Nega ziyolilar ham terror guruhlarga a’zo bo‘lib qoladi?

Yaqinda telefon raqamlarimizga «Terrorchi Abu Saloh, Abdulloh Zufar ma’ruzalari sud tomonidan taqiqlangan bo‘lib, ularni saqlash, tarqatish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi» mazmunidagi xabarlar kela boshladi. Deylik, ushbu ma’ruzalar terrorchi guruhlar a’zolariga mansubligini bilmagan holda telefonida saqlagan fuqarolarga ham chora ko‘riladimi? Umuman, terrorchi guruhlar bu kabi ma’ruzalardan qay tartibda foydalanadi? Internet  orqali terrorchi guruhlar odamlarni qanday yollashi mumkin? Nega ular orasiga oliy ma’lumotli kishilar ham tushib qoladi?

Bu kabi savollarni ko‘pchiligimiz takrorlaymiz. Ba’zida javob topamiz, ba’zida yo‘q. Ammo ogohlik hammasidan zarur bo‘lgan bugungi kunda ularning javobini bilish shart va zarur.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari va ko‘ngillilar uchun “Global fuqarolik tamoyillarini mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining roli” mavzusida o‘tkazilgan “Medialaboratoriya-2021” xalqaro treningida shu kabi savollarga javob topildi.

Xalqaro ekspertlar ommaviy axborot vositalari hamda nodavlat tashkilotlar xodimlarining savollariga javob berishga ulgurmay qoldi, kezi kelganda. Garchi, seminar uch kun davom etsa-da, mavzular ko‘lami rang-barangligi, bugunning dolzarb nuqtalaridan biri ekanligi uchun ham sessiya qizg‘in tus oldi. Mavzular ekspertlar tomonidan ishtirokchilarga obdon yetkazilishi barobarida, tahlil etildi, uni zamonaviy multimedia vositalari yordamida yoritish masalalari amaliy tarzda o‘rganildi.

Germaniya Tashqi ishlar federal vazirligi, Xalq universitetlarining nemis assotsiatsiyasining mamlakatimizdagi filiali ko‘magida o‘tkazilgan treningda global fuqarolik g‘oyalarini ilgari surishda va majburiy ekstremizmning oldini olishda yoshlar va OAVning hududiy tarmoqli aloqalarini mustahkamlash, radikallashuv g‘oyalaridan aholining barqarorligini oshirish va jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga karatilgan amaliyotlar borasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, global fuqarolik va majburiy ekstremizmning oldini olish g‘oyalarini ilgari surish bo‘yicha masalalarni OAVda yoritishda ishtirokchilar daxldorligini oshirish kabi masalalar muhokama etildi.

Qirg‘izistonlik Indira Aslanova, qozog‘istonlik Miras Nurmuxanbetov, tojikistonlik Qosim Bekmuhamedov kabi ekspertlar bugun dunyo miqyosida ekstremizmga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikrlarini bildirar ekan, har bir davlatning bu borada o‘z strategiyasi borligi, ushbu choralar davlatlar o‘rtasida umumiy rishtani, tinchlikka tahdid soluvchi kuchlarga birgalikda kurash mushtarak ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.

 

- Ko‘pchilik islom dinidan yaxshi xabardor kishilar terrorchi guruhlar safiga qo‘shilib qolmaydi, degan xayolda bo‘ladi, - deydi Hududiy tahdidlar tadqiqoti markazi rahbari Viktor Mixaylov. – Ammo tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu guruhlar safiga aksincha, dinni yaxshi biladigan odamlar ko‘proq tushib qolyapti. Yoki, aksincha, umuman bexabarlik, ishsiz, hunari, kasbi yo‘q insonlar orasida ham tuzoqqa ilinayotgan insonlar ko‘p. Shuningdek, ko‘pchilik internet orqali guruhlar o‘ziga odam yig‘adi, deb o‘ylashadi. Bu ham xato fikr. To‘g‘ri, internetdan foydalanishadi. Birinchi navbatda, go‘yoki, biror bir terrorga aloqasi bo‘lmagan ma’ruzalar, chorlovlar ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtiriladi. Mavjud tuzum, diniy ulamolardan norozilik ohangidagi ma’ruzalar orqali odamlar ishonchiga kirib, ular o‘rtasida obro‘ qozonishga intilish bo‘ladi. Ularning har bir so‘ziga chippa-chin qabul qilish darajasiga kelgan omma bilan ishlash keyinchalik ularga oson bo‘ladi.

Hamon migrantlar orasida guruhlarga a’zo tanlash holatlari ko‘p. Migrantlar orasida ham kasbi, hunari yo‘qlar, qiynalib qolganlar bu guruhlarga a’zo bo‘lishi osonroq. Afsuski, oliy ma’lumotli insonlar orasida ham ular ta’siriga tushib qolayotganlar ko‘p. Ushbu guruhlarning oliy maqsad yo‘lidagi chaqiriqlari ziyoli, hayotini o‘zgartirish haqida o‘ylab yurgan insonlarni jalb qiladi. Afsuski, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, terrorchi guruhlar safiga tushib qolayotgan insonlar juda qisqa fursatda bu yo‘lning oxiri choh ekanligini anglab, pushaymon qilishadi. Darvoqe, terrorchi guruh a’zolari deb tan olingan kishilarning ma’ruzalarini bilmasdan saqlash sizni jazodan olib qololmaydi.

Jamiyatdagi radikal fikrlarning tarqalmasligi, global fuqarolik, bag‘rikenglik tamoyillarini doimiy tarzda yoritib borishda ommaviy axborot vositalaridan talab etiladigan jihatlar xususida mahalliy va qo‘shni davlatlar trenerlari tomonidan qiziqarli, interfaol usuldagi mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Uch kunlik seminar-trening so‘nggida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston davlatlari media-tashkilotlari hamkorligi yuzasidan memorandum imzolandi.

Gulruh MO‘MINOVA.