Nabiram bilan dars qildim... Yoxud "Alifbo" haqida mulohazalar
Oila desam, biri tanu
Biri jondek ko‘rinar.
Mo‘’jazgina mustahkam
Bir vatandek ko‘rinar.
Oila - otam, oila - onam,
Oila - ukam ko‘zlari.
Oila – cinglim, oila – bobom,
Buvijonim so‘zlari.
Men ulardan o‘zimni
Tasavvur etmam ayro.
Oila kichik vatanim,
Men jilg‘aman, u – daryo.
Bu - birinchi sinfga borib, 4 kun darsga qatnashgan o‘quvchi bolaga yodlash uchun berilgan she’r matni. Muallif Zahro Hasanova.
Ziyoli, jurnalist bo‘lganim uchun uni quvvai hofizam darajasida tahlil qilishga urindim.
Oila desam biri tanu
Biri jondek ko‘rinar...
Avvalo… "oila desam" iborasidan so‘ng vergul yo‘q. Bu yerda muallif-shoir “biri tan” va “biri jon” deganda nimani nazarda tutyapti? Tan va jonning nimaligini, bir-biriga qanday bog‘liqligini, inson hayotidagi ahamiyatini endigina maktabga borgan bolakay tushunadimi?
Oila - otam, oila - onam,
Oila - ukam ko‘zlari.
Oila – cinglim, oila – bobom,
Buvijonim so‘zlari.
“Ko‘zlari” va “so‘zlari” qofiya uchun keltirilganga o‘xshadi. Oxirgi satrda bitta bo‘g‘in kam.
Men ulardan o‘zimni
Tasavvur etmam ayro.
To‘g‘ri. She’riyatda matn oddiy so‘zlashuv tiliga nisbatan murakkabroq: ega-kesim va boshqa gap bo‘laklari o‘rni almashib kelishi mumkin. Zukko va nisbatan tajribali o‘quvchi gapning mag‘zini topib oladi. Lekin buni 4 kunlik o‘quvchi hazm qila olarmikan? Ayniqsa, “tasavvur etmam ayro” degan misrani…
Oila kichik vatandir
Men jilg‘aman, u – daryo.
Kamina “ayro” degan so‘z she’rda nega ishlatilganini tushunmay turgandim, keyin angladim - “daryo” so‘ziga qofiya uchun ekan. Yoki aksincha.
Nabiram “jilg‘a” nimaligini tushunmadi, kichik ariqcha, dedim. Daryoni tushuntirganimdan keyin ozroq tasavvur hosil qildi. Ikkalasining bog‘liqligini, ayniqsa, oilaga nima dahli borligini baribir hazm qilolmadi.
Ehtimol, geografiya fani o‘qilgach, tushunib olar. Ushbu she’rni baholashdan yiroqman, u kimningdir ijod mahsuli. Lekin “Alifbe”ning birinchi sahifalariga joylashtirish to‘g‘rimi? Maktabga ilk qadam qo‘ygan o‘quvchiga og‘irlik qilmaydimi?
Ushbu xulosalar birovdan eshitib emas, nabiram bilan birga dars qilish jarayonida yuzaga keldi. Boshlang‘ich sinfda Ona va Vatan tushunchasini oddiy, sodda, mehr-muhabbat bilan tushuntiradigan she’rlarni yodlaganmiz va haligacha mazza qilib aytamiz:
Mening ikki onam bor,
Ikkisi ham mehribon...
Menimcha, qolganini yuzlab, minglab odamlar ayta oladi. Chunki uning so‘zlari tushunarli, ma’nisi ravshan.
Sadriddin NABIYeV.