Notariat sohasi ham raqamlashtirilmoqda
Samarqandda Xalqaro notariuslar ittifoqi Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasining 14-yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ittifoqning Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi a’zolari hamda o‘ttizga yaqin davlat notariat tizimlaridan 300 nafar vakil ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Notarial palatasi raisi, Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi prezidenti Dilshod Ashurov komissiyaning bir yillik faoliyati hamda O‘zbekistonda keyingi yillarda notariat sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
2021 yil 3 dekabrda Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston Notarial palatasi qisqa vaqt ichida ittifoq hamda uning Osiyo ishlar bo‘yicha komissiyasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekiston notariati nafaqat xorijiy tajriba asosida takomillashmoqda, balki ko‘plab davlatlar uchun andoza olish mumkin bo‘lgan namunali tizim sifatida shakllandi. Shu bois Xalqaro notariuslar ittifoqining 2023 yilda 21 iyuldashi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov bir yil muddatga ittifoqning Osiyo ishlari komissiyasi prezidenti etib saylangandi.
Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lionel Galliyez Osiyo ishlari komissiyaning bir yillik faoliyatiga yuqori baho berdi hamda Samarqandda o‘tkazilayotgan mazkur anjumanning ahamiyatiga to‘xtaldi.
– Samarqand dunyo sivilizatsiyada muhim o‘rin tutadigan, Rim kabi qadimiy tarix, madaniyatga ega shahar, – dedi Lionel Galliyez. – Bu shaharda qog‘oz ishlab chiqarish rivojlangan va yaxshi bilamiz, notariat taraqqiyotida qog‘ozning o‘rni juda katta. Shu jihatdan notarius kasbining tarixan rivojlanishida Samarqand muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, bugun Osiyo juda katta va iqtisodiy taraqqiy etib borayotgan hududdir. Mintaqa davlatlarining taraqqiy etib borgani sayin notariat ham takomillashib, rivojlanib bormoqda.
Shundan so‘ng yig‘ilish “Notariat sohasini raqamlashtirishni takomillashtirishda xorijiy amaliyotlar” mavzusida o‘z ishini davom etirdi. Xorijiy davlatlar notarial idoralari mas’ullari o‘z mamlakatlarida bu borada amalga oshirilgan ishlar, kelgusidagi vazifalar haqida ma’ruza qildi, o‘zaro fikr, tajriba almashildi.
Xususan, Xitoy notarial assotsiatsiyasi bosh kotibi o‘rinbosari Chjan Kaifang masofaviy onlayn notarial tasdiqlashning rivojlanishi odamlar uchun juda foydali bo‘lishini qayd etish bilan birga axborot texnologiyalari orqali kelishi mumkin bo‘lgan xavfdan hushyor bo‘lish, masofaviy onlayn notarial tasdiqlash uchun mustahkam va sifatli tizim yaratish lozimligini ta’kidladi.
Koreya notariuslari assotsiatsiyasi prezidenti Jongsun Park esa video konferensaloqa orqali notarial xizmat ko‘rsatishning xususiyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
– 2024 yilda videokonferensaloqa orqali notarial xizmat ko‘rsatish takomillashdi, – dedi Jongsun Park. – Ammo elektron tizimda muammolar borligi ham haqiqat. Misol uchun, elektron hujjatlarni chop qilib bo‘lmaydi. Shuningdek, elektron hujjatlarning xavfsizligini ta’minlash ham dolzarb. Agar elektron hujjatlar faqat elektron tizimda bo‘lsa, uning tarixini ko‘rish, xotirada saqlash funksiyasini ham yaratish mumkin.
Qozog‘iston notarial palatasi raisi Asel Janabilovaning qayd etishicha, mamlakat aholisining ehtiyoji hisobga olinib, notariat sohasida onlayn hamda offlayn xizmat ko‘rsatilmoqda.
– Fuqarolar qog‘ozda hech qanday hujjat olishmaydi, hukumatimizning e-gov portalida notarial harakatlarni amalga oshirish mumkin – deydi A.Janabilova. – Albatta, hamma notarial harakatlarni ham onlayn amalga oshirilmaydi. Alohida notarial harakatlarga ruxsat berilgan. Buning uchun fuqaro ikki bosqichli verifikatsiyadan o‘tadi.
Xalqaro notariuslar ittifoqi prezidenti Lionel Galliyez ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, notarial tizimlarning raqamlashtirilishi hujjatlar maxfiyligi va murojaatchilarning shaxsiy ma’lumotlari saqlanishiga putur yetkazmasligi kerakligina ta’kidladi.
Yig‘ilishda Xalqaro notariuslar ittifoqining Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyasi a’zolari Mo‘g‘uliston notarial palatasi raisi Bayandjargal Chandrabaalni Osiyo ishlari bo‘yicha komissiyaning 2025 yil uchun prezidenti etib sayladilar.