Nikoh shartnomasi biz uchun "begona" emas

Bu haqda Fuqarolik kodeksining 354-moddasida ham bildirilgan. Oila kodeksining 29-moddasiga binoan nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning yoki er-xotinning nikohda bo‘lgan davrda yoxud er va xotin nikohdan ajralgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvdir. Oddiyroq qilib aytadigan bo‘lsak, bunday shartnomada nikohlanuvchi shaxslarning nikohdan avvalgi va keyingi mol-mulki kimga tegishli ekanligi aniqlashtirib olinadi. Ushbu kelishuv hamda uning foydali tomonlari haqida ommaviy axborot vositalarida maqolalar e’lon qilib boriladi. Aholiga uning qulayliklari aytiladi. Ammo yuqoridagi raqam bu targ‘ibotning samara bermayotganini ko‘rsatib turibdi, nazarimda. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda nikohdan ajratish haqidagi ko‘rilgan 5 mingga yaqin ishdan 3 ming 595 tasi ajralish bilan yakun topgan. Ajrashgan oilalar mol-mulk bo‘linishi yuzasidan ham sudga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Erkak kishining mol-mulki asosan, ota-onasi, qarindoshlari nomida bo‘lishi ona va bolalar manfaatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu voqealar atrofimizda bo‘lyapti va farzandlari bilan hech qanday huquqqa ega bo‘lmay qolayotgan onalar haqida ham eshityapmiz. 

– Nikohlanuvchilarga nikoh shartnomasi haqida tushuntirganimizda ko‘pchilik bizga shunchalik vahima bilan qaraydiki, hatto gapimizni oxirigacha eshitgisi ham kelmaydi, – deydi Samarqand shahridagi 2-son FHDYo bo‘limi mudiri Zamira Ahmedova. – "Nima, bu oila ajralish uchun qurilyaptimi? Nafasingizni issiq qiling", – degan tanbeh eshitgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Qonuniy jihatdan bu ixtiyoriy kelishuvdir. Nikohlanuvchi shaxslarning salomatligini o‘ylash maqsadida bugungi kunda tibbiy ko‘rik majburiy etib belgilandi. Ehtimol, nikoh shartnomasini tuzishni ham majburiy qilish o‘sha oilaning kelgusida turli noxushliklarga duch kelmasligi uchun sharoit yaratar?
Haqiqatan ham arzimas narsalardan janjal chiqarib, oilaviy kelishmovchiliklar tufayli ajrashayotgan oilalar nikoh shartnomasi bo‘lgach, oilani saqlab qolishga urinar? Axir ajrashgach, na ota-onasi, na qarindoshlarining uyiga sig‘may azob chekayotgan ayollar kammi?

– Mamlakatimizda yigit-qizlar asosan, hali biror mol-mulkka ega bo‘lmagan paytda turmush quradi, – deydi Samarqand shahridagi 12-son davlat notarial idorasi notariusi Shahlo Ismoilova. – Ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan farzand esa mol-mulk bilan bog‘liq kelishuvlarni ham mustaqil ravishda amalga oshirolmaydi. Ota-onalar bu masalaga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishadi. Qolaversa, mol-mulkni bo‘lishish haqidagi fikr qiz tomondan bildirilsa, bu oilaga shubha bilan qarab, yoshlarning turmush qurishiga qarshilik qilmoqchi bo‘lgan ota-onalar ham bor. To‘g‘ri, nikoh shartnomasida nafaqat bor mol-mulk, balki kelgusidagi, birgalikdagi hayoti davomida orttirilgan mulk ham kimga tegishli bo‘lishini belgilab qo‘yish mumkin. 
Darvoqe, nikoh shartnomasi ikki tomon manfaatlari uchun foydali ekanini ta’kidlash lozim. Avvalo, ajrimdan keyin ularning sud idoralariga qatnab yurishiga hojat qolmaydi. Ushbu shartnoma tuzilgan taqdirda erkak kishi o‘z nomida uy bo‘lsa-yu, ammo o‘zi chet elga ketgan bo‘lsa, uy bilan bog‘liq rasmiy hujjatlarda rafiqasi ish yuritishi mumkin. 

Gulruh MO‘MINOVA.