Nega 78 yaponiyalik Yuriy Nikulinga ta’zim qilgandi?

Taniqli aktyor va sirk arbobi Yuriy Nikulin ismi badiiy filmlar bilan chambarchas bog‘langan. Tug‘ma iste’dod egasi odamlarni kuldira olgani uchun ko‘pincha ekranda komediya qahramonlari ko‘rinishidagi rollarni ijro etib, hayotligida afsonaga aylandi.
Deyarli 50 yil oldin sodir bo‘lgan voqea qahramoni nafaqat kuldirishni, balki hamdardlik qilishni ham bilgan.

Mudhish avariya
O‘sha kuni ertalab Moskvaning Svetnoy bulvaridagi sirk direktori Yuriy Nikulin ishga shoshilardi. U yerda u yapon delegatsiyasi bilan sirk truppasining Yaponiya bo‘ylab gastrollar uyushtirish bo‘yicha muhim uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan edi.
Ertalab mashinasini yurgiza olmagan Nikulin ishga yayov borishga ahd qildi. U svetoforda turib yo‘lni noto‘g‘ri kesib o‘tayotgan yosh ayol va uning kichkina bolasini katta tezlikda bir mashina urib ketganini ko‘rib qoldi. Olgan jarohatlaridan ayol o‘sha zahotiyoq vafot etdi.
Bolakay esa jarohat olmadi, u qandaydir mo‘’jiza bilan chetga uloqtirildi va hech narsaga fahm qilmay asfalt ustiga o‘tirib olib, yig‘lardi.

Минутка доброты: история о том, за какой поступок Юрия Никулина ему 78 японцев поклонились

Yuriy Vladimirovich bu fojia yonidan o‘tib keta olmadi, u darhol o‘g‘li onasining qonga botgan jasadini ko‘rmasligi uchun kostyumini yechib, ayol tanasini yopdi. Keyin voqealar tez-tez o‘zgara ketdi: olomon yig‘ila boshladi, tez yordam mashinasi, militsiya xodimlari yetib keldi.
Shu bir soatlarcha vaqt davomida Nikulin bolani quchoqlab o‘tirdi, chalg‘itish uchun kulgili voqealarni aytib berdi va hatto unga asalari suratli qizil galstugini ham yechib berdi. Militsiya xodimlari marhumning manzilini aniqlagach, Yuriy Vladimirovich ular bilan birga borib, bolani shaxsan buvisiga topshirdi. Shundan keyingina u ishxonasiga bordi.

Haqoratlangan yaponlar
Yapon delegatsiyasi bilan uchrashuvga Nikulin qariyb ikki soat kechikdi, u  kostyum va galstuksiz, oq ko‘ylagining yengi shimargan holda va chang bosgan tuflida kabinetga kirdi.
Delegatsiya rahbari Ito Kobayasi sirk direktorining bunday ko‘rinishi va kechikishini haqorat deb bildi (ajab emas, chunki yaponlar qoida tariqasida, pokizalik, odob-ahloq va punktuallikka juda moyil). U bosh irg‘adi va butun boshli delegatsiya sirk binosini namoyishkorona tark etdi.
Gastrol safarlar barbod bo‘ldi, lekin Nikulin shunday odam ediki, u qilgan ishidan bir daqiqa ham afsuslangani yo‘q. Uning uchun insonlar hayoti muhimroq edi. Yaponiyaga  bo‘lsa... Yaponiyaga keyingi safar borsa ham bo‘lar.

Adolat tantanasi
Oradan besh yil o‘tdi. Nashrlarning biri Nikulindan intervyu olib “Nega sirk Yaponiyaga bormadi?” degan savolni berdi. Yuriy Vladimirovich qanday qilib onasidan ayrilgan kichkina bolakayni katta qayg‘udan chalg‘itib turgani haqida aytib berdi.
Bu gazeta Ito Kobayasining qo‘liga tegdi, u o‘sha paytda Nikulinning tashqi ko‘rinishidan xafa bo‘lgani va uning kechikish sababini bilishga fursat topmaganidan xijolat tortdi.
Kobayasi Nikulinni Yaponiyaga taklif qildi va hatto uning orqasidan kompaniya samolyotini jo‘natdi.

Yuriy Vladimirovich ofisga kirganida, bu chin insonning qilgan ishiga hayrat va hurmatlarini bildirib, kostyum va galstuksiz, tirsagigacha yengi shimirgan oq ko‘ylakdagi 78 yaponiyalik ta’zim qilganicha kutib turardi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.