«Navbatdagi dastur asosida hal etiladi», degan bir parcha qog‘oz yoki «kasal jamiyat»dagi har bir fuqaro o‘zini o‘zi davolashi haqida
Shuhrat Polvonov yaqinda Samarqandda bo‘lganida Past Darg‘om tumanidagi 88-maktab uchun sport zali kerakligi, Mash’al hamda Guliston mahallalarida ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktabgacha ta’lim muassasasi, sport maydonchalari zarurligiga guvoh bo‘lgandi.
Xo‘sh, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bu muammolarni hal qilish uchun qanday chora-tadbirlarni amalga oshirdi? U qayd qilingan masalalarni qancha muddatda hal qilish mumkin, deb hisoblaydi?
- Saylovchilar tomonidan bildirilgan, hal etilishi ijro hokimiyati va mablag‘ga borib taqaladigan muammolar deputatlik faoliyatimdagi eng og‘riqli holatlar, deb baholagan bo‘lardim, - deydi Sh.Polvonov. - Yordam qilishni istaysiz, yugurasiz, mansabdorlar eshiklarini taqillatib, muammoni tushuntirasiz, oxiri «navbatdagi dastur asosida hal etiladi», degan bir parcha qog‘oz tutqazishadi.
Siz aytib o‘tgan masalalar bo‘yicha ham tuman hokimligiga va respublikaning mutasaddi idoralariga murojaatlar chiqardik, lekin ijro hokimiyati «avzoyi»ga qaraganda bu masalalarni hal etishning aniq muddatini aytish qiyin.
Bilasiz, men saylangan saylov okrugi asosan Nurobod va Past Darg‘om tumanining bir qismini tashkil qiladi. Yuqorida qayd qilingan achchiq tajribalardan kelib chiqib, joriy yil mart oyidan saylovchilar muammolari bilan ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshladik. Bu borada o‘rni kelganda batafsil axborot berib boramiz.
- Davlatimiz rahbari ayni paytdagi parlamentga birinchi murojaatida sanoqli deputatlarning faolligini, shu jumladan, Sizni ham e’tirof etgandi. Joriy yilda Qonunchilik palatasi tomonidan Sizga «Adolatli deputat» maqomi berildi.
Qaysi mehnatlaringiz evaziga shu maqomga loyiq topildim, deb o‘ylaysiz?
- Men xalq vakili degan darajaga erishganimning o‘zi yuksak bir maqom, deb o‘ylayman. Saylovchilar tomonidan bildirilayotgan masalalar yechimi bo‘yicha harakatlarimiz, parlament nazoratiga doir masalalar va qonun loyihalari muhokamalari davomida ham umuman biron bir e’tirof yoki maqomga ega bo‘lish maqsadi bo‘lmagan. Shu sababli, davlat rahbarining e’tirofi va “Adolatli deputat” maqomi berilishi kutilmagan holat bo‘ldi. Menga bular faqat qo‘shimcha mas’uliyat yukladi.
- Shuhrat Tagaymuratovich, aksariyat saylovchilaringiz ko‘p yillar sud, iqtisodiy sud tizimida ishlaganingizdan xabardor. Bugungi kunda professional qonun ijodkorisiz, qaysiki, mamlakatning mavjud qonunlari va uning odamlarini huquqiy saviyasidan boshqalardan ko‘ra yaxshiroq xabardorsiz.
Shu ma’noda, deputatlar, qolaversa saylovchilar oldida qanday vazifalar turibdi, deb hisoblaysiz?
- Bugun «falonchi shuncha pora evaziga ishga kiribdi», degan gapni eshitsak hayron bo‘lmaymizu, «falonchi hech qanday tanish-bilishsiz ishga kiribdi», degan gapni eshitsak hayratlanamiz. Sizga bu tanish tuyulyaptimi? Nega? Bu nimani anglatadi?
Nazariyada «kasal jamiyat» tushunchasi bor. Bu jamiyat hayotida ro‘y berayotgan barcha noqonuniy voqeliklar jamiyat a’zolari tomonidan «tabiiy hol» tarzida qabul qilinishidir. Bugun biz qanchalik tez «jamiyatimiz kasal» ekanligini tan olsak va har birimiz o‘zimizni o‘zimiz «davolash»ni boshlasak, hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar o‘sha ondan boshlanadi.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.