Nahotki dinni shu yo‘l bilan o‘rgatib, targ‘ib qilish to‘g‘ri bo‘lsa?!

Shunday davralarda yoshi o‘ttizdan oshgan bir yigit negadir Qobil bilan qalinroq so‘rashadigan, uni tez-tez suhbatga tortadigan bo‘ldi. Akbar ismli bu yigit boshqalardan ajralib turishga, o‘zini juda aqlli ko‘rsatishga harakat qilardi. Ba’zan qandaydir diniy kitoblar olib kelar va undan ba’zi mavzularni o‘qib berardi. Akbar ko‘proq din, hijob, namoz haqida gapirardi. U boshqa joyda ishlardi va ish joyini barchadan sir tutardi. Uning tez-tez Qobil ishlaydigan joyga kelishi, ma’ruzalar o‘qishi, "Qani, birodarlar, yuz-yuz rubldan tashlab, bir osh qilaylik, bir o‘tiraylik", deb majburiy davra qurishi ko‘pchilikka yoqmasdi. Lekin u kelib-ketishni kanda qilmasdi.

Bir safar Akbar bir nechta kitob olib keldi va bittasini Qobilga sovg‘a qildi. U kitobni olishga oldi-yu, ko‘nglida qandaydir g‘ashlik paydo bo‘ldi.

– Aka, bu qanaqa kitob? – dedi to‘satdan Akbarga qarab.

– Qiziqmisiz, Qobiljon, qanaqa kitob bo‘lishi mumkin? Nima, men sizga yomon kitob berarmidim? – dedi ham jahl, ham ayyorlik bilan.

– Aka, men bu yerga kitob o‘qish uchun kelmaganman, ishlashim kerak. Kitob o‘qish esa vaqtimni oladi. Uzr, kitobingizni ololmayman, – dedi va kitobni stolga qo‘ydi.

– E, men sizni yaxshi yo‘lga boshlayman desam, siz shunday qilyapsizmi? Bu kitobni o‘qimagan kishi hech qachon chin musulmon bo‘la olmaydi. Oling, Qobiljon, men sizdan pul so‘rayotganim yo‘q-ku!

– Yo‘q, aka, menga kitob kerak emas. Uyga, O‘zbekistonga borsak, nasib bo‘lsa, emin-erkin oyoqni uzatib, kerakli kitoblarni bemalol o‘qiymiz, – dedi hazil-chin aralashtirib.

– Nima, bu kitob keraksizmi? Kim aytdi sizga keraksiz kitob deb? E, o‘qimasangiz o‘qimang, o‘qiydigan topilib qolar, – deb zarda bilan kitobni sumkasiga soldi va xonadan chiqib ketdi.

Oraga jimlik cho‘kdi. Suhbatni eshitib turgan hamxonalari bir so‘z demasdan bir-biriga qarab qo‘yishardi.

– Qobiljon, to‘g‘ri qildingiz, – dedi yoshi qirq beshlarni qoralagan Mamat aka jimlikni buzib. – Rostdan ham bu yerga ishlagani kelganmiz. Bizga hech qanday kitob kerak emas, to‘g‘ri aytdingiz.

Haqiqatan ham Akbar hech kimga yoqmas edi. Lekin biror kishi unga qarshi gapirmasdi. Qobilning to‘g‘riso‘zligi, fikri tozaligi, dunyoqarashi kengligi va mardligi hamxonalariga ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, Qobilning "Har doim hushyor bo‘lishimiz, har kimga, ya’ni Akbarga o‘xshaganlarga ishonmasligimiz, bundaylarning nayranglariga uchmasligimiz kerak. Ota-onamiz va Vatanimizning ishonchini oqlab yashaylik. Rossiya ham vaqtinchalik, mayli, shu yerlarda ishlash bizga nasib etgan ekan, tinchgina ishlab, yurtimizga qaytib boraylik", degan so‘zlaridan keyin uni yana ham yoqtirib qoldilar.

Shu-shu bo‘ldi-yu, Akbar bu yerga qaytib kelmadi…

Kunlarning birida Qobil shahar aylanib, tezyurar poyezdga chiqdi. Odam gavjum, hamma qayergadir shoshmoqda, o‘zi bilan o‘zi ovora. Xayol og‘ushida kelayotgan Qobilning ko‘zi unga qiziqish bilan qarayotgan bir erkak va ayolga tushdi. Erkakning qo‘lida kattaligi kichik ekranli televizorcha keladigan sumka bor edi. Ayol esa bir nechta kitoblarni ushlab olgan. Qobil nigohini boshqa tomonga burdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, bu ikki shaxs uning yonidagi bo‘sh joyga kelib o‘tirdi. Ko‘rinishidan mahalliy aholi vakillariga o‘xshardi.

Birinchi bo‘lib ayol gap boshladi.

– Assalomu alaykum, kechirasiz, millatingiz nima? – dedi u Qobil tushunadigan tilda.

– O‘zbekman, – javob berdi Qobil biroz ajablanib.

– Hayron bo‘lmang, meni Valya, turmush o‘rtog‘imni Fyodor, deb atasangiz bo‘ladi. Bizlar siz bilan bir qavmdanmiz, shuning uchun tillarimiz o‘xshash. Ko‘zimizga issiq ko‘rindingiz, – dedi ayol.

– Ismingizni aytolasizmi, yaqindan tanishar edik, – suhbatga aralashdi  erkak.

Qobil o‘zini tanishtirib, ayolning qo‘lidagi kitoblarga imo qilib, so‘radi.

– Tirikchilikmi?

Shunda ayol shijoat bilan gapni uzoqdan boshladi. Har bir inson biror dinga e’tiqod qilishi lozimligi, Alloh yagonaligi va hokazo. Nutqining kirish qismidan so‘ng (bu so‘zlarni doimiy qaytarganligidan yodlab olgandek edi) u kitob-lardan birini Qobilga tutqazdi va yuqoridagi mazmunda gapirib, rus tilida yozilgan kitobga izoh bera boshladi.

Qobil hushyor tortdi va suhbatdan o‘zini olib qochish maqsadida tashqariga boqib, atrofni tomosha qila boshladi. Bo‘sh kelmaslikka harakat qilgan ayol uning diniy amallarni bajarishi haqida qiziqib, savol bera boshladi. Bunga javoban Qobil Naqshbandiyning "Qo‘ling ishda, ko‘ngling Allohda bo‘lsin", degan hikmatini keltirib o‘tdi.

Poyezd to‘xtadi, "targ‘ibotchilar" kitobni Qobilning qo‘lida qoldirib, tushishga otlandilar. Uni birdan ter bosdi, yengil tin olish uchun u ham pastga tushib, bekatdagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Bepul holda kitobni tashlab ketishlari uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi.

Nahotki dinni shu yo‘l bilan o‘rgatib, targ‘ib qilish to‘g‘ri bo‘lsa?! Joylarda rasmiy maqomga ega bo‘lgan idoralar bor-ku! Qobil shunday xayollar bilan o‘z Vatani – O‘zbekistonni ko‘z oldiga keltirdi. Toshkent shahridagi islom universiteti, diniy yo‘nalishda ta’lim beruvchi madrasalar, diniy ulamolar, masjidlar muntazam va erkin faoliyat yuritishini yodga oldi. Bundan tashqari, qaysi kitob do‘koniga kirmang, diniy-axloqiy mazmundagi adabiyotlarga ko‘zingiz tushadi. Bularning barchasi musulmonlarning ehtiyojini yetarli darajada ta’minlab kelmoqda.

Qobil poyezddagi kimsalar rasman maqomga ega emasligi, shuning uchun ham chekka-chekkalarda yurib, sodda odamlar ongini zaharlash bilan mashg‘ul bo‘lishini tushunib yetdi. Dinni niqob qiluvchi g‘alamislarga qarshi yuragida nafrat yanada kuchaydi va "sovg‘a"ni o‘rindiqda qoldirib, poyezdga chiqish uchun o‘rnidan turdi.

Shunda Qobilning ko‘zi beixtiyor yana o‘sha ayol va erkakka tushdi. Ular bekatdan uncha olis bo‘lmagan joyda yana kimgadir o‘z "sovg‘a"larini berish bilan ovora edilar.

D.VALIYeV.