Navoiydan keyin «Xamsa» yaratilmaganmi?

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilganidek, “Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi”.

O‘zbek tilida yaratilgan ana shunday noyob durdonalardan biri Alisher Navoiyning “Xamsa”si bo‘lib, bu beshlik haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik polotnolaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.

Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si yaratilganidan keyin oradan bir asr vaqt o‘tib, Amir Xusrav Dehlaviy unga javob yozdi va shu bilan xamsanavislik an’anasini boshlab berdi. Xusrav Dehlaviydan keyin bu an’ana butun Sharq dunyosida tarqaldi va juda ko‘p xalqlarda Nizomiy dostonlari motivi asosida dostonlar paydo bo‘ldi.

Xamsanavislik tarixida temuriylar davri adabiyoti, ayniqsa, XV asr Hirot adabiy muhiti alohida o‘rin egallaydi. Bu davrda 4 ta to‘liq xamsa yaratildi. Bulardan ikkitasi Navoiy va Jomiy qalamiga mansub bo‘lsa,   qolgan ikkitasi – Jamoliy va Ashraf Marog‘iy xamsalari u qadar keng shuhratga ega bo‘lmadi.

Umumiy tarzda olganda, faqat XV asr Hirot adabiy muhitining o‘zida yigirmaga yaqin ijodkor xamsanavislikda o‘z kuchini sinab ko‘rganlar. Garchi, bu ijodkorlarning barchasi Nizomiy dostonlariga javob yozmagan bo‘lsalar-da, lekin muayyan dostonga javob yozish bilan mazkur an’anaga o‘z munosabatlarini bildirganlar. Bu davrdagi Nizomiy mavzulariga murojaat qilgan ijodkorlar haqida o‘sha davrning mo‘’tabar adabiy va tarixiy manbalari – Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Davlatshoh Samarqandiyning  “Tazkirat ush-shuaro”, G‘iyosiddin Xondamirning “Habib us-siyar” asarlarida alohida to‘xtalinishi xamsanavislik an’anasi Hirot adabiy muhitida ijodning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri  ekanligidan dalolat beradi.

Bugungi kunga qadar olib borilgan tadqiqotlarda Navoiyning “Xamsa”si uchta salafi – Nizomiy, Amir Xusrav va Jomiy ta’sirida yozilgan (ayrim G‘arb olimlari tadqiqotlarida esa Navoiyning dostonlarida originallik yo‘q, kabi asossiz da’volar ham uchraydi), degan qarash ustuvor bo‘lib, Navoiy “Xamsa”si shu uchta mashhur xamsanavisning ijodiga qiyosiy ravishda tahlil qilindi. Ammo Navoiy “Xamsa”si dostonlarini o‘z davrida deyarli bir vaqtda yaratilgan boshqa “Xamsa”lar bilan solishtirish va qiyosiy tahlil qilish amalga oshirilgan emas. Shuningdek, Navoiy dostonlarining “Xamsa” tarkibidagi muayyan dostoniga javob yozgan zamondosh shoirlar (Hiloliy, Ohiy, Hotifiy, Binoiy)ning asarlari bilan solishtirilmagan. Holbuki, Navoiy “Xamsa”si o‘z davrida eng mashhur asarlardan biri bo‘lganligi, uning leksik qatlami tadqiqi o‘sha davrdayoq boshlanganligi, Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan nusxalar jahon kutubxonalari fondida eng ko‘p saqlanadigan nusxalardan ekanligi Navoiyning zamondosh shoirlar ijodiga ta’sirini eng avvalo xamsachilik an’analari bilan bog‘liq holda tekshirishni taqozo etadi.

Nizomiy beshligiga fors-tojik adabiyotida birinchi javob Amir Xusrav Dehlaviy, o‘zbek adabiyotida esa Alisher Navoiy tomonidan amalga oshirildi. Bu ikki muallif xamsanavislikka munosabat bildirayotgan birinchi ijodkorlar bo‘lganliklari uchun an’ananing barcha shartlariga amal qildilar. Xususan, oldindan belgilab berilgan mavzu va she’riy o‘lchovlarni to‘laligicha saqlab qoldilar. Dehlaviydan keyin fors-tojik adabiyotida Xoju Kirmoniy, turkiy adabiyotda esa Navoiydan keyin Hamdulloh Hamdiylar “Xamsa” dostonlari mavzulari va she’riy o‘lchovlarini o‘zgartirdilar.

Shuni alohida qayd qilish kerakki, Navoiy “Xamsa”sini yaratishda faqat forsiy salaflardan emas, balki o‘zigacha bo‘lgan turkiy she’riyatning tajribalardan ham ijobiy foydalangan. Jumladan, “Hayrat ul-abror”da qo‘llanilgan vaznda Navoiygacha Sayyid Qosimiyning “Majma’ ul-axbor” va Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror” dostonlari yozilganligi, “Farhod va Shirin” dostonidagi vazn o‘lchovi turkiy xalqlar orasida mashhur bo‘lgan “Muhabbatnoma” qo‘shig‘i ritmikasiga mos tushishini Navoiyning o‘zi “Mezon ul-avzon”da qayd qilib o‘tgani “Xamsa”lar tadqiqida turkiy manbalarga ham alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatadi.

Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”lar haqida O‘zbekiston olimlari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya, Eron, Tojikiston, Rossiya sharqshunoslari tomonidan salmoqli ishlar qilingan. Bu olimlarning ishlarida asosan dostonlarning matnshunoslik tadqiqi, g‘oyaviy-badiiy tahlili, poetikasi va obrazlar olamiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, muayyan davr va aniq adabiy muhitda yaratilgan “Xamsa” dostonlari qiyosiy-tipologik metod asosida tahlil qilinmadi.

Ana shunday masalalarning yechimini fundamental asosda hal qilish maqsadida Samarqand davlat universitetida 2017-2020 yillarda “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzuida fundamental tadqiqot olib borildi. Loyiha doirasida 2 ta maqolalar to‘plami, 1 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 7 ta monografiya nashr etildi. Monografiyalardan ikkitasi Germaniyaning “LAP LAMBERT” xalqaro akademik nashriyotida nashr etilgani xorij mutaxassislarining navoiyshunoslik haqidagi qarashlarining yanada to‘liq bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

Mazkur fundamental tadqiqotning sarhisobi sifatida 2020 yil 6-7 noyabr kunlari Samarqand davlat universitetida “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazilmoqda.

Ushbu fundamental loyiha doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiya materiallari maqolalar to‘plami holida nashr etilish rejalashtirilgan. Mazkur to‘plamda respublikamizning atoqli olimlari hamda yosh tadqiqotchilarning maqolalari qatorida xorijiy davlatlar mutaxassislarining tadqiqotlari ham o‘rin olgani e’tiborga sazovor. Bu – navoiyshunoslik fan tarmog‘i sifatida nafaqat respublikamizda, balki chet elda ham Sharq adabiyotshunosligining ustuvor yo‘nalishiga aylanayotganidan dalolat beradi. Umid qilamizki, ilmiy hamkorligimiz bundan keyin ham samarali davom etib, Temuriylar davri xamsachiligi tadqiqining yangi ufqlari ochilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Muslihiddin MUHIDDINOV,

filologiya fanlari doktori, professor.