Nega Shohi Zinda majmuasidan koshinlar va butun boshli maqbarani olib ketishmoqchi bo‘lishgan?..
Turkistonning Rossiya imperiyasiga qaramligi yillarida qadimiy shaharlarimizdagi me’moriy obidalar eng ko‘p aziyat chekkan edi. Qadimgi ashyolarni yig‘ish yoki sotish Markaziy Osiyoning katta shaharlarida avvaldan mavjud edi va bu ish bilan ko‘p hollarda zargarlar va metallga ishlov beruvchi ustalar shug‘ullanishgan. Ular xazina izlamagan, qadimiy yodgorliklarga tegmagan.
Ammo Rossiya istilosidan keyin vaziyat o‘zgaradi. Hududning ko‘p asrlik boy tarixini o‘zida mujassam etgan qadimiy yodgorliklar dunyo jamoatchiligini o‘ziga rom eta boshlaydi va ularga sayyohlarning talabi ortib boradi. Bu bir tomondan hududdagi qadimiy yodgorliklar va buyumlarga umumiy qiziqishni vujudga keltirgan (ayniqsa, olimlar va mutaxassislar) bo‘lsa, ikkinchi tomondan qadimiy ashyolar bilan olib borilgan savdoning o‘sishi xazina izlovchilar qatlamini vujudga keltiradi. Aholining yevropalik qismi, iste’fodagi harbiylar, sayyohlar, umuman, shaharga oyog‘i yetgan har bir kishi Amir Temur davlati poytaxtidan “esdalik”siz ketmas edi. O‘sha davrdagi gazeta sahifalarida bu haqda ko‘p xabarlar yozilgan.
Kolleksiya yig‘uvchilarning asosiy e’tibori Samarqanddagi me’moriy obidalarga qaratilgan edi. Chunki, bu ko‘p bilim va mehnat talab qilmasdi. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida XIX asr oxiri XX asrning birinchi yarmida Samarqand obidalarining holatiga doir hujjatlar saqlanadi. Mazkur hujjatlarga ko‘ra, Samarqand obidalari koshinlarini yig‘ib Rossiyaga yuborgan birinchi shaxs Turkiston general-gubernatori fon Kaufmanning maslahatchisi, sharqshunos A.Kun bo‘lgan. Turkiston general-gubernatorining arxeologiya komissiyasi raisi graf S.Stroganovga 1871 yil 13 martdagi xatida A.Kun imzosi bilan Samarqand shahri qadimiy binolari vayronalaridan olingan koshinlarning to‘liq ro‘yxati keltirilgan.
Ushbu ro‘yxatda Shohi Zinda ansamblidagi Amir Husayn ibn Qora Qutlug‘ va bolalari maqbarasi, Amir Temurning singlisi, Amir Tarag‘ayning qizi Shirin Beka maqbarasi, Amir Temur tomonidan qurilgan masjid, Qutlug‘ Turdibek Oqo maqbarasi, O‘ljoy enaga qizi maqbarasining koshin va boshqa me’moriy qismlari joy olgan.
Ta’kidlash joizki, arxiv hujjatlarida keltirilgan ro‘yxatda hozirda biz bilgan Shohi Zinda ansamblida uchramaydigan maqbaralar nomi keltirilgan bo‘lib, bu alohida tadqiqotni talab etadi. Hijriy 762 yilda qurilgan, taxmin etilishicha, Amir Temurning kuyovi Shoh Arab maqbarasi, o‘sha vaqtda aholi tomonidan oyna xona deb ataluvchi hijriy 888 yilda qurilgan Amir Muso maqbarasi, qurilgan yili saqlanmagan Amir Assad maqbarasi, Amir Abu Tengi maqbarasi, taxminlarga ko‘ra Temurning qizi Chuchun Bekaga tegishli maqbara shular jumlasidan. Ayni paytda asosiy me’moriy qoplama bo‘laklari aynan mana shu obidalar (Amir Abu Tengi, Shoh Arab maqbaralari) dan olingan. Shohi Zinda ansamblidan 100 ga yaqin me’moriy qoplamalar, koshinlar, naqshli g‘ishtlar olib ketilgan.
Ro‘yxatda, shuningdek, Amir Temur (Bibixonim) jome masjididan 11 dona naqshinkor g‘isht va koshinlar, Registon ansamblidagi Ulug‘bek madrasasidan bino devori qismlarini bezab turgan mozaikalardan olingan kvadrat, Amir Temur maqbarasidan devor qismi va minora frizlarini bezab turgan 10 bo‘lakdan iborat turli mozaikalar, devorga terilganda naqshlar va yozuvlarni hosil qiluvchi 6 ta ko‘k va moviy sirlangan g‘ishtlar, ziyoratxonadagi Amir Temur va uning yaqinlari qabrtoshlarini o‘rab turuvchi marmar panjara quyi bog‘lam bo‘lagi, maqbara ichi quyi qator sokolini tashkil etuvchi tarashlangan marmar tosh bezak bo‘lagi, oltiburchak ko‘rinishidagi yo‘nilgan marmardan ishlangan ichki sokol bo‘lagi, o‘ymakori yog‘och eshik bir tavaqasi ham keltirilgan. Yuqoridagi ashyolarning hammasi komissiya tomonidan imperator saroyida tashkil etilayotgan sanoat muzeyi uchun yuboriladi.
Ular bilan birga K.Kaufmanning ixtiyorida bo‘lgan Samarqand arki (hozirgi Ko‘ksaroy maydoni) Buxoro darvozasi yaqinidan topilgan Abu Said o‘g‘li Muhammad (hijriy 518 yil, milodiy 1124-1125 yy.) qabridan olingan qabrtosh va yozuvli ikkita marmar plita ham komissiya ixtiyoriga yuborilgan va bu ashyolar Osiyo muzeyidan joy olgan.
1901 yilda imperator Aleksandr III ning Rus muzeyi tomonidan rassom S.Dudin Turkistonga safarga yuboriladi. Imperator arxeologiya komissiyasi tomonidan unga Turkiston o‘lkasidagi davlat, jamoat va boshqa ko‘rinishdagi yerlarda 1901 yil davomida qazish ishlarini o‘tkazish uchun ruxsat beriladi.
Biroq S.Dudin tomonidan arxeologik qazish ishlari o‘tkazilmasdan, asosan Samarqand obidalarining me’moriy qoplamalari yig‘iladi va Aleksandr III ning Rus muzeyiga olib ketiladi. Ushbu topshiriqni u 1895-1908 yillar davomida bir necha marta muvaffaqiyat bilan uddalaydi.
Yodgorliklarning talanishi keyingi yillarda to‘xtamaydi. Komissiyaning imperator saroyi ministrligiga yozgan 1906 yildagi raportida bu haqda shunday deyiladi: “Turkistonda qadimiy ashyolarni talagan aybdorlar izlanmayapti, yodgorlikning saqlanishiga javobgar bo‘lganlar esa jazoga tortilmayapti, oqibatda bu ish kamayish o‘rniga ko‘paymoqda. Samarqand shahrida avvaliga masjidlarning katta bo‘lmagan koshinli qoplamalarini olishdi, endi esa butun boshli pannoni qo‘porishmoqda, talonchilar pistolet bilan qurollangan. O‘g‘irlangan koshinlar odatda boshqa yer muzeylarini bezash uchun chetga olib chiqiladi. Bu yovuzlik Kaspiyorti temiryo‘lining o‘tkazilishi bilan paydo bo‘ldi...”.
Ichki ishlar ministrligida alohida topshiriqlar bo‘yicha amaldori A.Polovsev bilan bog‘liq voqea o‘sha vaqtda Samarqand obidalariga bo‘lgan munosabat qay ahvolda ekanligi xususida to‘liqroq tasavvur olish imkonini beradi. 1901 yilda Peterburgdagi baron Shtiglitsning texnik chizish bilim yurti komissiyadan Samarqanddagi Shohi Zinda ansambli devorlaridagi sirlangan turli rangdagi koshinlardan nusxa olish uchun o‘quv yurti kengashi a’zosi A.Polovsev nomiga ruxsatnoma rasmiylashtirib berishni, mahalliy hokimiyat vakillari ushbu masalada Polovsevga amaliy yordam berishini ta’minlashni so‘rab murojaat qiladi.
Bilim yurti o‘zining ushbu harakatini koshinlarning doimiy va asta-sekin qulab tushayotganligi, Samarqandda yuz beradigan doimiy yer silkinishlari oqibatida yodgorlikka zarar yetishidan xavfsirash, Shohi Zinda maqbaralari devorlari butunlay vayron bo‘lish xavfi ostida turganligi, O‘rta Osiyo san’atining ushbu ajoyib yodgorligini koshinlarini qo‘porib olish orqali saqlab qolish va uni o‘quv yurti muzeyiga joylashtirib, ommaga namoyish etishni maqsad qilganligi bilan izohlaydi.
Komissiya Shohi Zinda ansamblining qisman yer silkinishi oqibatida vayron bo‘lish yoqasida turganligi, to‘kilib ketayotgan devor qoplamalari talon-toroj qilinayotganligini hisobga olib, “hech bo‘lmasa bitta ilmiy jihatdan qiziqarli bo‘lgan qoplamalarni saqlab qolish maqsadida” istisno tarzida Sankt-Peterburg texnik chizish markaziy o‘quv yurti muzeyiga olib ketish uchun A.Polovsevga ansambl obidalaridan koshin qoplamalari olishga ruxsat beradi va bu haqda o‘zining 1901 yil 9 iyuldagi 1230-sonli xatida Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga ma’lum qiladi.
Biroq Samarqand harbiy gubernatori Turkiston general-gubernatori orqali harbiy ministrlikka yo‘llagan maktubida “koshin qoplamalarning olinishi shusiz ham e’tibordan chetda qolib kelayotgan ansambl maqbaralarining tezda vayron bo‘lishiga sabab bo‘lishi, so‘zsiz va tabiiy ravishda musulmonlarning diniy va tenglik hissiyotlarini haqorat qilib, adolatli ravishda ular tomonidan norozilik keltirib chiqarishi” mumkinligini bildiradi. A.Polovsevga berilgan ruxsatnomani bekor qilish so‘raladi. O‘z navbatida harbiy ministrlik Bosh shtabi Osiyo qismi o‘zining 1901 yil 31 avgustdagi 48700-sonli maktubida bu haqda imperator saroyi ministriga bildiradi.
Shundan so‘ng komissiya 1901 yil 27 sentyabrda imperator saroyi ministrligiga yo‘llagan 1589-sonli maktubida Turkiston o‘lkasidagi mahalliy ma’muriyat vakillarini qattiq tanqid ostiga oladi va ruxsatnoma bilan bog‘liq o‘z pozitsiyasini qattiq turib himoya qiladi. Maktubda komissiya temuriylar davriga taalluqli Samarqand obidalari, ayniqsa Amir Temur maqbarasi va Shohi Zindaning ba’zi maqbaralari butunlay to‘kilib ketganligi, ularning tez orada vayron bo‘lishi mumkinligi, obidalar qoplamalarining talanayotganligi va xorijga chiqib ketayotganligi, Samarqanddagi deyarli barcha obidalarning talonchilarning qo‘li yetadigan joyigacha pastki qismi koshinli qoplamalardan judo bo‘lganligi, mahalliy ma’muriyat uzoq vaqt davomida me’moriy yodgorliklar qoplamalarining talon-toroj etilishiga befarq qarab kelganligini ma’lum qiladi. Shuningdek, u xatida faqatgina imperator Arxeologiya komissiyasining qistovi bilan qadimiy koshinlar bilan savdo qilishni taqiqlaganligi, 1897 yilda o‘tib-qaytuvchilarning xavfsizligini ta’minlash bahonasida Bibixonim masjidining muhtasham minorasi yuqori yarim qismi olib tashlanganligi va uning koshinlari yo‘q qilinganligi, rus qal’asiga yaqin joydagi XIV asrga oid bir ajoyib masjid maydon (esplanada) ochish uchun portlatilib havoga uchirilganligini bildirib, A.Polovsevga topshirilgan ishlarning amalga oshirilishi musulmonlarning diniy va tenglik hissiyotlarini haqorat qilmaydi, deb hisoblashini yozadi.
Oxir-oqibat A.Polovsevga faqatgina “to‘kilgan alohida koshinlarni” olishga ruxsat etiladi. Ayni voqeaga tegishli Komissiya arxivi hujjatlarida jarayonning qanday yakun topganligi yoki A.Polovsev Shohi Zinda ansamblidan koshinlar olgan yoki olmaganligi haqida ma’lumotlar uchramaydi. Biroq A.Polovsevga tayanilib yozilgan boshqa tadqiqotlarda Peterburgdagi baron Shtiglitsning texnik chizish bilim yurti “XIV-XV asrlarga oid O‘rta Osiyo naqshlari va ganch o‘ymakorligi namunalariga ega bo‘lgan”ligi keltiriladi.
Mahmudxon Yunusov,
muzeyshunos.