Narpayda profilaktika inspektori tunda o‘g‘irlik qilayotgan 3 nafar shaxsni qo‘lga oldi
2020 yilning 17 dekabr kunidan 18 dekabr kuniga o‘tar kechasi Narpay tumani hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda unga qarshi kurashish bo‘yicha tungi patrul xizmatiga jalb qilingan Narpay tumani IIB HPB TP profilaktika inspektori, katta leytenant O‘tkir Bo‘rkiyev tungi soat 02:30 larda Narpay tumani O‘zbekkenti va Tepaqo‘rg‘on mahallasi hududida o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida, ushbu mahallalar hududida joylashgan, “O‘ztelekom” AJ “UZMOBILE” uyali aloqa kompaniyasiga tegishli tayanch baza stansiyasida bo‘lgan antenna atrofida shubhali shaxslar harakatlanib yurganini ko‘rib qoladi.
Shu yerda bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashina yoniga borgan vaqtida, Paxtachi tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro ushbu antennaga tegishli bo‘lgan 2 dona “havo sovitgich” va 1 dona “yong‘in o‘chirish qurilmasi”ni o‘g‘irlik yo‘li bilan, yashirin tarzda avtomashinaga joylashtirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.
Profilaktika inspektorining bir o‘zi 3 nafar jinoyatchilarning qo‘liga kishan solib, jazo muqarrarligini ta’minladi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha dastlabki tergov xarakatlari olib borish davomida ushbu 3 nafar gumondor shaxs muqaddam tuman hududida, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlarida ham bir necha marotaba o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir qilib kelganligi aniqlangan.
Profilaktika inspektori mazkur jinoyatni issiq izidan aniqlab, fosh qildi va ushbu shaxslar tomonidan kelgusida jinoyatlar sodir etish faoliyatiga chek qo‘ydi.