Navro‘z qachon paydo bo‘lgan, sumalak-chi?

Navro‘z bayramining kelib chiqishi ibtidoiy tuzum odamlarining dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o‘tkazgan urf-odat va an’analariga borib taqaladi.

 Olimlar fikriga ko‘ra, Navro‘zning shakllanishi zardushtiylik dinining paydo bo‘lishigacha davom etgan va Xitoydan O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan hududlarda yashovchi xalqlarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. O‘sha vaqlarda ham urush-janjallar to‘xtatilgan, gina-kuduratlar kechirib yuborilgan.

Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ga ko‘ra, bahor qaytishi yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasini anglatgan. Navro‘z atamasi Avesto tilidan olingan bo‘lib, yangi yorug‘lik (kun) ma’nosini anglatgan. Bugungi forschada “nav” yangi, “ro‘z” kun, “yangi kun” ma’nosini beradi. Ahamoniylar davrida Navro‘zga o‘xshash bayram nishonlangani to‘g‘risida arxeologik topilmalarga tayanib olingan ma’lumotlar olimlar tomonidan qayd etilgan. Ushbu davrga oid yozma manbalarda Navro‘z atamasi uchramaydi.

Manbalarda Turon hukmdori Afrosiyob tomonidan Navro‘zga Eron podshohi Siyovush o‘ldirilgan kun deb ta’rif beriladi. Shuningdek, bu kun yangi yilning boshlanishi sifatida alohida ahamiyat kasb etgan. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar zardushtiylarning e’tiqodida Navro‘z bayrami muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatadi. Xususan, Samarqanddagi Kofirqal’a yodgorligidan zardushtiylarning hosildorlik va suv ilohi hisoblangan Nana aks etgan yog‘och pannoning topilishi fikrimiz dalilidir. Arxeolog-olim A.Berdimurodovning ta’kidlashicha, yog‘och panno So‘g‘d hukmdorlarining shahar tashqarisidagi saroyida bo‘lib, u joylashgan xona diniy va dunyoviy marosimlarni, jumladan, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlash uchun xizmat qilgan.

Abulqosim Firdavsiyniig “Shohnoma”sida Navro‘z bayrami afsonaviy podshohlar Qayumars va Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o‘rgatadi, temir eritib qurol yasaydi, ip yigirib kiyim to‘qiydi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Ishlari gurkirab, meva berganda, taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Ushbu afsonaga ko‘ra xuddi shu kundan boshlab Navro‘z nishonlangan. Bayram haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarlarida ham uchraydi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida Navro‘z, mavsum va mehnat bilan bog‘liq ma’lumot va namunalar keltirilgan.

Tarixchi-olim Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Navro‘z kuni Buxoroning somonfurushlar darvozasi ichkarisida joylashgan Siyovush qabri boshida tong otishidan oldin har bir erkak kishi xo‘roz so‘yishi va bu odat uch ming yillar avval paydo bo‘lganini yozgan. Qayd etilishicha, Buxoroda «Dehqonlar navro‘zi» mart oyining 21-sanasida nishonlangan. Buxoro dehqonlari yil kunlari hisobini o‘sha kundan boshlaganlar. Otashparastlarning navro‘zi undan besh kun keyin kelgan. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida yozilishicha, Navro‘z “bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilgunicha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilgunicha, hayvonlarda [шаҳват] qo‘zg‘olishidan to nasl vujudga kelgunicha va o‘simlik unib chiqa boshlashidan takomillashgunicha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan”.

Bundan tashqari, Tabariyning “Tarixi Tabariy”, Abu Rayhon Beruniyning “Tafhim”, “Qonuni Mas’udiy”, Mas’udiyning “Muruj az-zahab”, Hofizi Abruning “Zubdat-at-tavorix”, Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” asarlarida ham bayram va uning tarixiga oid qaydlar mavjud.

Islomning qabul qilinishi bilan qadimiy xalq bayrami qonuniylashtirildi: masjidda ibodatlar o‘qildi, muqaddas joylarga tashrif buyurildi. Navro‘z bayrami Abbosiylar xalifaligi davrida dam olish kuni sifatida belgilangan. Xalifalik zaiflashganidan keyin Movarounnahr va Xurosonda vujudga kelgan mahalliy sulolalar, xususan, Somoniylar va Buvayhiylar davrida Navro‘zning mavqei yanada oshdi. Ayniqsa, Buvayhiylar Sosoniylar davridagi ayrim odatlarni yana qaytaradi. Keyingi turkiy sulolalar va davlatlar hukm surgan davrlarda ham Navro‘zni nishonlash davom etadi. Eronda Islomiy inqilobdan keyingina unga qarash o‘zgargan bo‘lsa, Saljuqiylar davlatida Sulton Navro‘zi keng nishonlanganligi manbalarda qayd etiladi.

Sumalak tarixi haqida

Temuriylar davrida Navro‘z eng ulug‘ va eng aziz, insonlarga cheksiz quvonch ulashuvchi bayram sifatida nishonlangan. Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z”, deb bejiz bu kunni alohida yod etmagan.

Bahor va mehnat bayramining paydo bo‘lishi haqidagi tarixiy ma’lumotlar davrlar o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchrab, shu kunlargacha yetib kelgan. Barcha qadimgi afsonalarda esa bu umumxalq bayramining paydo bo‘lishi ajdodlarimizning bahor fasli va ko‘klamgi dala ishlarining boshlanishiga aloqador udumlariga bog‘lanadi.

Navro‘z 21 martdan 22 martga o‘tar kechasi “Qozon to‘la” udumi bilan boshlanadi. Shu oqshomda kechasi bilan ko‘pchilik bo‘lib sumalak va halim pishirilgan. Bu taomlar qozoni ertasiga ochilgan. Navro‘z “qozon to‘ladigan”, ya’ni qut-baraka tantana qiladigan xalq bayrami hisoblangan.

Navro‘z bayramini sumalaksiz tasavvur qilish qiyin. Bu taomning kelib chiqishi haqida ham aniq manbalar mavjud emas. Xalq orasida mavjud rivoyatlarda sumalak Islom diniga bog‘lanadi. Ammo ushbu taom qadimdan Turkiston, Eron va Kavkazorti xalqlarining bayramona taomi hisoblanib kelingan. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining «Devonu lug‘otit turk» asarida “Suma -ivitilgan bug‘doy nomi. Uni quritib tuyiladi. So‘ng undan ugra oshi va non qilinadi. Sharbat uchun qilingan, undirilgan arpa uchun ham bu so‘z qo‘llaniladi” deb qayd etadi. Shunga ko‘ra, “sumalak” - ivitilgan bug‘doy yoki arpa ma’nosini anglatuvchi qadimgi turkiy kalom «suma» dan kelib chiqqan deyish mumkin.

Navro‘z bayramida nimalar qilingan?

Asrlar o‘tishi bilan turli xalqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan. Hozirgacha Markaziy Osiyoda Navro‘zning rasmiy va norasmiy tarzda nishonlanishi xususida maxsus tadqiqotlar olib borilmagan. Tarixchi olim Azim Malikov o‘z tadqiqotida Buxoro va Samarqandda Navro‘zning nishonlanishi, Islom dinining yoyilishi va ruslar istilosidan keyingi transformatsiya jarayonlariga to‘xtalib, Navro‘zni O‘rta Osiyoning madaniy jihatdan turli xil bo‘lgan musulmon aholisi g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan bayram sifatida ta’riflagan. O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar bu kunni yangi yilning boshlanishi sifatida quvonch bilan kutib olganlar. Bayramning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida Navro‘zga bag‘ishlangan qo‘shiqlar aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlanib qolgan.

Sovet davlati tarixida birinchi marta ommaviy Navro‘z Ozarbayjonda o‘tkazilgan

1926 yilga kelib, sovet hukumati tomonidan sotsialistik respublikalarda Navro‘zning taqiqlanishi bilan uni nishonlash biroz susaydi, ammo passiv ko‘rinishda bo‘lsa ham oilaviy davralarda marosimlar amalga oshirilishi to‘xtamagan. XX asrning 60-yillarida sovet davlati tarixida “iliqlik davri” sabab ba’zi milliy urf-odatlarga ruxsat beriladi. 1967 yilda dastlab Ozarbayjonda birinchi marta ommaviy Navro‘z sayli uyushtiriladi.

Hozir yurtimizda ham Navro‘z umumxalq bayrami sifatida nishonlanib, 21 mart dam olish kuni deb e’lon qilingan. Har yili shu kuni respublikaning barcha viloyatlaridagi xiyobon va maydonlarda bayram sayillari tashkil qilinadi, konsert-tomoshalar uyushtiriladi. Yurtimiz tarixi davomida ko‘plab hukmron sulolalar, dinlar va mafkuralar almashgan bo‘lsa-da, xalqimiz Navro‘z bayramini hamon nishonlab kelmoqda.

Mahmudxon Yunusov,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.