Navruz bayramiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham chegirma e’lon qildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mahalliy yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Navro‘z bayramiga bir qator chegirmalar e’lon qildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, 21-23 mart kunlari mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar chiptalari uchun mavjud tariflardan chegirmalar taqdim etilmoqda.

Jumladan, nafaqaxo‘rlar, nogironlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolarga 50 foiz, OTM, harbiylashtirilgan maxsus ta’lim muassasalari talabalari, o‘quvchilar, oilaviy sayohatga chiqqanlar uchun (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda), 4 kishidan ortiq hamkasblarga 15 foizlik chegirmalar beriladi.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdlarida esa barcha toifadagi yo‘lovchilarga 10 foiz chegirma bor.

Yuqorida qayd etilgan chegirmalar faqat temir yo‘l kassalarida rasmiylashtiriladi.

Imtiyoz elektron chiptalarni rasmiylashtirishda taqdim etilmaydi. Ta’kidlanishicha, elektron chiptalarni rasmiylashtirish tizimida hozircha bunday texnik imkoniyat mavjud emas. Mutaxassislar ushbu funksiyani takomillashtirish borasida ishlamoqda.

Shuningdek, joriy yil 5 martdan 30 aprelga qadar “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida har payshanba kuni “Afrosiyob” tezyurar poyezdining qo‘shimcha qatnovi ham yo‘lga qo‘yiladi.