"Nigoh" rahbarlarni gazeta o‘qishga da’vat etadi

Avvalo, gazetaning muhim mavzuni ko‘tarib chiqqani, "Diqqat! Yangi rukn: Gazeta o‘qiyapsizmi?" rukni ostida dolzarb muammoga e’tibor qaratgani e’tiborli. Maqolada ta’kidlanganidek, kundalik gazeta-jurnallarni o‘qib borishning, ayniqsa, rahbarlar uchun ahamiyati katta.

Birinchidan, fikr doirasi kengayadi, nutqi ravonlashadi. Ikkinchidan, dunyoda, mamlakatda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar, yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Ma’naviy saviyasi, rahbarlik salohiyati oshadi, o‘ziga ishonchi ortadi. Jamoa a’zolarini oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga safarbar etishda tashabbuskorligi, tashkilotchiligi yuksaladi.

Shu o‘rinda gazeta ushbu maqolasida keltirgan bir misol barcha rahbar uchun odatga aylanishini juda-juda istardik. "Bir korxona rahbarini yaxshi taniyman, – deb yozadi muallif. – Korxonada har hafta dushanba kuni ish "Ma’naviyat soati"dan boshlanadi. Xodimlar o‘tgan hafta davomida matbuot nashrlarida e’lon qilingan yangiliklar, yangi qabul qilingan qarorlar, Prezident farmonlari, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan hukumat dasturlari mazmun-mohiyati bilan tanishtiriladi. Ular matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga, muntazam o‘qib borishga da’vat etiladi".

Matbuot – hayot ko‘zgusi! Unda jamiyatda ro‘y berayotgan jarayonlar – muvaffaqiyatlar, yangiliklar, kamchiliklar qanday bo‘lsa, shunday aks etadi. Ulardan matbuot orqali xabardor bo‘lib borish, xulosa chiqarish, rahbarga muammolarni hal etish, jamoada sog‘lom, ishchan muhitni yaratishda qo‘l keladi. Shu jihatdan "Nigoh"da ko‘tarilgan mavzu barcha rahbar uchun ezgu da’vatdir.