Navoiyning bizdan besh yuz yil oldinda ekaniga iqror bo‘layapman
Navoiyni o‘qiyapman. Ertaroq boshlamaganim uchun nadomat chekayapman. Maktabda "G‘urbatda g‘arib..."dan boshqasini o‘qimaganim uchun o‘zimdan xafa bo‘lib ketayapman.
Hayotdagi muammolar arzimas bo‘lib tuyulayapti. Inson sifatida yaralib, insoniy bo‘lolmayotganimizni tushunayapman. Yoningdagi do‘stlaring, oilangga g‘amxo‘rlik qilsang, shuning o‘zi katta baxt ekanligini anglayapman.
G‘am kelsa, kuyunmaslik, shodlik kelsa suyunmaslik darkorligini his qilayapman. Do‘st munofiqlik qilsa, sabrga oshno bo‘lishni, dushman do‘stga aylansa, ajablanmaslikni bilayapman.
Allohga munojotni o‘rganayapman, mushkul vaziyatlarda faqat Unga murojaat etmoqlikkina murodu maqsudlarga yetkazishini his qilayapman.
Chunki Navoiyni o‘qiyapman.
O‘qib-o‘qib, hazratning 500 yil ortda emas, 500 yil oldinda ekanligiga iqror bo‘layapman.
Maqsud Jonixonov.