Niqob 100 foiz himoyalamasa ham, nega uni taqish shart?
- Ba’zi davlatlar ko‘chada niqob taqishni olib tashladilar. Niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmasligini barchamiz bilamiz. Nima uchun bizda niqob taqish shart?
Ushbu savolga AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova javob berdi.
- Ha, niqoblar infeksiya yuqishidan 100 foiz himoyalay olmaydi.
Biroq koronavirus infeksiyasi tashuvchisi niqobdan foydalanganida, uning virusni boshqa odamga yuqtirish ehtimoli bir necha martaga kamayadi.
Shuning uchun niqoblar mabodo siz simptomsiz, koronavirus infeksiyasining tashuvchisi bo‘lsangiz hamda o‘zingiz bundan bexabar bo‘lsangiz, virusni boshqalarga yuqtirish ehtimolini keskin kamaytirish uchun kerak.
Avvalo, ta’kidlash lozimki, ba’zi davlatlarda niqob taqish butunlay bekor qilingani yo‘q.
Transportda, bozorlar, do‘konlar va boshqa aholi to‘planadigan joylarda niqob taqish talabi saqlanib qolgan, faqatgina ko‘chada yurganda ijtimoiy masofa saqlagan holda niqobsiz yurish tavsiya etilgan.
Har bir davlat kasallik profilaktikasiga qaratilgan o‘zining tartibini belgilaydi va amalga oshiradi. Bizda epidemiologik vaziyat barqarorlashmaguncha niqob taqish shart".