Noqonuniy uy-joylar uchun mulk huquqi qanday olinadi?
2018 yil 21 iyunda mazkur farmon ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinib, belgilangan aksiya doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom turarjoylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan (ya’ni, o‘zboshimchalik bilan) qurilgan yakka tartibdagi uy-joyiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibini belgilaydi. Biroq qaror talablari ko‘p qavatli uylarga va ularga tutashib ketgan yer uchastkalariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturarjoylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Xo‘sh, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini olish tartibi qanday amalga oshiriladi?
Avvalo, jismoniy shaxs (uning qonuniy vakili) bu huquqni olish uchun imorat joylashgan hududdagi davlat xizmatlari markazi orqali tuman (shahar) hokimining nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga murojaat etuvchining pasporti nusxasi, oila a’zolari haqida hamda yer uchastkasiga egalik qilgan muddatlari va imorat qurilgan vaqt to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ma’lumotnomalari ilova qilinadi. Murojaat etuvchidan bundan boshqa ma’lumot va hujjatlarni taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi. Murojaat etuvchi arizani o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun davlat xizmatlari markazi tomonidan yig‘im undirilmaydi, aksiya doirasida to‘lanadigan bir martalik yig‘im bundan mustasno. Murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan yolg‘on ma’lumotlar yoxud unga ilova qilinadigan hujjatlarning to‘liq emasligi arizani qabul qilmaslik (rad etish) uchun asos hisoblanadi va arizani boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi. Ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchiga ariza olingani to‘g‘risida tilxat beradi yoki ro‘yxatdan o‘tkazgan raqamini ko‘rsatgan holda ariza nusxasida uning qabul qilingani to‘g‘risida tegishli yozuvni qayd etadi.
Murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan skanerlanadi va bir soat mobaynida tizim orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalarining tuman (shahar) filiallariga yuboriladi.
Shu tariqa komissiya ishchi organi ariza kelib tushgandan so‘ng 3 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining arizasida ko‘rsatilgan joyga chiqqan holda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni o‘rganib, uning texnik planini shakllantiradi. So‘ngra ushbu texnik planni komissiya a’zolariga ariza va unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga elektron hamkorlik tizimi orqali taqdim etadi.
Komissiya a’zolari esa kelib tushgan ariza bo‘yicha ishni 5 kun mobaynida joyida o‘rganib, o‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha o‘z xulosalarini komissiya ishchi organiga elektron tizim orqali yetkazadi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat magistral quvurlar, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, elektr quvvati uzatish va aloqa liniyalari qo‘riqlanadigan muhofaza zonalari, suv muhofazasi va sanitariya-himoya zonalarida, shuningdek, aerodrom hamda chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni ko‘mish joylari yaqinida joylashganda komissiya a’zolari tegishli rejimli hududlar va inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlardan qo‘shimcha ma’lumotlar (xulosalar)ni so‘rovnoma yuborish orqali olishlari shart. Bunda so‘rovnomaga javob u kelib tushgan kundan boshlab 3 kalendar kuni mobaynida taqdim etilishi shart.
O‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan holatlar mavjud bo‘lsa, ular komissiyaning umumiy yig‘ilishida uzil-kesil hal qilinadi. Bunda tuman (shahar) adliya bo‘limi boshlig‘ining normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llash bo‘yicha xulosasi hisobga olinadi. Fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolarni hal qilish komissiya vakolatiga kirmaydi, bunday nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Komissiya ishchi organi tomonidan 3 kalendar kuni mobaynida komissiya a’zolarining xulosalariga asosan ko‘chmas mulk ob’yektini o‘rganish bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Unda komissiya a’zolarining xulosalari aks ettiriladi hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin yoki mumkin emasligi, shu jumladan, imorat joylashgan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilishi mumkin yoki mumkin emasligi ko‘rsatiladi.
Murojaat etuvchining o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topilganda, u hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan to‘lov (eng kam ish haqining besh baravari miqdoridagi bir martalik yig‘im)ni amalga oshiradi.
Bir martalik yig‘im to‘langach, komissiya ishchi organi 2 kalendar kuni mobaynida komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma asosida murojaat etuvchining o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida tuman (shahar) hokimining qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimiga taqdim etadi. Murojaat etuvchi o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga mulk huquqini shu asosda qo‘lga kiritadi.
Po‘lat AHMEDOV,
Samarqand shahri adliya bo‘limi boshlig‘i.