Noshukur "jo‘ram"

– Ha, hozir qo‘lni qovushtirib o‘tiradigan zamon emasda, jo‘ra, – dedim.

– Meni zamon emas, bolalar kuy­dir­yapti, – dedi joni og‘riyotgan odamday aftini burishtirib, jo‘ram. – Kichkina bir do‘konim bor, shuni tebratib turibman. Azobi qursin. Soliqni "katta" qo‘yishgan. Bu tomonda bolalar kosani oqartirishmaydi. Qani endi bularning xakalak otgan nafsini jilovlab bo‘lsa.

– Shu ahvolingdan noliyapsanmi? Noshukur ekansanku?! – dedim ajablanib.

– Nolimay nima qilay, do‘stim. Yaqinda o‘g‘lim "Neksiya"sini "urib" oldi. Tuzatish uchun ozmuncha pul sarflamadim. Bu zumrasha nima dedi degin: "Remontdan chiqqan mashinani o‘zingiz mining, menga "Malibu" olib berasiz", deydi.

– Nima? "Malibu" olib bermoqchimisan, – dedim hayratlanib.

– Ha! Yuz marta aytdim, oldin uchast­kani bitirib olaylik, deb. Ikki qavatli, o‘ttiz ikki derazali imoratni bitkazishni o‘zi bo‘ladimi. Domda pastki qo‘shnimning kvartirasini ham sotib olganman. Ikki hovlini birlashtirishning o‘zi bo‘lmaydi, bungayam pul kerak. Yetmayapti-da. Qizimni ko‘rmaysanmi? "Kursdoshlarim "Spark" haydab kelayapti. Menga ham olib berasiz", deb xarxasha qilgani qilgan. Xotinim-chi? Bolalarni yo‘lga solish o‘rniga, o‘zi qiliq chiqarib turadi. Ko‘ziga yoqqan narsani oldirmaguncha qo‘ymaydi. Shu desang, qon bosimim tez-tez ko‘tariladigan bo‘lib qoldi.

Seniki ko‘tarilmay, meniki ko‘tarilsinmi, dedim ichimda.

Shunday boyvachcha odam... bekatda, avtobusga ko‘z tikib o‘tirsaya, sha’ma qildim, g‘ashim kelib.

– Taksi to‘xtatsam ham bo‘lardi-yu, cho‘ntak ko‘tarmaydi, jo‘ra. Ikkinchidan, taksiga minmaganim ham yaxshi bo‘ldi. Seni uchratdim, dardlashdim. Hozir "DAN" oldidan kelayapman. Haydovchilikka o‘qimoqchiman. U ham chiqim ekan. O‘g‘limga "Malibu" olib bersam, "Nek­siya" menga qoladiganga o‘xshaydi. Gapiraversam gap ko‘p. Jo‘rajon, seni uyga taklif qilsam bo‘lardi-yu, lekin u yerda "yevroremont" ketayapti. Bosh suqishga ham joy yo‘q. Gangib qolganman, jo‘rajonginam! Iye, xayriyat bizning avtobus ham kelib qoldi. Ko‘rishguncha, jo‘raginam!

...Jo‘ram tiqilinch avtobusga o‘zini urdi.

– Obbo, noshukr jo‘raginamey?!

Abduaziz HOShIMOV.