Navro‘z bayrami arafasida 10 ga yaqin yo‘nalishda qo‘shimcha reyslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi yo‘lovchi poyezdlarda bir qator chegirmalar joriy etilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bayram kunlari imtiyozli narxlardagi chiptalardan foydalanish istagidagi yurtdoshlarimizga bir qator takliflar berilmoqda.

– Talabalar, o‘quvchilar hamda nafaqadagilar uchun yo‘l chiptasining tarif qismidan 10 foizdan 50 foizgacha chegirma joriy qilinmoqda, – deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» temiryo‘l media direktori Fozil Sharipov. – Bundan tashqari, ushbu kunlarda poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritilib, qo‘shimcha ravishda o‘nga yaqin yo‘nalishda qatnovchi poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda hozirda marketing tadqiqotlari o‘tkazilib, talab yuqori bo‘lgan poyezdlar aniqlanmoqda.

Afrosiyob yoki boshqa yo‘nalishdagi poyezdlarda joy bor yo‘qligini bilmoqchi bo‘lganlar mobil ilova orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda saytga kirib ko‘rish imkoniga ega. Chiptalar oldin 45 kun oldin sotuvga chiqarilgan bo‘lsa, endilikda 60 kun oldin chiqarish boshlangan.

Yana bir yangilik. Sinov tariqasida aprel-may oylarida mahalliy yo‘nalishda charter sayyohlik poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.