Noyabrdan Umra ziyoratiga ruxsat berilmoqda, talablar yuzasidan xabarnoma berildi
So‘nggi yillarda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish, ziyoratchilarga qulay shart-sharoit va yengilliklar yaratish borasidagi ishlar, shubhasiz, yangi bosqichga ko‘tarildi. Buni tashkiliy ishlar hamda Makka va Madina shaharlarida yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan yangilik va qulayliklar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Mazkur safarlarni tashkil etish dunyoda kechayotgan murakkab epidemiologik vaziyat, qolaversa, Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bog‘liq jiddiy holatdan kelib chiqib, vaqtinchalik to‘xtatilgan edi. Shundan buyon “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bog‘liq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.
Avval xabar berib o‘tganimizdek, Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi o‘zining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Umra ziyorati to‘rt bosqichda, Saudiya Arabistoni podshohligi sog‘liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etilishi bayon etilgan. Bugunga qadar Umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning 4 oktyabrdan birinchi va 18 oktyabrdan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo‘lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro‘yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul-Harom hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Haj va Umra vazirligining bayonotida joriy yil 1 noyabridan e’tiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni podshohligi sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida ta’kidlangan.
Shu o‘rinda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida joriy yilning 1 noyabr kunidan e’tiboran, xorijiy ziyoratchilarga Umra qilishi uchun ruxsat berilmoqda mazmunida tarqalgan xabarga oydinlik kiritib o‘tish lozim. 1 noyabr kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va Umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qo‘yilgan.
Jumladan, unda Umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo‘lishi (Saudiya Arabistoni podshohligi sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga ko‘ra), koronavirusdan xoli ekanini isbotlovchi manfiy natijali PSR analizni taqdim etishi, ushbu analiz 72 soat ichida olingan bo‘lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, "Umra qildik" programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro‘yxatdan o‘tib, o‘z onlayn tartibiga ko‘ra, Umra ibodatini ado etish, Masjidul-Haromda namoz o‘qish, Masjidun-Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz o‘qish bilan bog‘liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga yetib kelgandan so‘ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo‘lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.
Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo‘yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati alohida e’lon qilinishi qayd qilingan.
O‘z navbatida, «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo‘yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.
Shuningdek, ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizning to‘liq tibbiy xavfsizligini ta’minlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Umra safari bilan bog‘liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi, deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarnomasida.