Qozog‘iston Bolat Nazarboyevdan tortib olingan 300 ming gektar yerni davlatga qaytardi
Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari respublikaning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi - Bolat Nazarboyev shirkatlariga tegishli bo‘lgan 300 ming gektarga yaqin yerni davlatga qaytardi. Bu haqda payshanba kuni Qozog‘istonning “Amanat” (“Ajdodlar vasiyati”) partiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Amanat” partiyasi huzuridagi Davlat boshqaruvini rivojlantirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika jamoat kengashi raisi Yerlan Sairov huquqlari shubhali tarzda qo‘lga kiritilgan yerlarni olib qo‘yish jarayoni partiya tomonidan nazorat qilinishini ta’kidladi. “Uning ta’kidlashicha, ayni paytda Bolat Nazarboyevning sho‘ba korxonalariga tegishli Mangistau viloyatida 239 ming va Jambil viloyatida 60 ming gektar yer davlatga qaytarilgan. Avvalroq Bosh prokuratura bilan hamkorlikda Bolat Nazarboyev shubhali sharoitda egasiga aylangan 244 gektar maydonli 59 ta yer uchastkasi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Bolat Nazarboyev BN Invest xoldingiga rahbarlik qiladi, shuningdek, “Salikali Urpak” (Olijanob avlod) jamoat fondi asoschisi hisoblanadi.