Elektron chiptalardan foydalanishda qo‘shimcha qulaylik yaratildi

Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, poyezdlarga chiqish oldidan chiptalarni tekshirish jarayoniga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan elektron chiptalarni zamonaviy texnologiyalar QR-kod orqali tekshiruvchi maxsus moslamalarni sinovdan o‘tkazish jarayoni boshlandi.

Ayni damda yangi moslamalar “Afrosiyob” poyezdlarining birida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Transport vazirligining xabar berishicha, elektron chiptani rasmiylashtirgan yo‘lovchilarga endi uni A-4 formatida chop etish zarurati yo‘q. Ya’ni, elektron chiptani smartfon yoki planshetlarda taqdim etishning o‘zi kifoya.

Nazorat-o‘tkazish punkti xodimlari hamda vagon kuzatuvchilari elektron chiptaning haqiqiyligini maxsus moslama bilan tekshiradi. Keyin esa yo‘lovchi chipta bo‘yicha o‘z joyini egallashi mumkin bo‘ladi.

Hozirda qurilmalar “Toshkent-Markaziy” vokzalida sinovdan o‘tkazilmoqda. Keyinchalik tizim barcha vokzallarda joriy etilishi rejalashtirilgan. Sinov ishlari mart oyining oxirigacha davom etadi.