinib, osmon toqiga singiy boshlabdi. Yulduzlarga termilaman, ular ortida Ulug‘bekning, Amir Temurning, Bibixonimning, Kattaonamning, Samarqandning nigohlari boqib turgandek...

Ey, bugungi oqshomimda hamroh bo‘lgan bir-biridan sirli nigohlar, yana qayta uchrashguncha xayr, omon bo‘linglar!..

Ey, ko‘hnaginam, ko‘hlikkinam Ko‘hakkinam – zarnishonim, Zarafshonim mening. Yulduzlarni qayga boshlab ketyapsan?

Bibixonim bog‘lariga.

Meni aldama, hozir qayda ekan u bog‘lar?

Toki u bog‘lar bor ekan, uni barpo qilgan insonlar ham tirik. Tuproq ustida bir daraxt unib chiqsa, zamin ostida uning ildiziga tutash yetti xosiyatli daraxt ko‘karadi. Bog‘ yaratgan, bog‘larni avaylagan insonlarni ularning ruhi qo‘llaydi. Mabodo, bog‘ning zamin ustidagi qismi qurisa, zamin ostida ularning ildizidan paydo bo‘lguvchi bog‘lar to qiyomat yashaydi.

Men yulduzlarni Amir Temur barpo qilgan malikalar bog‘lariga, Bibixonim bog‘larining ziyoratiga olib ketyapman...

Dilorom Abdurahmon qizi,

shoira, tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.