Narpayda nogironligi bor, “daftar”da turgan ayollar ishli bo‘lyapti
Shu yilning mart oyida Narpay tumanidagi Sarbozor qishlog‘ida ish boshlagan tikuvchilik fabrikasida 250 nafardan ziyod xotin-qiz mehnat qilyapti.
- Korxonamiz 160 nafar ishchi bilan faoliyat boshladi, - deydi “Narpay tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘lim boshlig‘i Hayotxon Siddiqova. – Bugungi kunda ular soni 260 nafarga yetdi. Bu yerda 10 turdan ziyod trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi. Korxona yiliga 3 million dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxonada mehnat qilayotganlarning aksariyatini shu paytgacha ishsizlik muammosi qiynab kelgan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy “daftar”lar ro‘yxatida turganlar tashkil etadi.
- Navoiy shahridagi kollejda tikuvchilik yo‘nalishida o‘qidim, - deydi eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan birinchi guruh nogironi Mohira Shermatova. – May oyida shu korxonaga ishga kirdim. Bu yerda biz, ishchilar uchun barcha sharoitlar bor. Bepul tushlik, ishga qatnash uchun maxsus transport tashkil qilingan.
- Kollejda hisobchilik yo‘nalishida o‘qiganman, - deydi tumanning Nog‘oraxona mahallasida yashovchi Visola Ashurova. – Qariyb o‘n yildan beri meni ishsizlik muammosi qiynardi. Tumanimizda katta tikuvchilik fabrikasi ochilganini eshitib, bu yerga ish so‘rab keldim. Korxona rahbariyati iliq kutib oldi. Bu yerda mehnatga yarasha haq to‘lashi menga juda ma’qul keldi. Ish boshlaganimda 1 million 400 ming so‘m maosh olardim. Mana, oradan 6 oy o‘tib, 2,5 million so‘m olyapman. Ishchilarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Vaqti-vaqti bilan taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etiladi.
Kelgusida korxona faoliyati yanada kengaytirilib, yil oxirigacha ishchilar sonini 500 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Bu ishlab chiqarish quvvati ham qariyb ikki baravarga oshadi, degani.
Feruza Mamatqulova,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (surat).