Muzqaymoq foydalimi yoki zararli?
Unda qancha kaloriya bor?
Muzqaymoq, qoida tariqasida, sanoat usulida tayyorlanadi. U asosan sut yoki qaymoq, shakar, suv va quyuqlashtiruvchi moddadan iborat. Bir porsiya muzqaymoqning kaloriya tarkibi 100 dan 400 kkalgacha bo‘lishi mumkin. Bu ko‘rsatkich sut mahsulotlari va boshqa tarkibiy qismlarning yog‘ miqdor foiziga bog‘liq.
Muzqaymoq foydasi
Ba’zilar uchun muzqaymoq tetiklashtiruvchi, xushxo‘r desert bo‘lsa, boshqalar uni yuqori kaloriyali va nosog‘lom mahsulot deb hisoblaydi. Ammo muzqaymoq boshqa ko‘plab mahsulotlar kabi foydali va zararli fazilatlarga ega.
Kalsiy manbai
Muzqaymoq inson tanasi uchun zarur makroelementdan iborat sutli mahsulotdir. Mushak-skelet tizimining rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim bo‘lgan kalsiy, yurak-qon tomir tizimida zarur magniy va kaliyni o‘z ichiga oladi. Tabiiy sut yoki qaymoq, meva va ziravordan iborat muzqaymoq A, S, Ye vitaminlarini o‘z ichiga oladi.
Stressni quvadi
Muzqaymoq iste’mol qilish asabiylashish darajasini kamaytiradi. Boshqa shirinliklar singari u ham stressga qarshi endorfin ishlab chiqarishga yordam beradi.
Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi
Yogurtga asoslangan shirinlik ichak mikroflorasini normallashtirishga yordam beradi va sog‘lom oshqozon-ichak traktiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari bo‘lganlar uchun sut mahsulotlarini ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilgan ma’qul, albatta.
Vaznni oshirmaydi
Bo‘yoq va ta’m beruvchi qo‘shimchalar qo‘shilmagan, kaloriyasi past mahsulotni me’yorida iste’mol qilsa vazn ortishiga ta’sir etmaydi. Buning uchun ishlatilgan ingrediyentlar ro‘yxatini ko‘zdan kechirish zarur. Agar tarkibida tabiiy mahsulotlar, meva va rezavorlar bo‘lsa, bunday muzqaymoqni vazn ortishidan xavfsiramay, bemalol iste’mol qilish mumkin. Boshqa shirinlik va pishiriqlardan farqli o‘laroq, uning kaloriya miqdori past bo‘ladi.
Zarari
Muzqaymoq ortiqcha vazn, semirishga moyillik, oshqozon-ichak trakti kasalliklari, masalan, gastrit, pankreatit, qandli diabeti bo‘lganlar muzqaymoqdan tiyilgani ma’qul. Shuningdek, muzqaymoqdan keyin birdan issiq ichimlik ichish tavsiya etilmaydi. Harorat keskin o‘zgarishi tish emaliga salbiy ta’sir qiladi.
Muzqaymoq tomoq og‘rig‘ini tuzatadimi?
Tomoq og‘riganda muzqaymoq iste’mol qilish foydali, degan fikr mavjud. Bu aslida noto‘g‘ri. Shirinlik kasallikdan xalos bo‘lishga yordam bermaydi, vaziyat, aksincha, yomonlashishi mumkin. To‘g‘ri, ko‘pincha tomoq og‘rig‘i shilliq qavatning shishishi bilan birga keladi va terapevtik amaliyotda, dastlabki bosqichlarda to‘qimalar shishishida sovuqdan foydalaniladi.
G.Xoldorova tayyorladi.