Nisholda qanday tayyorlanadi?

Ramazonda iftorlik dasturxoni nisholda bilan fayzli. Lazzatli, barokatli va ramziy bir ahamiyatga ega bu shirinlik hazmi yengil bo‘lgani bois ham ro‘za oyida ko‘p iste’mol qilinadi.

U qanday tayyorlanadi? Biz mutaxassislar bilan suhbatlashib, uni uy sharoitida ham tayyorlash mumkinligini bildik.

Demak, tayyorlash quyidagicha: 1 kilogramm nisholda tayyorlash uchun yetmak (bix ham deyishadi) ildizi, 900 gramm shakar, 10-12 dona tuxum oqi, 1 gramm limon kislotasi, 0,1 gramm vanilin kerak bo‘ladi.

Tayyorlash usuli quyidagicha: yetmak ildizi yuvilib, maydalanadi va suv solib qaynatiladi. So‘ng qaynatma dokadan o‘tkazilib, suvi ajratib olinadi. Sovitilgan qaynatma qozonga solinadi va tuxum oqi bilan yaxshilab ko‘pirtiriladi. Bu jarayonda qandolatchilar behi novdalaridan foydalanishadi, uy sharoitida esa maxsus ko‘pirtirgichlardan foydalanish mumkin.

Shakar qiyomini tayyorlash uchun 1 kilogramm shakarga 300 millilitr suv solinadi. Shakar eriguncha muntazam aralashtirib turish lozim. Qaynab chiqqach, limon kislotasi qo‘shiladi va harorati +55... +60 darajaga yetguncha sovitilib, u ham mis qozonga oz-ozdan solib ko‘pirtiriladi. Ta’bga ko‘ra vanilin qo‘shish mumkin. Ko‘pirtirishga ancha kuch sarflanadi, taxminan 2 soatda yetiladi. Keyin u sovitiladi va yana bir marotaba yaxshilab aralashtiriladi.

Nisholdada kristallashgan shakarning qumoqlashuvi va qiyomning ko‘pikdan ajralmasligi uning tayyor bo‘lganini ko‘rsatadi. Tayyor bo‘lgan nisholdaning rangi oppoq bo‘lib, maxsus yog‘och kurakchani botirganda cho‘zilib chiqadi.

Sulaymon Mardiyev tayyordi.