Muzeyga borishga qachon odatlanamiz?
Ochig‘i, o‘zim ham atrofimdagi ziyolilarning muzey va obidalarga kam borishidan xijolat chekaman.
Chet davlatlarga borganlarning aytishicha, ayrim xorijiy o‘lkalarda bunday maskanlarga kelayotganlar orasida mahalliy aholi ko‘pchilikni tashkil etar ekan. Nega biz bunday emas? Umuman, tarixga qiziqish, uni hurmat qilish, muzey va obidalarga borish ko‘nikmasi qayerda va qachon paydo bo‘ladi?
Nasabini bilmagan bola
Mashina ustaxonasi yoniga oq “Neksiya" kelib to‘xtadi. Ruldan 70 yoshlardan oshgan otaxon tushib keldi, samimiy chehra bilan salom-alik qilgach, qimtinibgina uzrini aytdi.
- Uzr, bolalarim, janozaga boryapman, mashina sal qiynalganga o‘xshadi. Ruxsat bersalaringiz, ustaga bir ko‘rsatib, tadbirga yetib borsam.
…Tabiiyki, biz, ustaga ishimiz tushgan boshqa mijozlar otaxonga e’tiroz bildirmadik. Aksincha, hurmatiga havasimiz keldi. Usta ham chaqqonlik bilan otaxonning mashinasini sozlashga kirishib ketdi. Bobo usta bolaning chaqqon harakatlari, pishiqligiga havas qildi, shekilli, unga gap tashladi.
- Yasha, bolam, kam bo‘lma, aqlli usta ekansan. Qayerdansan, kimning o‘g‘lisan?
Usta qo‘li ishda bo‘lsa ham ota-onasi, qarindoshlari qayerdanligi va kimdanligini aytib o‘tdi. Otaxon ularni tanimas ekan. Shuning uchun bobosini so‘radi. Yigit ham bobosini ko‘rmaganligini, u kishi vafot etganini aytdi. Otaxonning boshqa so‘rovlari ham javobsiz qoldi, negaki, usta avlodining kasb-u kori, hunarini aytib berolmadi. Hatto uchinchi-to‘rtinchi ajdodlarini ham bilmas ekan.
Otaxon jiddiy tortdi. So‘ng ishlayotgan ustaning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, dedi:
- Bolam, ajdodni bilmaslik katta ayb. Haliyam kech emas, surishtirib ko‘r. Sulolaning an’anasi sening hayoting mag‘zini belgilaydi. Bobolaringga, ota-onangga o‘xshashga harakat qil. Faqat mening gaplarimdan xafa bo‘lma…
Mashina soz holatiga kelgach, otaxon ish haqini berib, usta barobarida bizni ham duo qilib, tadbiriga shoshildi. U kishining oxirgi gaplari hammamizga ta’sir qildi.
Bahona bilan ish bitmaydi
Biz muzey va obidalarning yoshlar uchun chinakam darsxona ekanini ko‘p gapiramiz. Hatto bayramlarda yoki yozgi ta’tilda o‘quvchilarni bunday maskanlarga bepul olib borish choralari ham ko‘riladi. Bu albatta, vaqtinchalik tadbir. Garchi xalq ta’limi tizimidagi dasturlarda o‘quvchi-yoshlarni tarixiy obidalarga, muzeylarga olib borish majburiyati yuklangan bo‘lsa-da, na tizim rahbarlari, na o‘qituvchilar bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishmaydi.
Shuning uchun bu borada soha fikri bilan qiziqdim.
- 5-11-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv rejada muzey va madaniy meros ob’yektlarida amaliy mashg‘ulot o‘tish belgilangan, - deydi tarix fani o‘qituvchisi D.Narziyeva. - Chunki tarixiy obidalar va eksponatlar o‘quvchilarda tariximizga bo‘lgan tasavvurni boyitadi. Ming afsuski, ko‘p hollarda bunday natijaga erisha olmayapmiz.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, viloyatdagi o‘quvchilarning 50 ming nafardan ortig‘i o‘quv yili davomida diqqatga sazovor maskanlar, madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga sayohatga borgan. 10 foizi bu tadbirlarga jalb etilmagan. Ammo men o‘sha 50 ming nafar bolaning ham to‘liq borganiga ishonmayman. Chunki bu ish uchun mexanizm mukammal yaratilmagan.
O‘quvchilarning bu xildagi maskanlarga borishi uchun, birinchidan, tarix fani o‘qituvchisi juda fidoyi bo‘lishi, tizim boshqarma va bo‘limlari transportga mablag‘ ajratishi zarur. Ammo bu holat ko‘zga tashlanmaydi. Ajratilgan mablag‘ boshqarma hisobida turgani uchun uni maktabga olish, transport korxonasi bilan shartnoma tuzish va boshqa tashvishlar ancha vaqt oladi. Binobarin, o‘quvchi-yoshlarni madaniy meros ob’yektlariga to‘lovsiz kirishini ta’minlash Prezidentning 2023 yil 8 maydagi farmonida ham belgilangan. Ammo hanuzgacha shahar va tumanlarda maktablar uchun muntazam ravishda bolalarni bunday joylarga olib borib-kelishga transport vositasi ajratilmagan. Natijada hisobot so‘ralganda raqamlarni istagancha qo‘yib topshiraveramiz.
Agar ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz xorijdagi shunaqa chiroyli muzeylarni ko‘rsatishadiki, o‘sha zahotiyoq u yerga borish havasi uyg‘onadi kishida. Muzeyning ko‘rinishi, unga kirish-chiqish tartibi, ichidagi havastortar eksponatlar, tabiiyki, e’tiboringizni qaratadi. Hatto buni xorijga borib-kelgan hamyurtlarimiz ham ta’kidlashyapti, aniqrog‘i, maqtashyapti.
Endi o‘zingizga savol bering: biz qaysi bir muzeyimiz haqida ana shunday tasavvurga egamiz? Odamlarning, bolalarimizning muzey va obidalarga borishga uncha darajada qiziqmayotganligining sababi ham bunday maskanlarning diqqattortar emasligida emasmikin? Bu haqda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusovning fikrlarini o‘rgandik.
- Yurtimizda ilk muzeylar tashkil topganiga 140 yil bo‘ldi, - deydi u kishi. - Albatta, ularni zamonaviy tusga keltirish bo‘yicha juda ko‘p ish qilinyapti. Madaniy-meros agentligi tuzildi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ochildi, texnologiya jihozlari ham keltirilyapti. Bundan tashqari, xorijdan ko‘rgazmalar uyushtiryapmiz, ko‘plab muzeylar ta’mirlanyapti.
Ammo mutaxassis sifatida ta’kidlamoqchimanki, biz hali muzeylarimiz jozibadorligi, mazmundorligi va ommaviyligini ta’minlash uchun juda ko‘p ish qilishimiz kerak. Shu o‘rinda bir misol aytib o‘tsam, yaqinda Parijda olti metrlik Afrosiyob devori va boshqa shu davrga oid ashyolarni namoyish qildik. Kataloglar chiqardik. Fransiyaliklar shunchalik qiziqdiki, ashyolarimiz katalogi to‘rt marta qayta nashr qilinib, qirq ming nusxada sotildi. Bizda esa butun boshli viloyatdagi birorta muzeyga ekskursovod shtati ajratilmagan. Sayyohlik firmalari ekskursovodlari esa bilimda hali talabga javob bermaydi.
Muzeylarimizni zamonaviy qilish uchun nafaqat ularni ta’mirlash, zamonaviy texnologiyalar bilan qurollantirish, atrofini obod qilish kerak, balki xizmat ko‘rsatishning ham samarali usullarini joriy qilishimiz lozim. Bizning esa ko‘zimiz bundan 30-40 yil oldingi holatlarga ko‘nikib qolgan. Agar yoritish moslamalarini hisobga olmaydigan bo‘lsak, eksponatlar targ‘ibotida o‘zgarishlar kam.
Mutaxassis fikridan ayon bo‘lyaptiki, bizda ham muzey va tarixiy obidalarni ommaviy ziyorat maskanlariga aylantirish choralari ko‘rilishi kerak. Toki bu yerga keluvchi har bir inson, avvalo, ko‘p ma’lumotga ega bo‘lishi, o‘z xalqi tarixi bilan g‘ururlanishi, ma’naviy ehtiyojini qondirishi va shuning barobarida, avlodlarning ham ana shu an’analarga sodiqligini ta’minlashi lozim.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.