Nega shunaqa?

Yoki qachongacha qaysidir tizimda faqat davlat rahbari topshirig‘i bilan ish ketishi, yig‘ilib yotgan muammo hal etilishi kerak?
Avvalroq amaldagi qonunchilikka ko‘ra, o‘qituvchilar o‘quv yili avvalida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari ShARTligi haqida yozgandik. Amalda esa bu qoida ishlamayotganligi, qaysi tibbiy ko‘rik faqat qog‘ozlarda bo‘layotgani gumon ostiga olingandi.
Albatta, qoralamalarimizda biroz istihola bilan bu tartib katta ahamiyatga ega ekanligini va uni amalda ishlatish zarurligini bildirganmiz. Shu maqsadda uni viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari va kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashiga yubordik.
Ming afsuski, ulardan jo‘yali javob ololmadik. Ololmadik, deganimiz ma’nisi shundaki, kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashidan amaldagi tartib bitilgan noma keldi. Vaholanki, maqolamizda ayni shular ishlamayotgani haqida yozgandik.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vaziyatni sukut saqlab kuzatayotgan bo‘lsa, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi avgust oyida o‘tkazgan aksiyasi raqamlarini ochiqlashni ham ep ko‘rmayapti.
Shu o‘rinda sarlavhadagi savol tug‘iladi: Ayrim tashkilotlarda qonunlarda belgilangan tartib, jamoatchilik turtkisidan keyin ham ishlamaydimi?
Yoqubjon MARQAYeV.