O‘zlashtirish ko‘rsatkichi viloyatnikidan baland maktab
O‘tgan 2018-2019 o‘quv yilida Narpay tumanidagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabini 79 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, shundan 40 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bir yilda shuncha o‘quvchining talabalar safidan joy olishi maktab uchun faxrli, albatta. Xo‘sh, ular bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi?
– Maktabimiz fizika, matematika, kimyo, biologiya, tarix, ona tili va adabiyot fanlariga ixtisoslashgan, – deydi maktab direktori Ziyodulla Sanayev. – Maktab o‘quvchilarining umumta’lim fanlarini o‘zlashtirish ko‘rsatkichi so‘nggi uch yilda 85 foizni (viloyatda 80 foiz) tashkil qildi. Shuningdek, maktabda darslar yangi pedagogik texnologiyalar asosida olib boriladi. Buning natijasida o‘quvchilarning fizika fanini o‘zlashtirish darajasi 77 foizdan 88 foizga o‘sdi.
Ta’lim maskanida 57 nafar oliy ma’lumotli, 8 nafar o‘rta-maxsus ma’lumotli o‘qituvchi (7 nafari oliy toifali, 7 nafari 1-toifali, 14 nafari 2-toifali) 940 nafar o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya bermoqda. Oliy toifali o‘qituvchilarning 4 nafari "Xalq ta’limi a’lochisi"dir.
Maktabning a’lochi o‘quvchilaridan - Ozoda Toshniyozova, Malika Beknazarova, Zilola G‘ofurova o‘tgan yilgi respublika fan olimpiadasida birinchi o‘rinni egallagan. Hozirgi kunda O.Toshniyozova Samarqand davlat chet tillari institutida, M.Beknazarova hamda Z.G‘ofurova Samarqand davlat universitetida tahsil olmoqda.
Maktabning bunday yutuqlarni qo‘lga kiritishida maktab direktori Ziyodulla Sanayevning hissasi katta. Ushbu talabchan rahbar fidoyilikni, avvalo o‘zidan boshlagan. Shu sababli u “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoni bilan mukofotlangan.
Xurshida Ernazarova.