Narpayda aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining savdosi fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Narpay tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida tuman hududida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqaro M.N. Alisher Navoiy nomli mahalla hududidagi savdo do‘konida sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 51 turdagi umumiy bahosi 41,3 mln so‘mlik 916 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘yganligi aniqlangan va ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bundan tashqari, Departamentning tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “N.E.” xususiy korxonasi rahbari E.T. “Mirbozor bozori”dagi savdo do‘konida kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 29 turdagi umumiy bahosi 60 million so‘mlik 3147 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotuvga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.