Zaxira yerga ruxsatsiz arpa ekkan fuqaroga jarima qo‘llanildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan sohaga oid huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yil yanvar-iyun oylarida inspeksiyaning viloyat boshqarmasi tomonidan 271 ta nazorat-monitoringlar o‘tkazilib, 291 ta qonunbuzilish holatlari kuzatildi. Aniqlangan 50 ta holat yuzasidan 19 million 624 ming so‘mlik moliyaviy jarimalar belgilandi.
Xususan, inspeksiyaning Nurobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan monitoring-o‘rganishlarda 13 ta qonunbuzilish holati bo‘yicha yer resurslaridan foydalanish talablarini buzgan 12 fuqaroga nisbatan 4 million 906 ming so‘m moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Jumladan, O‘rtabuz mahallasida yashovchi S.Kenjayev tuman zaxirasidagi Tinchlik massivida joylashgan lalmikor yer maydonining 0,7 gektar yeriga hech qanday ruxsatsiz arpa ekkan. Yer resurslaridan noqonuniy foydalanib kelayotgan fuqaroga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi
axborot xizmati.