Noqonuniy egallab olingan suv inshooti yer maydoni qaytarib olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Tadbirkor ayollarga kuch ishlatildi. Ichki ishlar xodimlarining harakati qonuniymi?” sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan Toyloq tumani hokimligi rasmiy munosabat berdi.
Unda bildirilishicha, tumandagi Ilmobod mahallasida yashovchi fuqaro L.Eshto‘xtayeva va Z.Jo‘rayeva "Suvoqova" davlat unitar korxonasi Toyloq tumani filiali balansida bo‘lgan 10 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda egallab, atrofiga uzunligi 25 metrdan iborat devor qurib olgan.
Vaholanki, mazkur yer maydonida ichimlik suvi inshootini qurish bo‘yicha Toyloq tumani hokimining 2019 yil 18 apreldagi 1045-sonli qarori qabul qilingan.
Yerga da’vo qilayotgan fuqaro L.Eshto‘xtayevada yerga egalik huquqini beruvchi hech qanday hujjat mavjud emas. Shu boisdan Kadastr palatasi Toyloq tumani filiali tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olgan devorni o‘z xohishi bilan belgilangan muddat ichida buzib, o‘z holiga qaytarib qo‘yish bo‘yicha ogohlantirish berilgan.
Biroq fuqaro ogohlantirishlarga qaramay noqonuniy qurilgan devorni buzmagan.
Mazkur yer maydoniga ichimlik suvi minorasini qurib, Ilmobod hamda Bunyodkor mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning 13 noyabr kuni viloyat hamda tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida mazkur qurilma buzilib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Buzish jarayoniga fuqaro L.Eshto‘xtayeva hamda uning qarindoshlari faol qarshilik ko‘rsatgan.
Jarayonda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida IIB xodimlari jalb qilingan.