«Nega men bunday yashayman?»
Birinchi kishi so‘rabdi:
- Nega men bunday yashayman? Tez-tez kasal bo‘laman, omadsizlik doimo hamrohim. O‘zimni go‘yoki, har qanday muammolarni o‘ziga tortib olayotgan magnitga o‘xshataman...
Hayot unga javob beribdi:
- Sen qasdma-qasdlik bilan yashaysan. G‘azab va nafrat tuzog‘iga tushib, dunyodan ranjigansan. Hayotdan, atrofdagilardan sevinib, xursandchilik bilan yashash kerak. Shundagina baxtli bo‘lasan.
Ikkinchi kishi so‘rabdi:
- Men kimdir bilan yoki biror narsa bilan doimiy kurashda yashayman. Nega men bunday yashayman? Ko‘pincha qilgan ishim chippakka chiqadi?
Hayot unga javob beribdi:
- Chunki sen o‘smay qolgan o‘smirga o‘xshab, isyon ko‘tarib, hamma narsaga qarshilik ko‘rsatib yashaysan. Hatto o‘zingni ham to‘xtata olmaysan. Shuning uchun hayoting murakkab o‘tayapti. Shukronalik bilan yashash kerak. Shundagina baxtga erishasan.
Uchinchi odam so‘rabdi:
- Men-chi, men nega bunday yashayman? Doim birovning izmidaman, o‘zimga ishonchim yo‘q...
Hayot unga javob beribdi:
- Sen odamlar o‘zingga hasad qilishlarini istab yashaysan. Shunday yashaginki, ular sendan ilhomlanib yashasin, namuna olsin. Shundagina baxtli bo‘lasan.
To‘rtinchi odam so‘rabdi:
- Aytgin-chi, nega men doimiy stress va zo‘riqishlar bilan yashayman?
Hayot javob beribdi:
- Sen birovga biron nimani isbot qilmoq uchun yashaysan. Sening hayoting «isbotlashni talab qilish» teoremasi asosida shakllangan. Hech kimga hech narsani isbotlash kerak emas. O‘ziga e’tibor talab qilayotgan odamlarning ruhiy qiyofalarini oziqlantirish uchun juda ko‘p vaqt va kuch sarflashdan ko‘ra, Baxt aksiomasi qurshovida yashash kerak.
Beshinchi odam so‘rabdi:
- Mening hayotim keti uzilmaydigan umidsizliklardan iborat. Nega men shunday yashayman?
Hayot javob berdi:
- Sen hayotingni ko‘z-ko‘z qilib yashaysan. O‘zingni odamlar to‘g‘risida qayg‘urayotgandek qilib ko‘rsatsang-da, senda haqiqiylik yo‘q? Haqqoniylik bilan yashasang, baxtli bo‘la olasan?
Oltinchi kishi aytdi:
- Mening hayotim nihoyatda zerikarli. Men uchun hech narsaning qizig‘i yo‘q…
Hayot aytdi:
- Hayoting sening ishtirokingsiz o‘tayapti. Sen go‘yo «donishmand tosh baliq»dek undan yashiringansan. Hayotga qiziquvchanlik qilsang, u ham seni oralab o‘tmaydi, sen bilan qiziqadi, sen bilan qoladi. Shunda baxt nimaligini anglab yetasan.
Yettinchi kishi ham savol beribdi:
- Menga hech narsa xursandchilik keltirmaydi, men hayotdan qoniqmayapman. Nega men bunday yashayman?
Hayot unga javob berdi:
- Negaki, sen o‘z hayot yo‘lingni bosib o‘tmayapsan. Xursandchiliklar ham seniki emas. Birovga taqlid qilmasdan, o‘zingning orzu-maqsadlaring, hissiyotlaring, kitob va kinofilmlar, o‘zing sevadigan musiqa va munosabatlaringni topishing kerak. O‘zingning hayot yo‘lingni topa olsang, baxtli bo‘lasan!
Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.