Navoiylik hamkasblarimiz qanday ishlayapti?: Viloyat matbuotiga nazar

O‘zining yorqin solnomasiga ega hudud matbuoti tarixi olis moziyga borib taqaladi. O‘tgan yillar mobaynida viloyatda o‘ziga xos jurnalistika maktabi shakllandi. Turli nomdagi gazeta-jurnallar, teleradio kanallar, matbuot xizmatlari, nashriyotu bosmaxonalar dunyoga keldi. Nomdor, o‘tkir qalamiga ega ijodkorlar, soha fidoiylari, zabardast jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar kamolga yetdi. Bugun bu haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi.

 Sohaning sarg‘aymas sahifalari

Navoiy respublikaning eng kenja, navqiron viloyati hisoblansa-da, uning matbuot tarixi salkam asrga tengdosh. “Qiziltepa tongi”, “Kenimex tani”, “Karmana ovozi”, “Xatirchi hayoti”, “Nurnoma” va “Tamdi sharuageri” kabi gazetalar 1930-1935 yillarda tashkil topgan. Ushbu otaxon nashrlar hozirgacha matbuot minbari sifatida jamiyatga xizmat qilib kelyapti.

Har bir tahririyatdagi jo‘shqin adabiy muhit, o‘zaro hamjihatlik, maqola yaratish, qo‘lyozmalarni tahrirlash, tahririyat pochtasiga oqib keladigan xat-xabarlar, yozuv mashinkalari ovozi, erta tongdan kech shomgacha, ko‘p hollarda ertalabgacha davom etadigan yangi sonni nashrga tayyorlash va chop etish jarayonlari, bitta-bittalab harflarni qo‘lda terish, bosmaxona tashvishlari, erta tongdan yangi sonning qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketishini o‘ylasak odamga huzur bag‘ishlaydi. 

Bunda, shak-shubhasiz, sohaga ilk tamal toshini qo‘ygan, matbuotimiz shon-shuhratini yuqori darajaga olib chiqishga katta hissasi singgan ustozlarning mehnatlari beqiyos. Bugungi quvonchli kunlarda ularni eslamasdan, porloq xotirasini yodga olmasdan ilojimiz yo‘q. Viloyat matbuotining haqiqiy darg‘alari bo‘lgan Qosim Hasanov, Hamid Mo‘minov, Umid Sattorov, Olim Qambarov, Mahmud Mardiyev, Ulash Nurmanov, Yorqul Umarov, Abubakr Shektibayev, Igor Zagoskin, Shukur Nurboyev, Yesinbay O‘razimbetov, Narzullo Tilavov, Toshpo‘lat Fayzullayev, Ne’mat Abdurahmonov, Elmurod Rahmonov, Inoyat Rahmonov, Joldasbek Abdurasulov, Malika To‘xtayeva, Boboqul Mansurov, Abduvahob Pirmatov, Boris Shalatonin, Sharof Habibov, Sabohat To‘xtayeva, Azamat Safarov va boshqa zahmatkash ustozlar mehnati, ijodi har qanday e’tirofga munosibdir. Bugun ular safimizda bo‘lmasa-da, ularning ibratli ishlari xalq orasida hamisha barhayot!

Ko‘p yillar davomida viloyat matbuot va axborot boshqarmasini boshqargan, faoliyati davomida soha rivojida ulkan ishlarni amalga oshirgan, ustoz jurnalist Ulash Nurmonov (Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin!) ana shunday zahmatkash inson edi. O‘zining qisqa umri davomida soha rivoji yo‘lida ko‘plab xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘ldi. Jumladan, viloyat matbuotining respublikada o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, jurnalistlar uchun zamonaviy “Matbuot uyi” bunyod etilishi, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari adadi oshirilishi, ushbu tahririyat huzurida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bosmaxona tashkil etilishida bu insonning hissasi beqiyos. Xayrli ishlari matbuotimiz solnomasini bezab turibdi. Xuddi shunday turli yillarda matbuot va ommaviy axborot vositalariga rahbarlik qilgan ustozlarning ham sohaga qo‘shgan ulkan hissasi, tarixda qolgan yutuqlari bor.

Taniqli jurnalist Mahmud Mardiyev haqida ham kasbdoshlar, hudud ahli, respublika matbuoti vakillari, ijodkorlar hali-hamon faxrlanib gapirishadi. Uning serqirra hayot va ijod yo‘li, olijanob fazilatlari, bebaho qobiliyati haqida ko‘p eslashadi. Oddiylik va odamiylik xislatlari sohibi bo‘lgan bu insondan keyingi avlodlarga yorqin xotira, ibrat olishga arzigulik jihatlar qolgan. 

Ustoz… Bu so‘z zamirida ulug‘ mazmun mujassam. Barcha sohalarda bo‘lgani kabi matbuotda ham fidokorona  mehnati ortidan yuksak sharafga erishgan, obro‘-e’tibor topgan insonlar ko‘p. Shunday benazir ijodkorlardan biri Hamdam Eshonqulovdir. Ustoz o‘z mehnat faoliyati davomida “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bosh muharriri, keyinchalik “Xalq so‘zi” gazetasi viloyat muxbiri bo‘lib ishladi. O‘zining dolzarb mavzulardagi publitsistik maqolalari va yorqin ijodi bilan keng jamoatchilik, ijodkorlar orasida dovrug‘ qozondi. Samimiy, o‘ta kamtar va ayni paytda ham ijoddan to‘xtamagan bu insonning mamlakatimiz adabiy muhitida o‘z o‘rni borligi barchamizga cheksiz faxru iftixor bag‘ishlaydi.  

 

Viloyat jurnalistika maktabi yurtimiz nufuzli tahririyatlariga iste’dodli va istiqbolli jurnalistlar, yozuvchi-shoirlarni tarbiyalab bergan. Oydin Hojiyeva, Esirgap Boliyev, Jaloliddin Safoyev, Ashurali Jo‘rayev, Hamid Nizomov, Islom Hamro, Aziz Said, Farhod Arziyev, Oybuvi Ochilova, Xosiyat Bobomurodova, Dilshod Islomov, Jaloliddin To‘xtashev, Xolida Fayziyeva, Vafo Fayzulla, Barnobek Eshpo‘latov, Feruza Kubrayeva, Elvina Mustafina, Dadaxon Muhammadiyev, Dilnoza Abduhamidova, Zarina Tohirovalarning qalami viloyat adabiy muhitida charxlangan.

Viloyatimiz matbuotining taraqqiyoti haqida iftixor bilan so‘z yuritar ekanmiz, uning asosiy ustunlaridan biri hisoblangan matbaachilik yo‘nalishiga ham to‘xtalmasdan ilojimiz yo‘q. Tarixiy manbaalarda keltirilishicha, hududiy nashrlar dastavval “Narpay tuman bosmaxonasi”da chop etilgan. Keyinchalik “Navoiyazot” AJ, “Qiziltepa ADAST” xususiy korxonasi, “Navoiy poligrafservis” ishlab chiqarish korxonasi, Karmana, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex, Navbahor, Tomdi, Uchquduq tumanlari bosmaxonalarida chop etilgan. 2010 yilda “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari tahririyati” davlat korxonasida zamonaviy bosmaxona tashkil etilishi matbaachilikda mutloqo yangi davrni boshlab berdi.

Hayotimizni teleradiosiz tasavvur etolmaymiz. Bu borada hududiy teleradio kanallarning ham faxrlanib gapirishga arzigulik tarixi va o‘rni bor. Viloyat tashkil etilgan yillardanoq teleradiokompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik “Qizilqum” (“Fazo”), Nurota, Xatirchi, NKMKning “Orion”, “Zafarobod”, “Zarafshon - TV” televideniye va telestudiyalari efir yuzini ko‘rdi. Bu dargohlar Ra’no Hakimova, G‘ulom Sultonov, Temur Eshboyev, Hamidullo Qarchig‘ayev, Valentina Kornenko, O‘roloy Turdiyeva, G‘ulom Eshqobilov, Abduvali Nosirov kabi zabardast telejurnalistlarni voyaga yetkazib, elga tanitdi. Ular rahbarligi davrida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi, yosh ijodkorlar tarbiyalandi.

Bugun viloyat matbuoti, uning shonli yo‘li, yutuqlari haqida so‘z yuritish ham faxr, ham maroqli. Men bu haqida ko‘rgan, eshitgan jihatlarga e’tibor qaratdim, sohaning bilgan bir parchasini e’tirof etdim, xolos. Hali sohamizda men bilgan va bilmagan xotiralar, e’tiroflar qancha!?.

 Mustaqillik bergan imkoniyatlar

Hudud matbuoti mustaqillik yillarida yangi bosqichga chiqdi. Viloyatda matbuot, ommaviy axborot vositalari, matbaa-noshirlik, matbuot xizmatlari jadal rivojlandi. Bu pallaga kelib ijodiy muhit yanada gullab-yashnadi, xalqimizga dolzarb, tezkor axborotlar taqdim etish, materiallar sifati, mazmun-mundarijasi, ijodkorlar faolligi tubdan o‘zgardi.

2015 yilgi statistikaga ko‘ra, viloyatda 46 ta ommaviy axborot vositalari, jumladan, 32 ta gazeta, 6 ta jurnal, 7 ta televideniye va 1 ta radio, 70 dan ortiq bosmaxona va matbaa bo‘limlari, A.Navoiy nomli nashriyot, matbuot xizmatlari faoliyat yuritgan. Bosma nashrlar oylik adadi o‘rtacha 800 ming nusxani, viloyat televideniyesining haftalik efir vaqti 62 soatni, hudud radiosi efir vaqti esa har kuni 10,5 soatni tashkil etgan. Elektron va bosma ommaviy axborot vositalari ixtisoslashuvi jihatdan o‘zbek, rus, qozoq va qoraqalpoq tillarida nashr etilgan va efirga uzatilgan. Bu raqamlar yosh viloyat uchun katta ko‘rsatkich edi.

Yosh ijodkorlarni tarbiyalash, ularning ijodga qiziqishini oshirish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va jurnalistlik kasbini tanlashda ijodiy to‘garaklarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Bu borada viloyat ommaviy axborot vositalari huzuridagi ijodiy to‘garaklar, ijodiy tanlovlar muhim rol o‘ynadi. Xususan, o‘tgan davrda tahririyatlar huzuridagi “Chashma”, “Nihol” va boshqa ijodiy to‘garaklar, shuningdek, “Eng yaxshi yosh jurnalist” ko‘rik-tanlovi, “Istiqbol g‘unchalari”, “Navoiy yoshlari” kabi yoshlar nashrlari yuzlab navqiron iqtidor egalarini kashf etishgani har qanday tahsinga molikdir.

Hech yodimdan chiqmaydi. U paytlar O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida ishlardim. Bir kuni rahmatli Ulash Nurmonov telefon qilib qoldi. Viloyatda nashriyot yo‘qligi bois qancha ijodkorlarimiz sarson-sargardon bo‘layotgani, noshirlik sohasini yo‘lga qo‘yish kerakligi haqida kuyinib gapirib qoldi. Mana shu turtki 2010 yilda Alisher Navoiy nomli nashriyot tashkil etilishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan davrda ushbu nashriyotda Jahongir Umrzoqov, Saydullo Abdurasulov, Abduxoliq Jo‘rayev, Surayyo Mansurova, Abduhakim Hasanov, Abduvali Bo‘riyev, Rustam Quvvatov, Sabohat Barakayeva singari soha mutaxassislari ishlab, ko‘plab yangi kitoblarni nashr etishga munosib hissa qo‘shdi.

Inson mehnati hamisha e’tirofi bilan qadrlidir. Hamkasblarimiz zahmati har doim o‘z rag‘batini topib kelayotir. Jumladan, marhum jurnalist Qosim Hasanov va “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi sobiq mas’ul kotibi Isroil Xolboyevlar “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, taniqli publitsist Hamdam Eshonqulov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, ustoz jurnalistlar Odilqul Hotamov, Sharbat Muxtorova va Salima Umarovalar “Mehnat shuhrati” ordeni, viloyat televideniyesi bosh rejissyori Jo‘raqul Eshov, “Inson va qonun” gazetasi viloyat muxbiri Marusa Hosilova va “Tamdi sharuageri” gazetasi sobiq muharriri, marhum Shamil Abdusamatovlar “Do‘stlik” ordeni, marhum jurnalistlar Mahmud Mardiyev, Olga Pushkaryova, shuningdek, ayni paytda serqirra ijod qilib kelayotgan “Uchquduq” gazetasi muharriri Rayhon Qodirova, “Yoshlar” telekanali viloyat muxbiri Xolbibi Safarovalar “Shuhrat” medali, Xurshida Narziyeva, Chamanoy Jonuzoqova, Munisa A’zamova, Laylo Orziyevalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani ulkan yutuqlardan dalolatdir.

2016 yilda “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari tahririyati” davlat korxonasi jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XI milliy mukofoti tanlovida matbuot yo‘nalishida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani viloyat matbuot tarixida eng olamshumul muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.

Taniqli jurnalist Rahim Maqsudov o‘z mehnat faoliyati davomida o‘ziga xos “Qiziltepa tajribasi”ni yaratdi. Ushbu nashr obunasi to‘liq tahririyat orqali tashkil etilishi, gazeta yangi soni chiqqan vaqtning o‘zida bir necha o‘nlab shartnoma asosida ishga qabul qilingan kurerlar ko‘magida gazetxonlarga o‘z vaqtida yetkazish imkonini beryapti. Bunda, obunachi o‘z vaqtida tuman va respublika yangiliklaridan tezkor xabardor bo‘lishi bilan birga, sevimli gazetasini o‘z vaqtida olayotgani nashrning ko‘pming adadini saqlab qolishni ta’minlayapti. Buning natijasida tahririyat pochta xizmatiga beriladigan haqdan iqtisod qilsa, bir qator ko‘plab oilalarning moddiy manfaatdorligini rag‘batlantirishga erishmoqda.     

Davr shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Odamlarning Internet tarmoqlari orqali kundalik axborotlarga ega bo‘lishga talabi kundan-kunga ortib boryapti. Turli tashkilot va idoralar matbuot xizmatlarida ishlayotgan hamkasblarimiz  ham zamonga mos axborot tarqatishga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda. Shu pallada beixtiyor qalblarga ezgu satrlar quyilib keladi:

Ijodingiz gullab-yashnab, palak otar,

Yozganingiz yuraklarga cho‘g‘day botar,

Keng ommada ishonch to‘la his uyg‘otar,

Tinmay yozish kelmas malol, jurnalistlar,

Kasbingizning noni halol, jurnalistlar!

 

Adolatni kuylamoqqa bog‘ladik bel,

Ezgu yo‘lda birlashaylik hamkasbim, kel,

Biz haqiqat tarafdori - ijodkor el,

Jamiyatga sayqal, savlat, jurnalistlar,

Shuning o‘zi katta davlat, jurnalistlar!

Abdumajid Jo‘rayev,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.