Nega Osiyodagi Padaung ayollari bo‘yinlarini uzaytiradi?

Zarrin halqalar bilan o‘ralgan uzun bo‘yinlar Myanmada yashovchi Padaung xalqining o‘ziga xos belgisidir. Mahalliy ayollar metall yoqani besh yoshidan boshlab kiya boshlashadi. 16 yoshga kelib, balandligi 20 ta halqagacha yetgan 5-6 kilo og‘irlikdagi bezak ular yelkalarini bosib turadi.

Bu an’ana Osiyoda qanday paydo bo‘lgan? Xalqalar kundalik hayotga xalaqit bermasmikan va qaysi hollarda ayollarga ularni olib tashlashga ruxsat beriladi?

Go‘zallik qurbonlikni talab qiladi

Myanmaning uchta shimoliy shtatlari hududini egallagan 50 000 kishidan iborat “karenlar” qarindosh xalqlari guruhiga kiradigan Padaung ko‘pincha shaharlardan uzoqroqda joylashgan qishloqlarda sholi yetishtirish, sigir va echki ko‘paytirish va o‘rmondagi yovvoyi hayvonlarni ovlab yashashni afzal ko‘rishadi.  

Mashhur bo‘yin cho‘zish odatini barcha 7 millionlik karenlar O‘rta asrlardan beri qo‘llab kelgan. Biroq, boshqa davlatlarning ta’siri va qizlarning dunyoviy hayotga intilishi tufayli bu an’ana asta-sekinlik bilan yo‘qolib bormoqda.

“Yoqa” bitta metall spiraldan iborat bo‘lib, u 4-5 yoshida ota-onasi tomonidan qaror qabul qilingach, qishloq shomoni yoki tajribali tabib tomonidan oiladagi qiz bolaning bo‘yniga o‘raladi. Bugungi kunda an’ana ixtiyoriy, biroq agar oila qiziga halqalarni qo‘ydirishga jur’at etsa, u butun umri davomida ularni taqib yurishga majbur bo‘ladi.

Har yil halqalar soni ortib boraveradi. Qiz odatda 15-16 yoshida turmushga chiqqach, o‘ramlar qo‘shish to‘xtatiladi. Shu tariqa nikohdan keyin yoqa tugagan ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Tarqalgan fikrlardan farqli o‘laroq, bu halqalarning kiyilishidan ayol bo‘yni cho‘zilmaydi. Bu yelkalarning cho‘kishi va qovurg‘alarning siqilishidan kelib chiqadigan vizual effekt natijasidir. Simlar bo‘yinga jisplashmagan holda joylashtiriladi, bu esa ayolga xalqalar ostida boshni burish va tanani yuvish imkonini qoldiradi.

Karen ayollari nega metall yoqalarni kiyishadi?

Sayyoradagi barcha ayollar singari ular buni erkaklar uchun qilishadi. Ilgari mahalliy madaniyatlarda uzun bo‘yin tananing eng jozibali qismi hisoblanib, kalta bo‘yinli ayol go‘zal hisoblanmagan. Bugungi kunda Padaung xalqi o‘zini boshqa xalqlardan ajratib turadigan an’anaga hurmat sifatida “yoqa”ni saqlab qolgan.

Bundan tashqari, yanada amaliyroq mantiq bor: o‘rama simlar asosan bo‘yinga yopishib oladigan yirtqichlarning hujumidan himoya qilishi yoki erlaridan qochib ketmasliklari uchun ayollarning harakatlarini ataylab cheklab qo‘yishi mumkin.

Xalqalar kiyilishda davom etishining yana bir sababi u sayyohlarni jalb qiladi. G‘ayrioddiy ko‘rinish oilalarga chet elliklarga fotosuratlar va qo‘lda tayyorlangan mayda-chuyda buyumlar sotishdan qo‘shimcha daromad keltiradi.

Istisno holatida halqalar tibbiy sabablarga ko‘ra - tug‘ruq, operatsiyalar va turli kasalliklar muolajasi paytida olib tashlanadi.

G‘aroyib afrikaliklar

Osiyo aholisidan tashqari uzun bo‘yin Afrikaning Ndebele qabilasida ham izzat-ikromda. Bu arxaik xalq halqalarni nafaqat bo‘yniga, balki qo‘l va oyoqlariga turli xil ranglarga bo‘yalgan, munchoqlar bilan bezatilgan holda taqib yuradi. Shuningdek, bu yerda xalqalar tananing ozg‘in qismlaridagi yog‘ qatlamlarini bo‘rttirib ko‘rsatish vazifasini bajaradi. Negaki, Afrika me’yorlariga ko‘ra semiz ayollar chiroyli va boy deb tan olingan. Bu esa uning yaxshi ovqatlanishini anglatadi.

Xo‘sh, bu odat eski sarqit yoki yovvoyilikning boshqa bir ko‘rinishimi? Savol munozarali, negaki yevropalik qizlar ham boshqalarga go‘zalroq bo‘lib ko‘rinish uchun katta qurbonliklar qilishadi – ular tashqi ko‘rinishini o‘zgartirib, lablarini, yonoqlarini kattalashtiradi va yana yuzlab kosmetik muolajalarni boshdan o‘tkazishadi. Boshqa tomondan, tabiiy go‘zallik har doim, har qanday “malham”lardan ustun turishi aniq. 

B.Muhammadiyeva tayyorladi.