Namoz botir.  U kim, qachon va qayerda tug‘ilgan?

1904-1907 yillarda Turkistondagi mustamlaka zulmiga qarshi kurash olib borgan qasoskor Namoz botir harakati o‘zbek xalqi tarixida o‘chmas iz qoldirgani bilan alohida ahamiyatga ega.

  Xo‘sh, Namoz Pirimqul o‘g‘li kim va qayerda tug‘ilgan? Ushbu savolga javob topish uchun “O‘zbek sovet ensiklopediyasi”ning 7-tomini varaqlayman (O‘zbekiston FA akademigi Mo‘minov I.M. tahriri ostida. Toshkent, 1976 yil, 539-bet):

 “Namoz Pirimqul o‘g‘li 1865-1907 yillar. 1905-1907 yillardagi rus burjua-demokratik revolyusiyasi davrida Samarqand atrofidagi qishloqlarda ko‘tarilgan xalq harakati yo‘lboshchisi (qachon, qayerda tug‘ilganligi aytilmagan)...”.

 “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” sahifalarida (Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent-2003 yil, 262-bet. (Taxminan 1877 yil Kattaqo‘rg‘on, O‘tarchi qishlog‘i - 1907 yil) yozilishicha, “Samarqandda milliy zulm va haqsizlikka qarshi ko‘tarilgan ommaviy xalq harakati boshlig‘i... Namoz Pirimqul o‘g‘lining qilgan ishlari xalq o‘rtasida doston bo‘lib ketgan. Xalq baxshisi Nurmon Abduvoy o‘g‘li “Namoz” dostonini yaratgan” (tarixchi Naim Norqulov).

 “O‘zbekiston xalqlari tarixi” darsligiga (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyoti, Toshkent-1993-yil, 194-bet) ko‘ra, “Namoz Pirimqul o‘g‘li aslida Kattaqo‘rg‘onning Eshon (ba’zi manbalarda O‘tarchi) qishlog‘idan bo‘lib, tergov hujjatlariga qaraganda, 1877 yilda tug‘ilgan. Ota-onasi chaqaloqligidayoq vafot etib, 7-8 yoshlargacha amakisinikida yashaydi...”.

 Tarixchi olimlar Naim Norqulov va Hamdam Sodiqov “Guliston” jurnalining 1972 yil 5-sonidagi “Namozdayin bir zo‘r o‘tdi jahonda...” maqolasida “Namoz Pirimqul o‘g‘li Kattaqo‘rg‘onning O‘tarchi qishlog‘idan bo‘lib, 1877 yilda tug‘ilgan. Bolaligidayoq yetim qolib, avval amakisinikida yashaydi, so‘ng qarovsiz bolalar bilan topishib, Samarqand va Toshkent shaharlarida darbadar yuradi”, deb yozadi.

 Yana Naim Norqulov va yozuvchi Samariddin Sirojiddinovning 1972 yil “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida berilgan “Namoz kim edi?” sarlavhali maqolasida “Namoz asli kattaqo‘rg‘onlik, 1865 yilda Eshon qishloqda tug‘ilgan”, deyiladi. Jurnalist Mardi Nuriddinovning “Qindan chiqqan qilich” qissasida (“Lenin yo‘li” gazetasi, 1979 yil 10-30 aprel sonlarida) “Namoz asli Kattaqo‘rg‘ondagi Eshon qishloqda tug‘ilgan. Hali beshikdaligida onasi qazo qilgan. Otasi taqdir taqozosi bilan Dahbed volostining Qo‘shmachit qishlog‘iga kelib qolgandi...”, deyiladi.

 Nurobod tumani Jom qishlog‘ilik tarixchi Odil Husanov “Erk uchun qindan chiqqan qilich” maqolasida (“Zarafshon” gazetasi, 2006 yil, 18 iyul) Namozni Jomda tug‘ilgan, deb yozadi.

 Mana, xalq qahramoni Namozning qayerda va qachon tug‘ilganligi bilan bog‘liq turfa qarashlar. Kamina ham 1979 yil Samarqand davlat universitetining tarix fakultetini bitirish arafasida yozgan diplom ishimda 1970 yillar gazeta va jurnallarda bosilgan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan manbalarga tayanib, Namoz Kattaqo‘rg‘on uyezdining Mitan volostiga qarashli O‘tarchi qishlog‘ida tug‘ilgan, deb yozganman. Shundan buyon oradan qariyb 45 yil o‘tdi.

 Garchand, shu yillar davomida Namoz botir xotirasini abadiylashtirish va harakatining 100 yilligiga bag‘ishlab ilmiy konferensiya hamda boshqa tadbirlar o‘tkazish uchun yozuvchilar, tarixchi olimlar bilan ko‘p marotaba uchrashgan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qatnagan bo‘lsam-da, aytarli natijaga erishmadim.

 Shu vaqt mobaynida Namoz Pirimqul o‘g‘li harakati to‘g‘risidagi manbalarni yanada ko‘proq to‘plash, tanqidiy o‘rganish, mukammalroq ilmiy kitob yaratish orzusi menga tinchlik bergan emas. 2021 yil yanvar oyidan buyon O‘zbekiston Milliy arxivi va Alisher Navoiy nomli Milliy kutubxonada o‘tirib, manbalarni yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qilyapman. Qolaversa, Namoz botir va opasi Ulug‘oy Pirimqul qizi (enamning katta onasi, buvisi) ruhlari mendan shuni kutmoqda, deb o‘ylayman.

Bu borada o‘zining beg‘araz yordami va maslahatlarini ayamagan tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov va Hamdam Sodiqovlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

 Xalqimizda “Kezi kelsa, faqat qog‘oz gapiradi”, degan ajoyib bir ibora bor. Endi arxiv hujjatlari bilan tillashadigan bo‘lsak, dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1904 yilda Namoz Pirimqulovning yoshi 32 da bo‘lgan (bundan chiqdi, 1872-1873 yillarda tug‘ilgan).

 “...tug‘ilgan joyi: Buxoro amirligining Boysun shaharchasi (hozirgi Surxondaryo viloyati);

 - doimiy yashash joyi: Jar qishloq, Samarqand uyezd, Dahbed volosti;

 - lavozimi: yo‘q;

 - millati va urug‘i: o‘zbek, qo‘ng‘irot;

 - oilaviyligi: uylangan, bolasi yo‘q;

 - mashg‘uloti va hunari: o‘g‘rilik (o‘sha davrda mustamlakachi hukmronlar va boy amaldorlar Namozni o‘g‘ri, qaroqchi deb atashgan);

 - mulki bormi: Jar qishloqda o‘ttiz tanob yeri va hovlisi bor;

 - ilgari ham sudlanganmi: 1902 yil Siyob mirovoy sudi qarori bilan to‘qqiz oyga qamalgan;

 - ko‘rinishi: o‘rta bo‘yli, qorasoqol” kabi ma’lumotlar keltirilgan (O‘zbekiston Milliy arxivi F.I-130. Ro‘yxat -1, yig‘ma jild 2894, XI tom, 5-bet).

 Bundan tashqari, Samarqand uyezdi 2-uchastka mirovoy sudi tomonidan Dahbed pristavi nomiga 1905 yil 31 martda yuborilgan 918-sonli (11-sonli delo yuzasidan) maxsus xatda Dahbed volostining Jar qishlog‘ida yashovchi 1630- va 1632-moddalar bo‘yicha ayblanayotgan Namoz Pirimqulov haqida shoshilinch ma’lumot yuborishni so‘raydi. Bu rasmiy xatga javoban yuborilgan ma’lumotnomada “Namoz Pirimqulov, 32 yosh, tug‘ilgan joyi Buxoro amirligining Boysun shaharchasi” (O‘zbekiston Milliy arxivi F.I-130. Ro‘yxat-1. Yig‘ma jild 2931, VI-tom, 65-bet) ekanligi ko‘rsatilgan.

 Uchinchi bir rasmiy hujjatda ham Namozning Buxoro amirligining Boysun shaharchasida tug‘ilganligi, 5 yoshida Dahbed volostiga kelganligi, xotini va uy-joyi borligi (o‘sha joyda F. I-130. Yig‘ma jild 2964. 8-tom, 82-bet) ko‘rsatib o‘tiladi.

 Arxiv hujjatlariga ko‘ra, Namoz 1872-1873 yillar Buxoro amirligining Boysun shaharchasida tug‘ilgan bo‘lib chiqmoqda. Endi ularni qanday qilib o‘sha davrdagi Samarqand uyezd Dahbed volosti yaqinidagi Jar qishlog‘iga kelib qolganligi haqida fikrlashsak.

Oila boshiga kulfat tushib, ota-onasidan barvaqt ajralgan Ulug‘oy, Namoz va hozircha ismi aniqlanmagan yana bir singlisi ularning yaqin qarindoshlari tomonidan Jar qishloqqa ko‘chirib keltirilgan. Namozning bu qishloqda avvaldan yashab kelayotgan bir qancha qarindosh-urug‘lari bo‘lgan, deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki arxiv hujjatlarida Namozning yaqin qarindoshlariga uylangan bir nechta fuqarolarning nomlariga duch kelamiz. Jumladan, “Xolbek Xo‘jayorov - 38 yosh. Dahbed volostining Jar qishlog‘ida yashaydi. Dini musulmon. Namozning pochchasi. Pirimqul qizi Ulug‘oyga uylangan” (o‘sha joyda yig‘ma jild 2931, 120-bet).

 Samarqand okrug sudining Kattaqo‘rg‘onda bo‘lib o‘tgan tergovida Namozning xizmatkori Hamroqul Do‘stboboyev bergan ko‘rsatmada “Egamberdiyev Rayimberdi – Jar qishloqdan, 19-20 yosh, o‘rta bo‘yli, qoshi qalin, ko‘zi qora, soqoli yo‘q. Namozning kuyovi”, degan ma’lumotlarni beradi (o‘sha joyda yig‘ma jild 2963, 28-bet). Bu odam haqidagi ma’lumotlar arxiv hujjatlarining boshqa sahifalarida ham bo‘lib, kuyovi ekanligi ta’kidlanadi.

 1905 yil 29 sentyabr kuni Namozning o‘rtoqlari bilan o‘z uyiga kelmoqchi bo‘lganligi haqida mish-mish chiqadi. Bu xabarni eshitgan Dahbed volosti boshqaruvchisi Mirza Hamid Husainboyev, Jar qishloq jamiyati oqsoqoli Mirzamuhammadqul Nurillayev, ellikboshi Abduvohid Abdusamatov, shuningdek, 2 nafar kazak askari, oqsoqolning yigitlari Sultonbek Yovqochdiyev va Avaz Abdurashidov, jami 6 kishi kechasi soat 5 da Namozning uyini bosadilar. Bu yerda qo‘lga olinganlardan biri “Boshmon Avazmurodov bo‘lib, Buxoro amirligining Qarshi shahridagi Jumabozor qishlog‘idan ekanligi, Namoz bilan 6 yildan buyon tanishligi, uning qarindoshiga uylangani, hozir esa Namozning uyidagi qurilishga yordam berayotganligi”ni aytadi (o‘sha joyda yig‘ma jild 2931. 64-bet).

1979 yil diplom ishi yozish davomida jarqishloqlik Rajab ota Normurodov (1895-1979 yillar.) va qo‘shni qo‘shqo‘rg‘onlik Sanaqul ota Xudoydodovlar (1896-1984 yillar.) bilan ko‘p suhbatlashganman. Ayniqsa, Rajab ota Normurodovning Namozni bir necha marotaba ko‘rgani, opasi Ulug‘oy va boshqa qarindosh-urug‘larini bilganligi, opasining uyiga toshkentlik yozuvchilar kelganligini (1927-1928 yillarda Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon kelgan. Ulug‘oy katta onamizni Samarqand shahriga foytun aravada olib ketib, birga rasmga tushgan) aytib bergan. Bundan tashqari, Nurmon shoirning Jar qishloqqa kelib, choyxonada do‘mbira chertib, “Namoz” dostonini kuylagani va nihoyat Namozning Galabek degan joyda o‘ldirilganligi kabi ma’lumotlar hozirda arxiv manbalariga mosligi bilan ham yanada qimmatli.

Qariyalarning aytishicha, Namoz jarqishloqlik Javlonqul degan kishining Tiniq ismli qiziga uylangan. Biroq ular o‘rtasida farzand tug‘ilmagan.

 Namoz haqida film ishlash uchun 1958 yilda Jar qishloqqa bir guruh kinochilar kelishadi. Kinorejissyor tatar kishi bo‘lgan va Abdulla Qodiriy bilan Ulug‘oy katta onamiz birga tushgan va enam uzoq yillar saqlab kelgan so‘nggi nusxa rasmni qaytarib berish sharti bilan oladi. Biroq na kino ishlab yakuniga yetkaziladi, na rasm qaytariladi. 1990 yil Abdulla Qodiriyning uy-muzeyi tashkil etilishi munosabati bilan biznikiga toyloqlik shoir Jamol Sirojiddin bilan Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy kelishdi. Uy-muzeyga qo‘yish rejalashtirilgan o‘sha noyob rasmni topib berolmaganimizdan ancha xijolat bo‘ldik.

“O‘zbekiston xalqlari tarixi” darsligida berilgan ma’lumotlar va tarixchi olimlarimiz N.Norqulov va H.Sodiqov, shuningdek, o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida men suhbatlashgan nuroniy otaxonlarning gaplariga qaraganda, Namoz va uning opa-singlisini Jar qishloqqa ko‘chirib olib kelgan yaqin kishisi uning amakisi bo‘lgan. Ular shu xonadonda o‘sib, voyaga yetgan. Akasining uchta yetim farzandini o‘z bag‘riga olib, ularga otalik qilgan amakisi Jar qishloqlik bo‘lgan ekan, shu qishloqda shuncha qarindosh-urug‘i va ukasi bo‘lgan Namozning otasi jarqishloqlik bo‘lishi mumkinmi?

 Darhaqiqat, shunday bo‘lganligi uchun ham bu yerda muqim yashab kelayotgan yaqin kishilari ularni olib keldi va o‘z qaramog‘iga oldi. Mantiqan fikrlagan har qanday kishi bu gaplarga e’tiroz bildirmasligi turgan gap. Namozning otasi qanday qilib Boysun shaharchasiga borib qolgan, o‘sha yerdan uylanganmi yoki boshqa sababmi, buyog‘i bizga qorong‘u.

Namoz bilan shaxsan tanish bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on uyezdining Enamyaxshi qishlog‘ilik Nurmon shoir Abduvoy o‘g‘li o‘zining “Namoz” dostonida shunday deydi:

 Namozbek deydilar asli otini,

Dahbed deydi o‘sgan viloyatini.

Bir fasil qilayin ta’rifotini,

Gazet bilan eshitib edi Nikolay,

Zor yig‘ladi o‘rdadagi xotini (O‘zbek poeziyasining antologiyasi. Nurmon Abduvoy o‘g‘lining “Namoz” dostoni. O‘z.Dav.nashr. Toshkent-1948-yil, 215-bet).

 Akademik Boturxon Valixo‘jayev “Mirzo Qo‘qonboy kim bo‘lgan?” maqolasida yozuvchi Mirzo Qo‘qonboyning Dahbed volosti qozixonasida Namoz bilan uchrashgani va u haqida yaxshi taassurotda bo‘lganligi haqida yozadi (“Zarafshon” gazetasi 2004-y. 12 avgust).

Jurnalist va tarixchi olim H.Sodiqov “Obщyestvennie nauki v Uzbekistane” jurnalining 1978 yil 4-sonidagi ilmiy maqolasida “Namozning doimiy yashash joyi Jar qishloqda, uy-joyi, oilasi bor” (H.Sodiqov, “Obщyestvennie nauki v Uzbekistane” jur. № 4-son, 1978 yil 54, 58-betlar)ligi haqidagi o‘zining xolisona fikrini bildiradi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Namoz botir haqida qachon va qayerda gap ketsa, yashagan joy Dahbed volosti, qishlog‘i esa Jar qishloq ekanligi aytiladi. Bu ikki nom atamasi Namoz botir nomi bilan chambarchas bog‘liq. Tarixda Dahbed, Dahbet, Dovut va Dog‘bet kabi nomlar bilan atalib kelingan bu tabarruk zaminda islom olamidagi uch buyuk a’zamning biri Maxdumi A’zam mangu qo‘nim topgan. Sal naridagi tarixiy Jar qishloqda millat sha’ni va qadri uchun qo‘liga qurol olib, mustamlaka siyosati va Turkiston general-gubernatorini zir titratgan hamda o‘tgan asr boshlaridagi eng mashhur shaxsga aylangan Namoz botir yashagan.

O‘ktam Ikromov,

 tadqiqotchi tarixchi.