Notariusga davlat bojini to‘lashdan kimlar ozod etilgan?

2020 yil 7 yanvardan kuchga kirgan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi bilan davlat bojini belgilash, undirish, uni qaytarish va to‘lashdan ozod qilish sohasidagi munosabatlar bitta qonun bilan tartibga solindi.

Unga ko‘ra, notarial harakatlar amalga oshirilganda davlat bojini to‘lashdan 17 ta holatda ozod etiladiganlar ro‘yxati berilgan.

Xususan, shaxslar - davlat pensiyalari va nafaqalarini olish uchun zarur bo‘lgan, shuningdek, vasiylik qilish va farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari to‘g‘riligini ularga tasdiqlab berganlik uchun davlat boji to‘lamaydi.

Mol-mulkini davlat foydasiga, shuningdek, yuridik shaxslar foydasiga hadya qilish to‘g‘risidagi vasiyatnomalari va shartnomalarini tasdiqlatgan shaxslar ham davlat bojidan ozod qilingan.

Shaxslarga quyidagilar uchun merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berganlik uchun ham davlat boji olinmaydi:

- Vatanni himoya qilish chog‘ida, boshqa davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganligi munosabati bilan yoxud inson hayotini qutqarish, davlat mulkini va huquq-tartibotni muhofaza qilish bo‘yicha fuqarolik burchini ado etish munosabati bilan halok bo‘lgan shaxslarning mol-mulki uchun;

- uy-joy (kvartira) uchun yoki uy-joy qurilish kooperatividagi pay uchun, agar ular meros qoldiruvchining vafot etish kunigacha birga yashagan, turar-joyda qayd etilgan bo‘lsa va meros qoldiruvchining vafotidan keyin ham shu uy-joyda (kvartirada) yashayotgan bo‘lsa;

- banklardagi omonatlar, shaxsiy va mulkiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta summalari, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqi summalari uchun;

- ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ixtiro, seleksiya yutug‘i, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasi muallifining mulkiy huquqlari, shuningdek, ijrochining ijroga doir mulkiy huquqlari uchun;

- ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ixtiro, seleksiya yutug‘i, foydali model, sanoat namunasi, integral mikrosxemalar topologiyasini yaratish va ulardan foydalanish, shuningdek, ijrolarni yaratish hamda ulardan foydalanish haqi summalari uchun;

Pensiyalar va nafaqalar olish uchun ishonchnomani tasdiqlatgan shaxslar hamda ko‘p bolalik uchun ularga orden va medallar berilganligi haqidagi ishlar bo‘yicha hujjatlar ko‘chirma nusxalarining to‘g‘riligini tasdiqlab berganlik uchun onalar davlat boji to‘lamaydi.

Feruz KARIMOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi.