Noqonuniy qurilish amalga oshirilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga qaytarildi

Biz voqelikka baho berishda ko‘pincha oq va qoradan iborat mezonlardan foydalanamiz. Azal ishongan ideallarimiz ham shunday: yovuzlik va ezgulik kurashadi, bir tomon shubhasiz yomon, ikkinchi tomon, albatta yaxshi bo‘ladi.

Hayotda hammasi bunday oddiy va ayon ajralib turmaydi. U yoki bu hodisaning sabablarini o‘rgana boshlar ekansiz, vaziyat chalkashligi, murakkabligi va turli jarayonlarga bog‘liqligini ko‘rasiz. Bugungi kunda noqonuniy qurilgan uy-joylar masalasiga to‘xtalganda ham shunday: tortishuvlar, ko‘z yosh to‘kilishini ko‘rish mumkin. Afsuski, ayrim fuqarolar bu holga tushishidan oldin qilayotgan ishlarining oqibatini o‘ylab ko‘rishmaydi.

Noqonuniy uy-joylar masalasida bu qadar tushunmovchilik va ziddiyatlar kelib chiqishining sabablari ham ana shunda. Hatto uy-joyining tegishli  hujjatlari bo‘lmay turib yillar davomida yashab kelayotgan fuqarolarni ham uchratish mumkin.

Samarqand tumani hokimligi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan bir nechta mahallalarda noqonuniy qurilgan qurilishlar, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar aniqlandi.

Xususan, tumandagi Nayzatepa mahallasida ana shunday holatlar bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritilgan. Sud noqonuniy obe’ktlarni buzish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan sud buyrug‘i ijroga qaratilgan.

Jumladan, Nayzatepa mahallasi hududida “Gulobod agrotexservis” agrofirmasi yerdan foydalanish xaritasida ko‘rsatilgan 251-raqamli dala konturida noqonuniy ravishda qurilgan devor va 216 kvadrat metrdan iborat uy-joy javobgar hisobidan buzdirildi. Yer maydoni “Quddusov Maxmud bog‘lari” fermer xo‘jaligiga qaytarildi.

Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Shu o‘rinda bu mulohaza, bu kabi noqonuniy qurilishlarning sababi chuqur ildiz otgan. Uni bartaraf etish ancha vaqt, xarajat, harakat talab etadi. Ammo bundan keyin ham ayrim qonunchilikni yaxshi bilmaydigan yoki bilsa ham o‘z manfaati yo‘lida adashadigan fuqarolar topilmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!

Bunday holatlarning davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining beparvo bo‘lmasligi muhim ahamitga ega. Fuqarolar ham uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lganda, ongli ravishda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishdan o‘zlarini tiyishi lozim.

Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi.