“Navoiy anjumani” hujjatli filmi Samarqandda yaratilmoqda
“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “Meros snema” kinokompaniyasi tomonidan shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida so‘zlovchi “Navoiy anjumani” nomli hujjatli film suratga olinmoqda.
Filmni suratga olish ishlari Samarqand shahridagi Registon maydoni Sherdor madrasasida davom etmoqda va u ikki qismdan iborat badiiy va seriali tarzida bo‘lishi rejalashtirilgan.
– Ayni vaqtda buyuk mutafakkirning Samarqandda yashab ijod qilgan davri suratga olinmoqda, – deydi film ssenariy muallifi va rejissyori G‘iyosiddin Shermuhammad. – Bunda Temuriylar saltanati davri ilm-fani va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, to‘laligicha xalq va millatning ravnaqi, davlat qudratini mustahkamlashga bag‘ishlagan faoliyatini aks ettirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Film o‘zbek tilida suratga olinib, rus va ingliz tillariga o‘girilishi maqsad qilingan.
Mazkur tarixiy filmni suratga olishda rassom Bahrom Safoyev, operator Dmitriy Shexov, badiiy maslahatchi filologiya fanlari doktori, professor Dilorom Salohiy, direktor Azamat Ergashev hamda bir guruh aktyorlarning mehnati katta. Shuningdek, filmning keyingi qismlarini Toshkent, Andijon viloyatlaridan ham suratga olish mo‘ljallangan.
B.XONKELDIYeV.