Nazarboyevning qizi Shveysariyada qasr sotib oldi
Shveysariyaning “Bilan” jurnali 21 avgust kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ikkinchi qizi Dinara mashhur “Belriv” (Château de Bellerive) qasrini sotib olgan. Nashrning yozishicha, ushbu inshoot bungacha shahzoda Sadriddin Og‘axonga tegishli bo‘lgan. U jahon ismoiliylarining hozirgi lideri shoh Karim Husayn Og‘axon IVning amakisidir.
Qasr Jeneva yaqinida joylashgan va Shveysariyaning milliy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. “Bilan” jurnali manbasi Dinara Kulibayeva ushbu qasrni 62 mln frank (qariyb 63 mln dollar)ga sotib olganini aytgan.
28700 m2 hududda joylashgan “Belriv” qasri bundan uch yil avval sotuvga qo‘yilgan. Qasr uchun dastlab 120 mln frank so‘ralgan. Aftidan bu narxga sotilmaganidan narx pastlab borgan. Bir necha kun oldin Dinara Kulibayeva “Belriv”ni qariyb ikki barobar arzon narxga sotib olgan.
Bu Nazarboyevaning Shveysariyadagi birinchi yirik xaridi emas, demoqda “Bilan”. Tahririyatdagi ma’lumotga ko‘ra, Dinara 2009 yili ham 75 mln dollarga ko‘chmas mulk sotib olgan.
Nazarboyevning qizi Shveysariya nashrining ushbu xabariga hozirga qadar hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.