Nasihatda zo‘rmiz. Amalda-chi?

Mashinamga ikki tanishim o‘tirdi. Yo‘l-yo‘lakay to‘yxonaga tashlab qo‘yadigan bo‘ldim. Orqa o‘rindiqda o‘tirgani sport qopchinimni ko‘rib gap qotdi.

— Zalga chiqasizmi? Qayerda u? Qancha vaqtdan beri?
Uning barcha savollariga javob berib bo‘lganimdan keyin, yonimda o‘tirgani gapga qo‘shildi:
— Zalga borishdan foyda yo‘q. Tosh ko‘tarish organizm uchun zararli. Yaxshisi, yugurish kerak, qon aylanadi, nafas olish yo‘llari ochiladi.
Bu sherigi ham qo‘shimcha qildi:

— To‘ppa-to‘g‘ri, zal oliftalar uchun. Siz suzishga boring. Suzganda insonning barcha a’zosi chiniqadi. Eng xavfsiz va foydali sport shu. Haftada ikki kun borsangiz yetadi.
Endi vaziyatni tushuntiray: Yonimda o‘tirganining qorni to‘y qozonidan ham katta, sal tez harakat qilsa, nafasi ichiga tushib, qora terga botib ketadi. Suzishni maslahat bergani esa ashaddiy kashanda. Qachon qaramang, bir qo‘lida sigaret, xirillab yo‘talib yuradi. Eng qizig‘i, shu mavzu ochilguncha ikkisi to‘yda qanaqa aroq qo‘yilishi-yu gazakka nima yaxshi ekanligini muhokama qilib kelayotgan edi.

Eh, odamlar-a! Maslahat, nasihat desa, yarim kun va’z o‘qiysiz-u, shu aytganlaringizning loaqal yarmiga amal qilmaysiz. Insofni, beadab odobni, benamoz namoz o‘qishni o‘rgatadi-ya, indamasang. Ishi yurishib ketgan qo‘shnisining salomiga alik olmay qo‘yadiganlarga ham shu gap. O‘sha qo‘shnisini kimdir maqtab qolsa, “bu o‘zi unaqa odam emasdi, bir gapi bordir-da!”, deya hammaning yuragiga shubha urug‘ini ekasan. Undan ko‘ra, shu “zehn” va vaqtni o‘z hayotingizni yaxshilashga sarflasangiz-chi.
Nasihat qilish yaxshi, lekin uni bilib, undan ham zo‘ri – o‘z tajribasida sinab qilgan ming karra ma’qulroq. Aql yetmagan joyda tilga erk berish shart emas, nazarimda.

Asqar Barotov.