NASA marsoxodi Mars atmosferasidan kislorod olishga muvaffaq bo‘ldi

«Perseverance» («Qat’iyat») marsoxodi birinchi marta Mars atmosferasidan kislorod ajratib oldi, deya xabar beradi AQSh aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish Milliy boshqarmasi (NASA).

Kislorod chiqarish moslamasi MOXIE deb nomlanadi. Tajriba davomida u soatiga 6 grammga yaqin modda ishlab chiqardi. Ushbu miqdor insonga taxminan 10 daqiqalik normal hayotni ta’minlashga yetadi. Umuman olganda, MOXIE soatiga 10 grammgacha kislorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Qurilma funksiyalarini tekshirgandan so‘ng, olimlar uni turli xil atmosfera sharoitida sinovdan o‘tkazishni boshlashadi. 

Kelajakda Marsda kislorod ishlab chiqarish texnologiyasi astronavtlarga sayyoraning o‘zida raketa yoqilg‘isi ishlab chiqarishga yordam beradi, shuningdek ularga nafas olish uchun mos muhit yaratadi, deya izoh berdi 

NASA.

Avvalroq NASA marslik «Ingenuity» ("Zukkolik") vertolyot-dronining ikkinchi parvozi haqida xabar bergan edi. Dron 5 metr balandlikka ko‘tarilishi kutilmoqda. Birinchi parvoz paytida u 3 metr balandlikka ko‘tarilib, u yerda 39 soniya qoldi.

G.Xoldorova tayyorladi.