Muxbir bisotidagi javohir

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi oldidan Samarqand jurnalistikasi otaxonlaridan biri Obloqul Usmonqulov bundan bir necha yil avvalgi ishchi suratlarini bizga taqdim etdi.

Suratlar orasida 1964 yilda olingan, tarixiy shaxs va milliy qahramonlarimizdan biri Shoahmad Shomahmudov siymosi o‘rin olgan tarixiy fotosurat diqqatimizni tortdi.

- Bu surat G‘alabaning 20 yilligi arafasida Samarqand shahridagi “Zarafshon” mehmonxonasida fototasmaga muhrlangan, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov. – Bayram munosabati bilan Samarqand shahri va viloyat bo‘ylab urush davrida 16 nafar yetim bolalarning boshini silab, har birini oq yuvib, oq taragan bolajon va mehribon xalqimizning timsoliga aylangan Shoahmad Shomahmudov bilan o‘tkazilgan uchrashuv unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘lgan edi.

Gazetaning o‘sha paytdagi bosh muharriri Lutfulla Hamroyev, “Leninskiy put” (hozirgi “Samarkandskiy vestnik”) gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Vasiliy Pushkarev, Samarqand meditsina instituti rektori Muso Hayitov ishtirokidagi uchrashuvda Shoahmad aka o‘tmishi, farzandlarining kamolga yetib, o‘z o‘rnini topayotganini maroq bilan so‘zlab bergan edi.

Shoahmad Shomahmudov va u kishining yostiqdoshi Bahri opa Akramovaning ikkinchi jahon urushi davridagi qahramonligi tillarda doston bo‘ldi. O‘sha uchrashuvda bu ikki jannati insonning xayrli ishini davom ettirgan kattaqo‘rg‘onlik Hamid Samadov ham qatnashgan edi.

Shundan buyon oradan qancha vaqt o‘tmasin Shoahmad Shomahmudov, Hamid Samadovlarning qahramonliklari bugun ham odamlar yodida. Ularning vatanparvarlik fazilatlari haqida hikoya qiluvchi badiiy asar, kinofilmlar yaratildi. Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani hamda “Sen yetim emassan” filmi bu haqdagi tasavvur va tushunchalarimizni kengaytiradi.

Quvondiq Xalilov.